Oʻzbekiston va Bangladesh oʻrtasida sayyohlar oqimi oshiriladi

    Turizm 21 Oktabr 2022 1080

    Joriy yil 19-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosari Baxtiyor Ibragimov va Bangladeshning “Best Sourcing” kompaniyasi rahbari Mehdi Mahbub oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi.

    Ushbu uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad – Oʻzbekistonning turizm salohiyatini Bangladeshda keng targʻib qilish, turizm sohasi vakillariga yaqindan tanishtirish, bangladeshlik sayyohlar oqimini mamlakatimizga yoʻnaltirish va shu bilan birga, M. Mahbub tomonidan yuritilayotgan Markaz faoliyatini oʻzbek tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi tasdigʻi sifatida unga Turizm va madaniy meros vazirligining Bangladeshdagi rasmiy vakili maqomini berish edi.

    Uchrashuv doirasida, B. Ibragimov tomonidan M. Mahbubga soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda ziyorat turizmi uchun katta imkoniyatlar yaratilayotganligi, jumladan, yangi turizm obyektlari, dam olish maskanlari, gastronomiya va “ziyorat turizmi” yoʻnalishi boʻyicha yuksak salohiyatga ega ekanligi haqida maʼlumot berildi. Qolaversa, hadis ilmi olimlarining ustozi Muhammad al-Buxoriy, Naqshbandiya tariqatining koʻplab yetuk izdoshlari aynan shu zamindan chiqqanligi alohida taʼkidlandi.

    Oʻz navbatida, M. Mahbub Oʻzbekistonning xalqi mehmondoʻst ekanligi, turizm sohasidagi ulkan salohiyatini inobatga olgan holda, bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish yuzasidan oʻz fikrlarini ilgari surdi.

    Shu bilan birga, mazkur uchrashuv davomida, M. Mahbub mamlakatimiz turizm salohiyatini Bangladesh telekanallarida keng targʻib qiluvchi “Ramazon” dasturi loyihasini amalga oshirish, Oʻzbekiston va Bangladesh davlatlari oʻrtasidagi aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish, Bangladesh sayyohlari uchun Oʻzbekiston boʻylab turistik marshrutlar ishlab chiqish, Markaz faoliyati rivoji yoʻlidagi targʻibot tadbirlarini tashkil etish kabi masalalar yuzasidan oʻz takliflarini maʼlum qildi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.