O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri mamlakatimiz aholisiga murojaat bilan chiqdi

    Dolzarb 15 Sentabr 2023 94103

    Muhtaram otaxon va onaxonlar! Aziz opa-singillar! Qadrli yoshlar! Hurmatli yurtdoshlar!

    Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalar qatori huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, tizim faoliyatini mutlaqo yangi, zamonaviy bosqichga ko'tarish, soha xodimlarining aholi turli qatlamlari bilan doimiy muloqoti va hamkorligini yanada mustahkamlash borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan ko'zlangan maqsad ichki ishlar organlarini ushbu tizimda xizmat qilayotgan har bir xodim jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni, jamoat tartibini saqlash yo'lida chin dildan xizmat qiladigan xalqchil professional tuzilmaga aylantirishdan iborat.

    Yangi O'zbekistonda “Inson qadri uchun” ezgu g'oyasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylandi. Inson qadri ulug'lanayotgan ana shunday tarixiy sharoitda qishloq, ovul va mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash borasida barchamizning zimmamizdagi mas'uliyatli vazifalar yanada ortib bormoqda.

    Ichki ishlar organlarini tubdan isloh qilish jarayonlarida jinoyatchilikka qarshi kurashish, ijtimoiy xavfli qilmishlarni fosh etish va barvaqt oldini olish borasidagi yondashuvlar tubdan o'zgartirildi.

    Bugungi kunda ichki ishlar tizimidagi har bir rahbar va xodimning kundalik xizmat faoliyatida raqam va foizlar ortidan quvish emas, balki fuqarolarning haq-huquqlarini amalda himoya qilish birinchi galdagi vazifaga aylanmoqda.

    Jinoyatchilikni yangicha uslubda tahlil etish, xodimlar ish samaradorligini ularning xizmat vazifasini qay darajada sifatli va malakali bajarishiga qarab baholash mexanizmi joriy etilgani ishimiz sifati va mazmunini tubdan yaxshilash imkonini bermoqda. Bevosita aholi bilan ishlayotgan ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlarining faoliyatini takomillashtirishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.

    Hududlarda respublika huquq-tartibot idoralari rahbarlarining sayyor qabullari, aholi bilan bevosita muloqotlari muntazam o'tkazib borilmoqda.

    Sektor rahbarlari tomonidan jinoyatlar sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish va ularni bartaraf etish borasida vakolatli davlat idoralarining kundalik vazifalarini belgilash tizimi yaratildi.

    Sohani isloh qilish jarayonida ichki ishlar organlarining bevosita aholi bilan ishlayotgan xizmatlari faoliyatini takomillashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini amaliyotga tatbiq etish doirasida sektor rahbarlari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasini har kuni tashkil etish, aholi o'rtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasizlik hissini kuchaytirish choralari ko'rilayotgani hamda jinoyatchilikni “mahallabay” tamoyili asosida jilovlash mexanizmi yaratilgani ijobiy natija bermoqda.

    Tizim faoliyati tarixida ilk bor O'zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi kontseptsiyasi qabul qilindi. Ushbu kontseptsiya asosida aholini tahdidlardan kafolatli himoya qilish bilan bog'liq alohida vaziyatlarda jamoat xavfsizligini ta'minlashning yagona boshqaruv tizimi yaratildi, bunga munosib hissasini qo'shadigan vakolatli idoralar belgilandi.

    Barcha hududlarda jamoat xavfsizligini ta'minlash bo'yicha holat xalq deputatlari kengashlarida muhokama qilib kelinmoqda. Bu boradagi ahvolni yaxshilash bo'yicha hududiy dasturlar ishlab chiqish tartibi joriy etildi. Qator yangicha ish uslublari amaliyotga tatbiq etildi, patrullik xizmati zamonaviy modellar asosida tashkil etildi.

    Aziz yurtdoshlar!

    Keyingi yillarda ichki ishlar organlari faoliyatida ana shunday ijobiy o'zgarishlar ro'y berayotgani, albatta, barchamizni quvontiradi. Shu bilan birga, bugungi shiddatli va murakkab zamon oldimizga qanday dolzarb vazifalarni qo'yayotganini barchamiz yaxshi tushunamiz.

    Joriy yil 28 iyul` kuni Farg'ona shahrida Ichki ishlar vazirligi hay'atining Prezidentimiz raisligida bo'lib o'tgan kengaytirilgan yig'ilishida tizimdagi ishlar chuqur tahlil qilinib, hal etilishi lozim bo'lgan masalalar aniq ko'rsatib berildi.

    Shulardan kelib chiqib, mavjud muammolarga echim topish, aholi uchun xavfsiz yashash va mehnat sharoitlarini yaratish borasida ichki ishlar organlari tomonidan qator vazifalar belgilab olindi.

    Birinchidan, bundan buyon asosiy e'tiborni sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarni ilmiy yondashuv asosida o'rganish, ularning asl sabablarini aniqlash va bartaraf etish masalasiga qaratamiz. endilikda huquqni muhofaza qilish organlari oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilarini jalb etib, har bir hududning o'ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda “namunali hudud metodikasi” yaratiladi. Mazkur yondashuv orqali kelgusida har bir mahallada huquqbuzarlik va jinoyatchilikning asl sabablari aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko'riladi.

    Ikkinchidan, achchiq bo'lsa ham tan olish kerak: to'qqiz yarim mingga yaqin mahallaning 1,5 mingdan ziyodida kriminogen vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Tahlillar ko'rsatmoqdaki, mahalladagi jinoyatchilikning ildizi ko'pincha ijtimoiy muammolarga borib taqalmoqda.

    Shuning uchun huquqbuzarliklarning oldini olish bo'yicha “ijtimoiy profilaktika” tizimini to'g'ri yo'lga qo'yish orqali profilaktika inspektori, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar etakchisi, xotin-qizlar faolidan iborat “mahalla beshligi” hamkorligi yanada kuchaytiriladi. Mahallaning o'zida o'smirlar, yoshlar va ayollar o'rtasidagi jinoyatchilikni keskin kamaytirish hamda muammoli fuqarolar bilan ishlashni kuchaytirgan holda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish choralari ko'riladi.

    Uchinchidan, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va ularning viloyat boshqarmalari rahbar xodimlari, Bosh prokuror o'rinbosarlari, boshqarma boshliqlari va viloyat prokurorlari eng og'ir mahallalarga biriktirilgan holda ularni “jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish” sa'y-harakatlari faollik bilan amalga oshiriladi. Bunda har bir rahbar joylarga chiqib “mahalla beshligi” faoliyati bilan shaxsan tanishadi, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hamda kriminogen vaziyatga ta'sir ko'rsatuvchi omillarni muhokama qiladi, muammolarni o'rganib, ularni bartaraf etish bo'yicha manzilli chora-tadbirlarni belgilaydi va nazoratini o'rnatadi.

    To'rtinchidan, “Oila – mahalla – maktab – mustaqil hayot” tamoyili asosida tarbiyasi og'ir o'smirlarga vazirlik, idora va tashkilot rahbarlari biriktiriladi, mustaqil hayotga tayyorlash davrida ular bilan yakka tartibda ishlash tartibi yo'lga qo'yiladi. Buning uchun “Voyaga etmaganlar bilan ijtimoiy-huquqiy ishlash klasteri” tizimi joriy etiladi. Bunda o'smirlarni uchta toifaga bo'lgan holda mutasaddilar tomonidan “otaliqqa olish” tartibi belgilanadi.

    Xususan, jinoyat sodir etgan yoki jinoyat qilishga moyil bo'lganlarga huquq-tartibot idoralari rahbarlari va rahbar o'rinbosarlari, ijtimoiy zararli xatti-harakat sodir etishi mumkin bo'lganlarga davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari va rahbar o'rinbosarlari, nazoratsiz va qarovsiz qolganlarga hokimliklar, ta'lim muassasasi direktorlari va mahalla raislari biriktiriladi.

    Beshinchidan, “Xavfsiz oila” tamoyili asosida alohida ish tizimi yo'lga qo'yiladi. Bunda ijtimoiy-maishiy muammosi hal bo'lmagan oilalar bilan ishlash davlat idoralarining birinchi galdagi vazifasi etib belgilanadi. Sudda nizolashayotgan oilalar bilan manzilli ishlash bo'yicha yagona idoralararo axborot tizimi ishga tushiriladi. Buning uchun sud organlariga nizoning mazmuni va undan kutilayotgan xatarlarning barvaqt oldini olish bo'yicha mahalla va ichki ishlar organlarini xabardor qilish, tahliliy tavsiya berish vazifasi yuklatiladi.

    O'z navbatida, ichki ishlar organlari, sud tavsiyasiga asosan, nizoli oilani o'rganib, himoya orderi orqali “oilabay” profilaktik choralarni ko'rish, sektor rahbarlari va mahalla raislariga oilaning maishiy muammolarini hal etishda yaqindan ko'maklashish, adliya organlari esa nizolashayotgan oila bilan manzilli maslahatlashuv o'tkazib, malakali huquqiy yordam berish ishlarini amalga oshiradi.

    Oltinchidan, “Yo'l harakati xavfsizligi – jamoatchilik nazoratida” tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy so'rov o'tkazish, shuningdek, barcha yo'l-patrul` xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududini belgilab qo'yish amaliyoti yo'lga qo'yiladi. Bunda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil` yo'llari qo'mitasi va Ichki ishlar vazirligi Yo'l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo'yicha Oliy Majlis, mahalliy kengashlar va keng jamoatchilikka har yarim yilda hisobot berib boriladi.

    Mamlakatimiz bo'yicha eng xavfli yo'l va chorrahalar xaritasi shakllantiriladi. Ushbu xaritada harakatni tartibga solish uchun zarur bo'lgan svetofor, yo'l to'siqlari, er usti va er osti piyodalar yo'laklarining aniq soni va o'rnatilish joylari, shuningdek, ta'mirtalab, jiddiy xavf tug'dirayotgan yo'l qismlarining joylashuvi ko'rsatiladi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari ko'magida, konsul`tantlarni jalb qilgan holda, ushbu yo'l va chorrahalarda tartib o'rnatish ishlari boshlanadi.

    Ettinchidan, so'nggi vaqtlarda yangi turdagi jinoyatlar va ularni sodir etish usullari paydo bo'lmoqda. Ayniqsa, yoshlar ongiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi yot g'oyalarni targ'ib etish, giyohvandlik va psixotrop moddalarni iste'mol qilishga jalb etish, fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlarini va mol-mulkini internet hamda ijtimoiy tarmoqlar yordamida noqonuniy qo'lga kiritish holatlari ko'payib bormoqda.

    Mana shunday vaziyatda barchamiz doimo ogoh va hushyor bo'lishimiz, eng asosiysi, mahalla faollari, nuroniylar, ustoz va murabbiylar bilan birgalikda kelajagimiz egalari bo'lgan farzandlarimizni jinoyat va huquqbuzarliklardan himoya qilishning sodda va samarali usullari amalda qo'llanadi.

    Sakkizinchidan, shiddat bilan o'zgarayotgan hozirgi zamonda sohani raqamlashtirish darajasini yuksak darajaga etkazishga alohida e'tibor qaratiladi. Ayniqsa, aholiga elektron davlat xizmatlarini ko'rsatish sifati va ko'lamini oshirish, idoralararo axborot almashish bo'yicha hamkorlikni kengaytirish bo'yicha barcha zarur choralar ko'riladi.

    Bunga bor kuchimiz va imkoniyatlarimizni yo'naltiramiz.

    To'qqizinchidan, tizimda ma'naviy-axloqiy masalalarga e'tibor tubdan o'zgaradi. Ichki ishlar organlari xodimlari har kuni minglab fuqaro bilan muloqotga kirishadi. Bu jarayonda ularning xushmuomala bo'lishi, fuqarolar muammolariga qonuniy echim topishi aholi, umuman, jamiyatdagi ijtimoiy kayfiyatga juda katta ta'sir ko'rsatadi.

    Shu ma'noda, o'z kasbiga, xizmat burchiga sadoqatli, yurt tinchligi, xalq manfaati uchun xizmat qilishni muqaddas burchi deb biladigan chinakam fidoyi xodimlar ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shuning uchun bundan buyon ham kadrlarni tayyorlash, tanlash va joy-joyiga qo'yish hamda tizimni nopok, g'arazli niyatdagi, o'z manfaatlarini xalq manfaatidan ustun qo'yadigan shaxslardan tozalash ishlari diqqatimiz markazida bo'ladi.

    Aziz yurtdoshlar!

    Jonajon O'zbekistonimizdagi bugungi ozod va farovon hayot, tinchlik va osoyishtalik hamda fuqarolarning emin-erkin yashab mehnat qilishi uchun yaratilgan barcha sharoitlarning qadriga etish, Vatanimizning bugungi kuni va ertasi uchun, kasbi korimiz, yoshimiz, millatimiz va e'tiqodimizdan qat'i nazar, har birimiz o'zimizni mas'ul deb bilishimiz lozim.

    Fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta'minlash, jamoat tartibini saqlash ichki ishlar organlari xodimlarining sharafli burchidir. Xalq manfaatlariga xizmat qilish soha vakillarining asosiy shiori bo'lib qoladi.

    Ana shunday ezgu va xayrli ishlarda ichki ishlar organlari, avvalambor, jonajon O'zbekistonimizning ko'p millatli xalqiga, jonkuyar va fidoyi mahalla faollariga, ko'pni ko'rgan nuroniy otaxon va onaxonlarimizga, mehribon opa-singillarimiz, xotin-qizlar tashkilotlarining tajribali vakillariga, inson qalbi muhandislari bo'lgan ustoz va murabbiylarimizga, hal qiluvchi kuch bo'lib maydonga chiqayotgan azmu shijoatli yoshlarimizga tayanadi va suyanadi.

    Qadrli vatandoshlar, mamlakatimizda tinch va osoyishta hayotni yanada mustahkamlash, maxallalarimizda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda yagona kuch bo'lib, hamjihatlikda harakat qilaylik!

    Po'lat Bobojonov,

    O'zbekiston Respublikasi

    Ichki ishlar vaziri