Maktabgacha taʼlim tashkilotlariga investitsiya qilingan bir dollar davlatga 15-20 yil ichida 8 dollar bilvosita foyda keltirishi taxmin qilinmoqda. Besh yil, boring ana, oʻn yil oʻtar, sarflangan mablagʻ izsiz ketmaganining guvohi boʻlamiz. Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur kabi davlatlar tajribasi ham taʼlim va tarbiyaga sarflangan moliya oʻzini toʻliq oqlashini butun dunyoga namoyon qildi.
Shu bois, keyingi yillarda Oʻzbekistonda taʼlim sohasi rivojiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Murojaatnomasining muhim yoʻnalishlaridan biri ham taʼlim siyosati haqida boʻldi. Maktabgacha taʼlim, oʻrta maxsus va oliy, umuman, taʼlim masalalari har doimgidek alohida eʼtiborda. Zero, taʼlimga yoʻnaltirilgan sarmoya kelajakka yoʻnaltirilgan sarmoya demakdir.
Ana shu jihatlardan kelib chiqib, taʼlimga ajratilayotgan mablagʻ hajmi yil sayin ortib bormoqda. Jumladan, 2021-yilda davlat dasturlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, xususan, uzluksiz taʼlim tizimi va fanni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish maqsadida davlat byudjetidan taʼlim sohasiga 2 trillion 197 milliard soʻm, fanga esa 168 milliard soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan edi.
Bu koʻrsatkich 2021-yilda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi boʻyicha 2,9 trillion soʻmni, Xalq taʼlimi vazirligi boʻyicha 22,1 trillion soʻmni tashkil etgan. 2021-yilda maktablarni internet tarmogʻiga ulash uchun 98 milliard soʻm ajratilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 100 milliard soʻm oshib, 198 milliard soʻmga yetkazilishi koʻzda tutilmoqda.
Oʻzbekistonning xalqaro taʼlim reytinglaridagi pozitsiyasi yaxshilanyapti, tizimdagi islohotlar xalqaro ekspertlar tomonidan ijobiy baholanmoqda. Jahon bankining umumiy oʻrta taʼlimni baholash natijalariga koʻra, 174 mamlakat ichida 474 ball bilan 57-oʻrinni egallagan mamlakatimizda taʼlim sifati takomillashib, tizimni baholash va baholashni boshqarish salohiyati xalqaro standart talablari darajasida amalga oshirilmoqda.
Taʼlim sohasidagi islohotlar mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning uzviy va hal qiluvchi yoʻnalishlaridan biridir. Yurtimizning ertangi rivoji yoʻlida qanday chuqur oʻylangan dasturlar tuzilmasin, bu rejalarni bajarish uchun qanday moddiy baza va imkoniyatlar yaratilmasin, qanday koʻp sarmoya safarbar etilmasin, ularning barchasini amalga oshiradigan, roʻyobga chiqaradigan kuch yuqori malakali mutaxassislardir.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, yuksak iqtisodiy taraqqiyotga erishish va aholi farovonligini taʼminlash kabi pirovard maqsadlarga taʼlim sohasini tubdan zamonaviy asosda qayta qurmasdan turib erishib boʻlmaydi. Mamlakat uchun taʼlim tizimi qay holatda ekani va kelajakda qanday kadrlar tayyorlanishi muhim ahamiyatga ega. Hozir taʼlim sohasiga yoʻnaltirilayotgan xarajatlarning koʻp qismi davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Yurtimiz iqtisodiyotining taraqqiy etishi, shunga mos ravishda aholi daromadlari va taʼlim tizimining hayotimizdagi oʻrni oshib borishi evaziga davr talablariga javob bera oladigan nodavlat taʼlim muassasalari safi ham kengaymoqda. Bu, oʻz navbatida, bevosita raqobatning kuchayishiga, bilimli yoshlar, malakali kadrlarni tayyorlash, davlatning taʼlimga ajratayotgan mablagʻlari tejalishiga xizmat qiladi.
Hozirgi kunda taʼlim sohasining dolzarb masalalaridan biri nodavlat, xususiy taʼlim tizimini rivojlantirishdir. Faqat byudjet taʼminoti asosida taʼlim tizimini rivojlantirish juda murakkab masala. Barcha rivojlangan mamlakatlar tajribasi ham taʼlimda davlat va xususiy sheriklik tizimi oʻzini oqlab kelayotganini koʻrsatadi. Xususiy taʼlim tizimini rivojlantirish uchun turli imtiyozlar, preferensiyalar berilmoqda. Bunday qulay sharoitlar yaratilishi natijasida ilm-fanning poydevori hisoblangan maktabgacha taʼlim tizimi kundan-kunga rivojlanyapti. Soʻnggi olti yilda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga yetishi katta natija, albatta. Zero, qamrov oshirilishi evaziga bugungi kunda 2 millionga yaqin bola bogʻchaga boryapti.
Yaqinda YUNESKOning maktabgacha taʼlim boʻyicha Toshkent shahrida oʻtkazilgan xalqaro anjumanida ham bu islohotlar yuksak eʼtirof etildi. Murojaatnomada kelgusi besh yilda qamrovni 80 foizga yetkazish uchun 600 ming yangi bogʻcha oʻrni kerakligi, shu bois, bogʻchalar sonini koʻpaytirish, ulardagi taʼlim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash boʻyicha besh yillik dastur qabul qilinishi taʼkidlandi. Bogʻcha qamrovini kengaytirish boʻyicha xususiy sektorga qoʻshimcha sharoitlar yaratiladi.
