O'zbekiston Prezidenti bilan AQShda uchrashgan surxondaryolik yigit taassurotlari bilan o'rtoqlashdi

    Prezidentimiz AQShga tashrifi doirasida shu erda yashayotgan va ishlayotgan bir guruh vatandoshlarimiz hamda “El-yurt umidi” jamg'armasi ko'magida etakchi oliy ta'lim dargohlarida tahsil olayotgan yoshlar bilan uchrashdi.

    Yoshi mendan katta tanishlarim, aka-opalarim bilan suhbatlardan xulosa chiqaramanki, biz bilim olish, iqtidorimizni namoyon qilish, salohiyatimizni ko'rsatish uchun katta imkon berilgan, sharoit yaratilgan bir davrda yashayapmiz. Buning isbotini, mana, o'z hayotimda ko'rib, sezib turibman. Bundan 15 yoki 20 yil ilgari ko'cha changitib yurgan, orzu-umidlari Surxon kengliklaridek bepoyon va muhtasham bir bolakayning vaqti kelib, AQShda tahsil olishini, ummon ortida O'zbekiston Prezidenti bilan uchrashishini kim o'ylabdi deysiz?!

    Dunyoda ikki kasb — tibbiyot va huquq insonlar hayotini hal qilish bilan bog'liq. Shu soha orqali men elu yurtimga, mamlakatimga qaysidir ma'noda ijobiy o'zgarish olib kirishni orzu qilardim. Xalqimizning huquqiy masala va muammolarini adolatli hal qilish, shu orqali jamiyatga nafim tegishini o'ylaganman. Hozir ham shunday. Ana shu qiziqish tufayli 2016 yili Toshkent davlat yuridik universiteti yurisprudentsiya fakul`tetiga hujjat topshirdim. Nega bu yo'nalishga? Aynan huquq jamiyatda, umuman, har qanday davlatda odamlar hayotiga ijobiy o'zgarishlar olib kirishga qodir yo'nalishlardan biri.

    Maqsadlarimni amalga oshirish uchun ko'p o'qishim, xalqaro tajribalar bilan tanishishim zarur edi. Shu yo'lda “el-yurt umidi” jamg'armasi menga eng ishonchli ko'prik bo'ldi. Bu ko'prik orqali ummon ortiga yo'l soldim. 2022-2023 yillarda jamg'arma stipendiyasini olish uchun tanlovlarda ishtirok etib, stipendiatlar safidan joy oldim. Ayni paytda AQShdagi Boston universiteti xalqaro huquq fakul`teti magistratura bosqichida tahsil olyapman. Universitetimiz kuchli o'ttiztalikka kirgan, xalqaro huquq bo'yicha dunyoning eng etakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri.

    To'g'ri, bu erda tahsil olish mashaqqatli. Professor-o'qituvchilar bilimli. Biror savolingiz ochiq qolmaydi. Shu erni tanlaganimdan afsuslanmayman. Bir kunda 10-12 soat o'qishga to'g'ri keladi. Darslarda, asosan, bugungi global masalalar, echimini kutayotgan keyslarni tahlil qilamiz, javob izlaymiz. Huquq nimaga muhtojligini, huquqiy nizolarni hal etish bo'yicha bahslar, tortishuvlar bo'ladi. Talabalar huquqni shunday o'rganadi. YAna bir muhim ma'lumot: xalqaro savdo huquqi bo'yicha dunyodagi eng kuchli uchlik ham mazkur universitetdan etishib chiqqan.

    Ilgari Prezidentimiz bilan uchrashgan, hamsuhbat bo'lgan yurtdoshlarimizga, ayniqsa, yoshlarga juda havasim kelardi. Ne baxtki, men ham bugun ular qatoridaman. Davlatimiz rahbarining AQShga kelishini intiqlik bilan kutdik. Chunki ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik biz uchun juda muhim. Prezidentimizning AQShdagi vatandoshlar va biz bilan uchrashishini aytishganida, rosti, juda quvonib ketdim. Taassurotlarim, tasavvurlarim katta bo'ldi. Uchrashuv men kutgandan-da a'lo o'tdi. Davlatimiz rahbariga elkadoshmiz, degan mas'uliyat hamisha bizni o'z ustimizda ishlashga, o'qishga, harakat qilishga rag'batlantiradi.

    Prezidentimiz davlat boshqaruvida ham bizga ko'proq suyanishini aytdi. Ayniqsa, xorijda tahsil olayotgan, malaka va mahoratini oshirayotgan yoshlarga ishonchi balandligini ta'kidladi.

    Uchrashuv davomida o'zimni har kungidan-da mas'uliyatli his qildim. Davlatimiz rahbari bilan zalning chor atrofida sodda va samimiy xalqimiz turgandek edi. Ular bizni kutyapti, bilimimizdan, tajribamizdan umidi katta. Uchrashuvda qayd etilganidek, bu yo'l mashaqqatli, qiyinchilik bor, biroq mamlakatimiz kelajagi bizga muntazir. Shu bilan birga, o'z ustimizda ishlashimiz kerakligi, har bir stipendiat tahsil olayotgan yo'nalishi bo'yicha asosiy etakchi kadrga aylanishi lozimligi, shu orqali tengdoshlarimiz, bizdan keyingi avlodga bilim, ko'nikma va tajribalarni qoldirishimiz kerakligi ta'kidlandi.

    O'zbekiston yaqin kelajakda Jahon savdo tashkilotiga qo'shilishi kutilmoqda. Demak, xalqaro savdo huquqi mutaxassislariga talab oshadi. Men tahsil olayotgan yo'nalish O'zbekiston manfaatlariga mos keladi va kelajakda yurtimizga nafim tegishiga intilaman. Quvonarlisi, ona yurtimizga qaytsak, biz uchun yana sharoitlar yaratilishi aytildi. Bunday samimiy uchrashuvdan, suhbatdan ruhlanmay bo'ladimi?!

    Bundan so'ng ham jahon tajribasini astoydil o'rganishda davom etamiz, solishtiramiz va mamlakatimizga o'z xulosalarimiz — tajriba va mahorat bilan qaytamiz.

    Yo'lchi BO'RIEV,

    Boston universiteti magistranti