O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori mamlakatimiz aholisiga murojaat bilan chiqdi

    Dolzarb 8 Sentabr 2023 23197

    Muhtaram otaxon va onaxonlar! Aziz opa-singillar! Qadrli yoshlar! Hurmatli yurtdoshlar!

    Sizlarga yaxshi ma'lumki, bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida inson qadrini ulug'lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro'yobga chiqarish, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini ta'minlash, turmush farovonligini oshirish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sud-huquq tizimidagi tub o'zgarish va islohotlar natijasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquq-tartibotni mustahkamlash, jamoat xavfsizligini ta'minlash nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki barcha vazirlik va idoralar, hokimliklar va keng jamoatchilikning umumiy ishi, muhim vazifasiga aylandi.

    Huquq-tartibot idoralari barcha zarur kuch va vositalar bilan etarli darajada ta'minlanib, vakolatlari kengaytirildi, samarali ishlashi uchun ularga barcha sharoitlar yaratib berildi.

    Xabaringiz bor, 2021 yildan boshlab yurtimizda huquqbuzarliklarning oldini olish bo'yicha “mahallabay ishlash” tizimi tatbiq etilgan edi. Unga ko'ra, har bir mahallaga alohida yondashgan holda, manzilli ish olib borish amaliyoti yo'lga qo'yildi. Joriy yildan esa “mahalla beshligi” – “mahalla ettiligi”ga aylantirilib, uning faoliyatiga aholining ijtimoiy muammolarini aniqlash va hal etishga qaratilgan “jinoyatlarning ijtimoiy profilaktikasini amalga oshirishga” tayanadigan yangicha ishlash tizimi joriy qilindi.

    Eng asosiysi, sodir etilayotgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari bevosita aholi ishtirokida joylarda muhokama qilinadigan, jamoat xavfsizligi uchun mas'ullar bevosita mahallaning o'zida hisobot beradigan bo'ldi.

    Shu yilning o'tgan davrida prokuratura organlari tomonidan yurtimizning barcha hududlarida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'yicha faoliyatni samarali tashkil etish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muvofiqlashtiruvchi yig'ilishlari o'tkazilib, mazkur yo'nalishda har bir hududdagi kriminogen vaziyatdan kelib chiqqan holda manzilli chora-tadbirlar belgilandi.

    Jinoyatchilikka qarshi kurash holatini o'rganish bo'yicha 4,5 mingga yaqin tekshirishlar o'tkazilib, prokuror nazorati bilan bog'liq 6,5 mingdan ortiq hujjatlar qo'llanildi.

    Amalga oshirilgan choralar hamda keng jamoatchilik bilan uzviy hamkorlikda olib borilgan tizimli profilaktik tadbirlar natijasida o'tgan davrda 4 mingdan ziyod mahallada jinoyat sodir etilishiga yo'l qo'yilmadi.

    Albatta, faoliyatimizdagi bunday yutuqlar o'zimizniki. Ayni paytda huquqbuzarliklarni jilovlash borasida oldimizda hal etilishi lozim bo'lgan muammoli holatlar ko'p ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz.

    Hayotimizning barcha sohalarida inson qadri ulug'lanayotgan hozirgi tarixiy sharoitda butun yurtimizda o'zaro hurmat va hamjihatlik muhitini asrash, adolat va qonun ustuvorligini ta'minlash borasida prokuratura organlari xodimlarining zimmasidagi mas'uliyatli vazifalar yanada ortib borayotganini biz – tizim xodimlari chuqur his etmoqdamiz.

    Shu o'rinda davlatimiz rahbarining aytgan fikrlariga muvofiq faoliyatimizda mavjud muammolarga echim topish, aholi uchun xavfsiz sharoitlarni yaratish borasidagi ishlarni jadallashtirish bugungi kunda muhim ahamiyatga ega. Bu borada Prezidentimiz bergan ko'rsatmalardan kelib chiqib, qonun ustuvorligini ta'minlash maqsadida prokuratura organlari tomonidan boshqa idoralar bilan hamkorlikda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilab olindi.

    Eng avvalo, huquqbuzarliklarning oldini olishga doir normativ-huquqiy hujjatlar, “yo'l xaritalari” va dasturlarda belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi ustidan qat'iy tizimli nazorat amalga oshiriladi.

    Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan Jamoat xavfsizligi kontseptsiyasida belgilangan maqsad va vazifalarni mamlakatimizdagi har bir viloyat, shahar, tuman, qishloq va mahallani “jinoyatdan xoli hududga aylantirish” g'oyasi asosida to'liq amalga oshirish bo'yicha bor kuch va imkoniyatlarimizni yo'naltiramiz. Bunda sodir etiladigan huquqbuzarliklarning sabab va omillari yuzasidan tizimli va ilmiy tahlillar o'tkazish yo'lga qo'yiladi, ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, izchil amalga oshiriladi.

    Ikkinchidan, tahlillarga ko'ra, joriy yilning o'tgan davrida oldini olish mumkin bo'lgan jinoyatlarning 45 foizdan ortig'i bevosita mahallalarda sodir etilgan.

    Ayni paytda mamlakatimiz bo'yicha 1,7 mingga yaqin mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilash – kechiktirib bo'lmaydigan vazifamizdir. SHu bois, har bir hududda mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar etakchisi, xotin-qizlar faoli, soliq inspektori va ijtimoiy xodimdan iborat bo'lgan “mahalla ettiligi”ning faoliyat samaradorligini oshirish choralarini ko'ramiz. Ayniqsa, ularning jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi bilim, ko'nikma va mahorati hamda eng asosiysi, faoliyat samarasini oshirishga alohida e'tibor qaratiladi.

    Shu maqsadda boshqa oliy ta'lim muassasalari bilan birgalikda Bosh prokuraturaning Huquqni muhofaza qilish akademiyasining malakali xodimlari va professor-o'qituvchilarini keng jalb etgan holda sayyor malaka oshirish yig'inlari tashkil etiladi, “mahalla ettiligi”ning aholi orasida osoyishtalikni manzilli ta'minlashga qaratilgan faoliyatiga har tomonlama metodik ko'mak beriladi.

    Hozirgi vaqtda og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar nisbatan ko'proq sodir etilgan 716 mahallaga Bosh prokuratura va viloyat prokuraturalarining rahbar xodimlari biriktirilib, vaziyatni o'nglash bo'yicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Albatta, yil yakuniga qadar mahallalarda tinchlikni ta'minlash borasidagi barcha ishlar muvofiqlashtirib boriladi va kriminogen vaziyatni yaxshilashga erishiladi.

    Uchinchidan, yoshlar tarbiyasida oilaning, ota-onalarning mas'uliyatini oshirishga alohida e'tibor qaratiladi. Bunda ta'lim muassasalarida, mahallalarda ota-onalar va yoshlar ishtirokida manzilli profilaktik tadbirlar o'tkaziladi.

    Maktabni nafaqat ta'lim, ayni vaqtda bolalarimiz ongiga odob-axloq, tartib-intizom va qonun-qoida asoslarini singdiradigan dargohga aylantira olsak, yosh avlodimizda jinoyatchilikka qarshi immunitet o'quvchilik davridan boshlab shakllanadi.

    Jinoyatga bilib-bilmay qo'l urgan voyaga etmaganlarning aksariyati maktab o'quvchilari ekani barchamizni tashvishlantirishi, hushyorlikka chorlashi va beparvolik kayfiyatidan chiqishga undashi lozim. Aks holda, o'smir yoshlar o'rtasidagi jinoyatlarni jilovlash murakkablashadi. Bolalar – kelajagimiz. Ularning noto'g'ri yo'llarga kirib ketishiga jim qarab turish – bu kelajagimizga nisbatan xiyonatdir!

    Shu nuqtai nazardan, kelgusida ta'lim muassasalarida o'quvchilarning darsga to'liq qatnashi ta'minlanishi, sababsiz dars qoldiruvchilar va ularning ota-onalari bilan manzilli profilaktik tadbirlar o'tkazilishi qat'iy nazoratga olinadi. Ta'lim-tarbiya jarayoni sifatini oshirishga, o'quvchilarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazishga doir tadbirlar yanada jadallashtiriladi.

    “Jinoyat qilib, kelajagingni barbod etma!” shiori ostida o'smir yoshlar bilan ishlash bo'yicha alohida tizim yaratiladi.

    Bu borada biz katta hayot tajribasiga ega bo'lgan hurmatli nuroniylarimiz, oqila opa-singillarimiz, azmu shijoatli yoshlarimiz, mahalla faollariga tayanamiz.

    To'rtinchidan, muayyan tarmoq va sohalarga mas'ul bo'lgan idora va tashkilotlar rahbarlari o'z tizimida jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatida bevosita ishtirok etishi g'oyat muhim hisoblanadi. Ularning ishtiroki jinoyatlarning sabab va omillarini bartaraf etish imkoniyatlarini yanada kengaytirib, o'z sohasida jinoyatchilikni kamaytirish, uni “korruptsiyasiz sohaga” aylantirishni jadallashtiradi.

    Shu bois, idora va tashkilotlar rahbarlari tomonidan o'z faoliyat yo'nalishida sodir etilayotgan jinoyatlarni chuqur o'rganib, ularga chek qo'yish masalalari ham respublika darajasida, ham joyiga chiqqan holda muhokama qilinishi maqsadga muvofiq, deb o'ylaymiz. Bu jarayonlar ustidan qat'iy nazorat o'rnatilib, sodir etilayotgan jinoyatlar, ayniqsa, korruptsiya holatlariga barham berish bo'yicha kompleks tahliliy va amaliy ishlar tizimli ravishda olib boriladi.

    Beshinchidan, bugungi shiddatli axborot zamonida jinoyatchilikning yangi turlari, jumladan, kiberjinoyatchilik ko'paymoqda. So'nggi uch yilda bunday jinoyatlar qariyb 25 barobar oshgan, fuqarolarning katta miqdordagi pullari onlayn tarzda o'g'irlangan.

