Unda hududlarda boʼlib oʼtayotgan saylov jarayonlarining xavfsiz oʼtishi, qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida tashkil qilingan saylov uchastkalari haqida maʼlumot berildi.
Qayd etish lozimki, joriy yilda qonunchilikka kiritilgan oʼzgarishlarga asosan, avvalgi saylovlardan farqli ravishda, jazoni ijro etish muassasalarida ilk bor ogʼir va oʼta ogʼir jinoyatlarni sodir etgani uchun jazo muddatini oʼtayotgan mahkumlar ham bu yilgi saylovda ishtirok etmoqda.
Vazir oʼrinbosariga koʼra, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan 33 753 nafar shaxs saylovda ovoz berish huquqiga ega. Ularning mazkur qonuniy huquqini taʼminlash uchun Markaziy saylov komissiyasi bilan kelishilgan holda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida jami 48 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Har bir mahkumning saylovda ishtirok etish huquqi toʼliq taʼminlangan.
Shuningdek, saylovoldi kampaniyasi paytida qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar bilan nomzodlarning ishonchli vakillari jami 272 ta tadbirlar tashkil qilingan.