Oʻzbekiston qonunchiligida sunʼiy intellekt ishtirokidagi munosabatlar mustahkamlanmoqda

    Qonunchilik palatasida axborotlashtirish sohasiga oid bir qator huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

    Qonun loyihasi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasiga aʼzo bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan.

    Loyihada “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga quyidagilarni mazmundagi normalarni kiritish nazarda tutilmoqda:

    • “Sunʼiy intellekt” tushunchasining huquqiy taʼrifi ilk bor qonunchilik darajasida aniq belgilanmoqda;
    • Davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari: sunʼiy intellektni rivojlantirish, investitsiya jalb qilish, kadrlar tayyorlash va sohada huquqiy kafolatlar yaratish;
    • Axborot resurslariga nisbatan etik va huquqiy talablar – inson huquqlari va shaʼnini hurmat qilish, qaror qabul qilishda faqat sunʼiy intellekt xulosalariga tayanmaslik;
    • Maʼmuriy javobgarlik normasi: shaxsga doir maʼlumotlarga sunʼiy intellekt orqali noqonuniy ishlov berish va tarqatish uchun javobgarlik mexanizmi joriy etilmoqda;
    • Axborot resurslariga majburiy markirovka – sunʼiy intellekt orqali yaratilgan maʼlumotlar maxsus belgilar bilan ajratib koʻrsatilishi lozim.

    Nega bu muhim? Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi Spikeri oʻrinbosari Rahimjon Hakimovning qonun loyihasi mamlakatimizda sunʼiy intellekt texnologiyalariga oid munosabatlarni huquqiy asosda tartibga solishga qaratilgan ilk qadam sifatida ahamiyat kasb etadi.

    Bugungi kunda sunʼiy intellekt nafaqat texnologiya, balki huquq, etika, xavfsizlik va davlat suverenitetiga oid murakkab masalalarni ham taqozo etmoqda. Internetda tarqatilayotgan sunʼiy ravishda yaratilgan, soxta ovoz va tasvirlarga asoslangan kontentlar shaxs shaʼni, obroʻsi va huquqlari uchun jiddiy tahdid solmoqda.

    Qonun loyihasi ushbu tahdidlarga nisbatan huquqiy yechimlar taklif etadi, jumladan: sunʼiy intellekt yordamida tarqatilgan axborotning haqiqiy manbasini ajratish, uni insonning huquqlariga qarshi qoʻllashga yoʻl qoʻymaslik va bunday harakatlar uchun javobgarlikni belgilash.