Oʻzbekiston va Hindiston strategik sheriklardir. Anʼanaviy doʻstona aloqalar asosida savdo, sarmoya, iqtisodiyot, madaniy gumanitar hamkorlik, yoshlar va taʼlim almashinuvlari bilan bogʻliq turli sohalarda, ayniqsa, yuqori texnologiyalar, innovatsiya, sanoat, dasturlash, sogʻliqni saqlash, xizmat koʻrsatish borasidagi hamkorlik soʻnggi yillarda jadal surʼatlarda rivojlanmoqda. Endilikda ilmiy va madaniy sohadagi samarali aloqalarni rivojlantirishda bularning barchasi katta salohiyat va mazmun kasb etmoqda. Bu borada mamlakatlarimizning taʼlim sohasida qoʻshma taʼlim, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarini ochish, ilmiy-tadqiqot va texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirishni nazarda tutuvchi qoʻshma “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi. Yurtimizda Hindistonning Amity, Sharda, Sambram kabi oliy oʻquv yurtlari filiallari ochildi. Yaqin vaqtlarda esa Glocal, LNCT, Integral OTM filiallarini ham ochish rejalashtirilmoqda.

 Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida ikki mamlakat universitetlari oʻrtasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Yaqinda Dehli universiteti taklifiga binoan Hindistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi koʻmagida ushbu mamlakatning huquqiy va taʼlim tizimi bilan tanishish, yuridik kadrlar tayyorlash sohasida oliy taʼlim muassasalari tajribasini oʻrganish, Hindiston va Oʻzbekiston universitetlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalari oʻrnatishni nazarda tutgan xizmat safarida boʻldim.

 Tashrif davomida universitetimiz jamoasi tomonidan salkam ikki yil davomida maxsus grant asosida amalga oshirilayotgan Hindiston Konstitutsiyasini oʻzbek tiliga tarjima qilish loyihasi doirasida Hindiston Konstitutsiyasining yaratilishi tarixiga oid materiallarni toʻplash maqsad qilingan edi. Shu munosabat bilan konstitutsiyaviy huquq boʻyicha Hindistonning yetakchi mutaxassislari bilan qator uchrashuvlar, suhbatlar boʻlib oʻtdi. Turli davlat va oliy taʼlim muassasalariga tashriflar tashkil qilindi. Jumladan, Konstitutsiya matnini ishlab chiqish ishlariga rahbarlik qilgan Hindiston Respublikasining birinchi adliya vaziri, doktor Baba Sohib Ambedkar hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan memorial muzeyning ulkan ekspozitsiyasi bilan tanishish hind xalqining mustamlakachilik istibdodidan ozod boʻlish yoʻlida olib borgan uzoq kurashi haqidagi tassavurlarimizni yanada boyitdi. Bizda ham  mamlakatimiz Asosiy qonuni boʻlgan Konstitutsiyamiz tarixiga bagʻishlangan alohida muzey  tashkil etilishi muhim ahamiyat kasb etgan boʻlardi.

Hindiston parlamentiga tashrif mobaynida 3 milliondan ortiq turli nashrlar toʻplangan kutubxonada saqlanayotgan, 1949-yilda Taʼsis Majlisining barcha aʼzolari shaxsan imzo chekkan Hindiston Konstitutsiyasining katta hajmdagi ikki asl nusxasi, yaʼni asosan qoʻlda yozilgan ingliz va hind tilidagi nusxalari bilan tanishishga musharraf boʻldik.

 Maʼlumki, Hindiston ikkinchi jahon urushidan keyin 1947-yilda mustamlakachilik qaramligidan ozod boʻlgan dunyodagi yirik davlatlardan biri. Undan keyin ozod boʻlgan boshqa mamlakatlar xalqlari uchun oʻzining asl davlatchiligi va dastlabki 3 yil davomida yaratilgan mustaqil Konstitutsiyasini yaratgan mamlakat sifatida maʼlum darajada uning tajribasi namunaga aylangan. Endilikda u “Konstitutsionizmni rivojlantirishning jonli laboratoriyasi”, deb eʼtirof etiladi.

Hindiston Konstitutsiyasi 70 yillik rivojlanish davrida oʻziga xoslik, zamonaviylik va anʼanalarning ajoyib uygʻunligini va eng muhimi, hozirgi dunyoning oʻzgaruvchan sharoitlariga moslashish qobiliyatini namoyish etdi. Endilikda koʻp millatli, koʻp konfessiyali Hindistonning rivojlanish odimlari uning samarali taraqqiyotini taʼminlamoqda va yorqin istiqboliga ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bunda ushbu mamlakatning boy konstitutsiyaviy tajribasi alohida oʻrin egallaydi.

Oʻtgan 70 yil mobaynida mustaqil Hindiston Konstitutsiyasi rasmiy oʻzgartirishlar, sud amaliyoti yoki oddiy qonunlar orqali qator oʻzgarishlarga duch keldi. Shu vaqt ichida kiritilgan koʻplab oʻzgartishlar Hindiston Asosiy qonunidagi koʻpgina qoidalar tuzilishini, matni va haqiqiy mazmunini sezilarli darajada oʻzgartirdi. Tabiiy savol tugʻiladi: nima sababdan ushbu Konstitutsiyani oʻzbek tiliga tarjima qilish mutaxassislardan iborat ijodiy guruhdan ikki yillik muddatni talab etdi? Chunki Hindistonning Asosiy qonuni hajm jihatdan dunyoda eng katta. U dastlab 90 000 ming soʻzni tashkil etgan boʻlsa, vaqt oʻtishi bilan unga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar tufayli hozirda 110 000 soʻzga yetgan. Uning matnida mavjud oʻziga xos ibora va atamalarni tarjima qilish ularning huquqiy talqini aniq va ingliz tilidagi matniga mos boʻlishini taqozo qildi. Bizni quvontirgan yana bir holatni alohida taʼkidlash joiz. Hindiston Konstitutsiyasining ingliz tilidagi nusxasini tarjima qilishda TDYUU talabalari yaqindan ishtirok etdi. Bu ular uchun katta tajriba boʻldi, desak xato boʻlmaydi. Hindiston Konstitutsiyasining oʻzbek tilidagi ilk nashri ikki mamlakat olimlari oʻrtasidagi katta koʻlamli ishlar uchun bir debocha vazifasini oʻtashi va yangi loyihalar, birgalikda amalga oshiriladigan ishlarga keng yoʻl ochishi shubhasiz.

 Hindistonning bir qator yuridik oliy oʻquv yurtlaridagi uchrashuvlarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga bagʻishlangan maʼruzalar tinglandi. Mamlakatning yetakchi oliy oʻquv yurtlaridan boʻlgan Maharaja Agrasen boshqaruv instituti yuridik fakultetida Hindistonning yuridik oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida boʻlib oʻtgan Butun Hindiston 3-milliy oʻquv sud jarayoni tanlovida Hakamlar hayʼati aʼzosi sifatida uning taqdirlash marosimida ishtirok etdim. Yuridik fakultetlar professor-oʻqituvchilari va talabalari bilan boʻlgan uchrashuvlarda Oʻzbekistonda va Hindiston oliy yuridik taʼlimning rivojlanishi, ushbu mamlakatlarda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.

 Muxtasar aytganda, islohotlar davrida yuqorida qayd etilgan sohalar rivojiga katta eʼtibor qaratayotgan mamlakatimiz uchun Hindiston bosib oʻtgan tarixiy yoʻl ham diqqatga sazovor boʻlib, bunda huquqshunos mutaxassislarning hamkorlik doirasini kengaytirish muhim.

Omonulla MUHAMMADJONOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti professori,

yuridik fanlar doktori