    Bunday jinoyatlarning oldini olish uchun profilaktik chora-tadbirlar bilan bir qatorda ularni fosh etish bo'yicha qator tashkiliy-texnik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Huquqni muhofaza qilish akademiyasida aynan shu yo'nalishda o'qitiladigan hamda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan maxsus kafedra, ilmiy-uslubiy markaz va o'quv laboratoriyasi tashkil etildi. Qisqa muddatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ko'plab xodimlari o'qitildi.

    Kelgusida bunday tadbirlarni yanada kuchaytirib, normativ-huquqiy hujjatlardagi bo'shliqlarni bartaraf etish, fuqarolarimizni kiber tahdidlardan himoya qilish, mazkur sohaga zamonaviy dasturiy-texnik echimlarni va yangicha ish usullarini joriy etish bo'yicha kompleks choralar ko'riladi.

    Oltinchidan, jinoyatchilikka qarshi kurashish samarasi jinoyat uchun jazo muqarrarligiga bevosita bog'liq. Shu bois, turli yashirin jinoiy faoliyatlarni fosh etish hamda jabrlangan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish choralarini qo'llash jarayoni jadallashtiriladi. Bunda barcha sa'y-harakatlarimiz yangi samarali mexanizmlarni tatbiq etishga qaratiladi.

    Ayniqsa, nazorati bevosita prokuratura organlariga yuklatilgan er hamda energiya resurslarini talon-toroj etish, mansabni suiiste'mol qilish va korruptsiya bilan bog'liq jinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda fosh qilishga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettiriladi.

    Shu bilan birga, iqtisodiy jinoyatlarga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, byudjet mablag'larini talon-toroj qilish holatlariga qarshi kurashish, “xufyona iqtisodiyot”ni shakllantirishning turli sxema va kanallarini aniqlash borasidagi ishlar jadallashtirilib, mamlakatimizning iqtisodiy rivojiga to'sqinlik qiluvchi holatlarni bartaraf etish ta'minlanadi.

    Ettinchidan, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov faoliyati ustidan qat'iy nazorat o'rnatish yo'li bilan inson huquq va erkinliklari daxlsizligini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratiladi. Bu borada fuqarolarning shaxsiy va oilaviy siri, turar joy va mol-mulki daxlsizligini ta'minlashning barcha choralari ko'riladi.

    Bu jarayonda inson huquq va erkinliklariga so'zsiz rioya qiladigan, yuksak ma'naviy, psixologik sifatlarga, tahliliy fikrlash qobiliyati hamda yuqori kasb ko'nikmalariga ega bo'lgan tergovchilar korpusini shakllantirish diqqatimiz markazida bo'ladi.

    Sakkizinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlashga doir faoliyati muvofiqlashtirib boriladi. Aholimizning xavfsizligini ta'minlash borasidagi faoliyatda yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan prokuror nazorati kuchaytirilib, ular bartaraf etiladi.

    Shu maqsadda prokurorlar rahbarligidagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning muvofiqlashtiruvchi kengashlari faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratiladi. SHu asosda fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularda huquqbuzarliklarga murosasizlik hissini shakllantirish, yurtdoshlarimizning huquq va qonuniy manfaatlariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash bo'yicha targ'ibot ishlari jadallashtiriladi.

    Muhtaram yurtdoshlar!

    Albatta, mamlakatimizda kriminogen vaziyat barqarorligini ta'minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda biz – prokuratura sohasi xodimlari avvalo sizlar bilan bevosita hamkorlikda ish olib boramiz.

    Agarda har bir fuqaro Prezidentimiz aytganidek, “Mening mahallamda jinoyat sodir bo'lmasligi kerak”, degan tuyg'u bilan yashasa, mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishga o'z hissasini qo'shsa, ko'zlangan maqsadga albatta erishamiz.

    Shu munosabat bilan bu boradagi faoliyatimizda xalqimizdan bizga har tomonlama tayanch va suyanch bo'lishini so'rab qolamiz. Qonunbuzarliklarga qarshi barchamiz birgalikda kurash olib borsak, mahallalarimiz yanada tinch va obod bo'ladi.

    Fuqarolarimizdan o'z taqdiriga, hayoti va sog'lig'iga beparvo bo'lmaslikni, turli firibgarlarning nayrangiga uchmasdan, o'z mulkini asrash choralarini ko'rishini so'rab qolamiz.

    Qonunlarda belgilangan tartib-qoidalarga qat'iy rioya etish, o'zgalar huquqi, mol-mulkiga daxl qilmaslik ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz zarur.

    Prokuratura organlari, tizimdagi har bir xodim esa zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajarib, inson, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini ta'minlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlashning barcha choralarini ko'radi.

    Hurmatli yurtdoshlar, mamlakatimizda qonunni hurmat qilish va uning ustuvorligini ta'minlash muhitini birgalikda yarataylik!

    Nig'matilla YO'LDOSHEV,

    O'zbekiston Respublikasi

    Bosh prokurori