Kelgusi yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelgusi besh yilda ularning soni mingtaga yetkaziladi. Xususiy taʼlimni rivojlantirish, davlat va nodavlat taʼlim muassasalariga bir xil imkoniyat yaratib berish boʻyicha fikrlarimizni jamlagan holda, xususiy taʼlim rivoji davlatga, jamiyatimizga, umuman, sizu bizga nimalar bera olishi haqida baʼzi xulosalarni aytishimiz joiz.
Birinchidan, xususiy taʼlim rivojlansa, taʼlim muassasalari oʻrtasida raqobat muhiti paydo boʻladi. Raqobat esa soha rivoji, demakki, taʼlim sifati oshishiga olib keladi. Ikkinchidan, byudjetga yuklama kamayadi, davlat taʼlim muassasalariga koʻproq mablagʻ ajratila boshlaydi. Natijada davlat taʼlim muassasalarida umumiy sharoit yaxshilanib boradi, oʻqituvchilar oyligini oshirish, sinfda bolalar sonini kamaytirish kabi imkoniyatlar yuzaga keladi.
Uchinchidan, korrupsiya degan balo kamayadi. Toʻrtinchidan, bilimli, mahoratli pedagoglar safi kengaya boshlaydi. Negaki, jamiyatda ularga ehtiyoj kuchayadi, malakali oʻqituvchilar talash boʻladi, reytingiga qarab oyligi ham oshib boraveradi. Natijada jamiyatimizda oʻqituvchilar yana oʻzining yuksak maqomiga ega boʻladi. Zero, professional oʻqituvchilar koʻpaysa, bilimli insonlar koʻpayadi. Albatta, keyingi yillarda taʼlim sohasining barcha bosqichlarida katta oʻzgarishlar yuz berdi. Maktab yana 11 yillik tartibga oʻtdi, maktabgacha taʼlim tizimi isloh etilib, koʻplab yangi oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, xorijiy OTMlarning filiallari ochilmoqda. Oliy maʼlumot olaman degan yoshlar uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Quvonarlisi, oliy taʼlim tizimida ham keskin burilish yuz berdi. Soʻnggi yillarda yurtimizdagi oliygohlar soni 2,5 barobar koʻpayib, 198 taga, qamrov darajasi esa 9 foizdan 38 foizga yetdi.
Oʻqituvchi obroʻsi baland boʻlgan yurtning buguni ham, kelajagi ham buyuk boʻladi. Prezidentimiz masalaning ana shu nozik tomonini chuqur oʻylab, taʼlim sifatiga, oʻqituvchilarga eʼtiborni oshirmoqda. Maqsad — taʼlim tizimini oyoqqa qoʻyish. Busiz islohotlar oʻzini oqlamaydi. Modomiki shunday ekan, ushbu yoʻnalishdagi islohotlar samaradorligiga butun xalq, jamiyat masʼul. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, najotimiz maktabda, najotimiz taʼlimda, najotimiz bilimda.
Gʻoyat murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay, 2023-yil uchun ishlab chiqilgan davlat byudjeti jami xarajatlarining 22,6 foizi, raqamlar tilida aytganda, 58,4 trillion soʻm taʼlim sohasiga yoʻnaltirilmoqda. Bu ham rivojlanishimizning asosi, tayanch poydevori taʼlim va ilmda ekani, davlatning taʼlimga eʼtibori yuksakligini yana bir karra tasdiqlaydi.
Umuman, Oʻzbekistonda taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlim tizimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatida sifat oʻzgarishlari roʻy bermoqda.
Davlatimiz rahbari 29-dekabr kuni Xalqaro kongress markazida taʼlim sifatini oshirish va yangi avlod darsliklarini joriy etishga bagʻishlangan koʻrgazma-taqdimot bilan tanishish chogʻida ham taʼlim yoʻnalishidagi islohotlar, har bir inson farzandlarini muallimga ishonib topshirishi haqida toʻxtalarkan, oxirgi yillarda taʼlimda oʻqituvchining kayfiyati, dars berishi oʻzgarganligini alohida taʼkidladi. Prezidentimiz 2023-yil 1-yanvardan boshlab 14 ta hududda yangi darsliklar tajriba asosida oʻqitilishini aytdiki, bu juda toʻgʻri tashabbus, deb oʻylayman. Sababi ushbu darsliklar, amaldagilaridan farqli ravishda, quruq maʼlumotlarni yodlatish yoki oʻqish-yozishni oʻrgatishga emas, balki oʻquvchilarni tanqidiy fikrlash, jamoaviy ishlash, ijodkorlik va muloqot qilish koʻnikmalarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Yangi darsliklar bolalarga oʻyin orqali taʼlim berishga ham moslashgan. Ulardagi maʼlumotlar rang-barang rasmlar, grafikalar, sodda matnlar orqali berilgani oʻquvchini zeriktirib qoʻymaydi, aksincha, mavzuga yanada qiziqtiradi. Bir soʻz bilan aytganda, bugun jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fan taraqqiyotisiz yechish qiyin. Zero, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ilm-fan, taʼlim va tarbiya ekani isbot talab qilmas haqiqatdir. Ilm-fan taraqqiyoti esa yoshlarga mukammal taʼlim berish, ularning ilmiy salohiyatini oshirish orqali yuzaga keladi. Taʼlim sohasidagi oʻzgarishlar, shubhasiz, yurtimizni faqat yuksaklikka koʻtaradi.
Abdumalik AKRAMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati