Ko'rgazmaning o'ziga xos jihati shundaki, unda eksponatlar Ipak yo'li manzillari tartibida joylashtirilgan. Ko'rgazma  mehmonlari Buyuk ipak yo'li xalqlarining tarixi, madaniyati, ijodi hamda zamonaviy qiyofasini o'zida mujassam etgan ekspozitsiyalar bilan tanishish imkiniyati ega bo'lmoqda.

Farg'ona vodiysida ikatdan to'qilgan matolar, Buxorodagi Bayonqulixon maqbarasi qoldiqlari suratlari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan keltirilgan do'ppilar to'plami pavil`onda markaziy o'rinni egallagan va ular ko'rgazmaning durdonasi sifati e'tirof etilmoqda.

Ko'rgazma doirasida O'zbekiston madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasining ijrochi direktori Gayane Umerova hamda mamlakatimizning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullaev Vena Jahon muzeyi direktori Jonatan Fayn bilan uchrashdi.

Muloqot chog'ida madaniy-gumanitar sohadagi, xususan, muzeylar faoliyatidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari, shuningdek, Avstriyada O'zbekiston muzeylari kollektsiyalari ko'rgazmalarini birgalikda tashkil etish rejalari muhokama qilindi.

Avstriya vakillariga O'zbekistonda mamlakatimiz tarixiga oid osori-atiqalarni asrab-avaylash va madaniyatni yuksaltirishda muzeylar faoliyatining o'rni hamda ahamiyatini mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e'tibor, shuningdek, davlat rahbari tomonidan 2021  yil 26 noyabr` kuni imzolangan «Muzeylar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonuniga o'zgartish kiritish to'g'risida»gi qonunning mazmun-mohiyati haqidagi ma'lumotlar taqdim etildi.

Jonatan Fayn san'at muxlislari orasida «Steppe and Silk Roads» ko'rgazmasiga qiziqish yuqori ekanini ta'kidladi. SHuningdek, u muzey kollektsiyasini o'zbek rassomlarining asarlari bilan to'ldirish niyatida ekanini ma'lum qildi.

- Ipak yo'li o'tgan shaharlar o'tmishda dunyoning markazi bo'lgan, - deydi Jonatan Fayn. - Ushbu shaharlar o'z boyliklari bilan shu qadar mashhur ediki, ular hali ham bizni hayratga solib kelmoqda. Agar Ipak yo'li tarixiga yaqindan nazar tashlaydigan bo'lsak, uni nafaqat tovar almashish yo'li, balki bilim, din, tibbiyot va san'at almashuvi sifatida ham idrok etamiz.

Avstriya vakillari o'zaro tajriba va kadrlar almashish doirasida hamkorlikni yo'lga qo'yishdan ham manfaatdor ekanini bildirdi. Farg'ona vodiysidan eksklyuziv va noyob to'qimachilik kollektsiyalarini o'rganish yo'nalishi alohida ta'kidlandi.

Tomonlar muzey faoliyati yo'nalishidagi hamkorlik masalalarini birgalikda o'rganish va mutaxassislar almashuvi orqali tajriba o'rtoqlashishni tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishdi.

«Steppe and Silk Roads»  ko'rgazmasi  joriy yil 3 mayga qadar  davom etadi.

Vena Jahon muzeyi Avstriyadagi eng yirik antropologik va etnografik muzey hisoblanadi. 1876 yilda tashkil qilingan ushbu muzey  sobiq «Xofburg» imperatorlik saroyi majmuasida joylashgan. Muzey insoniyat tarixi,  madaniy rivojlanishlarning  xilma-xilligini ochib berishga da'vat etilgan.

Hozirgi kunda muzeyda 14 ta ko'rgazma zali mavjud bo'lib, unda Osiyo, Afrika, Okeaniya va Amerikadan 460 mingdan ortiq etnografik va arxeologik noyob namuna joy olgan.