Oʻzbek xalqining buyuk mutafakkiri, gʻazal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy tavalludining 582-yilligi Yangi Oʻzbekistonimizda keng nishonlanmoqda. Shoir ijodiga bagʻishlangan ana shunday tadbirlardan biri “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida ham oʻtkazildi.
Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadov turkiy adabiyot iftixori boʻlgan Alisher Navoiy ijodining oʻziga xos xususiyatlari, xususan, inson va uning oʻzi yashab turgan makondagi oʻrni, odam va olam, yaxshilik, ahillik singari oʻlmas gʻoyalarini tarannum etishdagi mahorati va isteʼdodi xususida soʻzlab berdi.
Alisher Navoiyning lugʻat boyligi 26 mingdan ortiq soʻzni tashkil etadi. Qiyoslash uchun rus shoiri A.Pushkin ijodini 21 ming soʻz tashkil qilar ekan. Ulkan soʻz boyligiga ega boʻlgan buyuk mutafakkirning sheʼr va gʻazallari, poemalari mana, olti asrga yaqin vaqt mobaynida xalqimiz tomonidan tarannum etib kelinmoqda. Navoiy asarlari dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingan.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil dekabrdagi yigʻilish Bayonnomasiga asosan mamlakatimizdagi koʻzi ojiz insonlar uchun turli mavzu va janrdagi adabiy-badiiy, maʼnaviy-maʼrifiy, tarixiy asarlarni brayl yozuvida ham nashrga tayyorlash va chop etish “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyiga yuklatilgan.
Buyuk bobokalonimizning 582-yillik tavalludi kuni arafasida brayl alifbosida ilk bor “Navoiy gʻazallari” kitobi chop etildi. Bu, oʻz navbatida, Alisher Navoiy ijodi muxlislarining sonini koʻpayishiga, Navoiy bobomizning asarlarini bevosita oʻqib, olam-olam zavq-shavq olishga imkon yaratdi.
Bu yoʻnalishdagi ishlar, yaʼni, turli davrlarda ijod qilgan va xalqimiz mehr-muhabbatiga sazovor boʻlgan shoir va adiblarning eng sara asarlarini brayl yozuvida oʻqiydigan oʻquvchilar ommasiga munosib sovgʻa boʻlishiga shubha yoʻq.