Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida 18-aprel kuni Frans Kafkaning "Qalʼa" romani taqdimoti boʻlib oʻtdi

    Asarni taniqli shoir va tarjimon Vafo Fayzulloh oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

    Hakimjon Yoʻldoshev olgan suratlar

    Axborot va kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi hamda «Muharrir» nashriyoti tomonidan tashkil etilgan taqdimotda davrimizning bir necha soʻz sinchilariyu fidoyi ijodkorlar ishtirok etdi.

    Xususan, shoir va tarjimon Aziz Said, adabiyotshunos olim Qozoqboy Yoʻldoshev, Suvon Meli, yozuvchi Nazar Eshonqul, noshir Abdugʻafur Iskandar shoira Nodira Afoqova, Goʻzal Begim soʻzga chiqib, asarning badiiyati, tarjima mahorati, oʻziga xos xususiyatlari haqida fikr bildirdilar.

    Chexiya hududida tugʻilgan (1881 — 1924), olmon zabonli ulugʻ yozuvchi Frans Kafkaning favqulodda asarlari tirikligida oltidan biri ham nashr etilmagan, uni koʻpchilik bilmas edi. Biroq hozir uning asarlari dunyoda eng koʻp oʻqiladigan, nasr taraqqiyotiga esa keskin taʼsir qilgan ijod namunalaridan hisoblanadi. Bizning tilimizga esa Kafkaning ayrim novellalari oʻtgan asrning 80-yillari oʻrtalaridan tarjima qilina boshlangan. Uning shov-shuvli asari «Jarayon» romani asrimiz boshiga kelibgina shoirimiz Vafo Fayzulloh tomonidan tarjima qilingan va hozirgacha qayta-qayta nashr etib kelinadi.

    Uning «Qalʼa» romanining ( Vafo Fayzulloh tarjimasida) oʻz tilimizda mutolaa qilish imkoni tugʻildi. Asar «Muharrir» nashriyotida 3000 nusxada nashr etildi.

    Tadbirda soʻz olganlar asarning murakkab tuzilishi, tarjima mahorati hamda bugungi kundagi ahamiyati haqida fikr bildirdilar. Xususan, adabiyotshunos Qozoqboy Yoʻldoshev ham bu asar tarjimasiga bir necha bor qoʻl urib koʻrgani va oʻziga xos pafosi, tuzilmasini bor boʻyicha oʻgirishga qiynalib, davom ettirmay yurganini bildirdi.