Oʻzbekiston va Misr oʻrtasida foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud

    Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov Misrda boʻlib oʻtgan davra suhbati chogʻida aytib oʻtdi.

    Joriy yilning 18-fevral kuni Qohirada Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlariga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining jamoatchilik bilan aloqalar shoʻbasi taʼkidlashicha, mazkur uchrashuvda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov maʼruza bilan ishtirok etdi.

    Markaz rahbari oʻz nutqida soʻnggi yillarda iqtisodiy sohada Oʻzbekiston – Misr munosabatlari faol rivojlanish bosqichiga oʻtganini taʼkidladi. 2017-yildan buyon oʻzaro savdo va sarmoyaviy hamkorlik faollashib, ushbu yoʻnalishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

    Shuningdek, Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh As-Sisining 2018-yil 4-sentyabrda Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi yakunlari boʻyicha qiymati 483 million dollarlik savdo va sarmoyaviy kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.

    Markazning hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi soʻnggi besh yilda 3 barobardan ziyod, 2017-yilda qariyb 10 million dollardan 2022-yilda 30,5 million dollargacha oshdi. Oʻzbekistonning Misrga eksporti 16 barobarga oshgan.

    Shu bilan birga, Oʻzbekistonning Misrga eksporti tarkibiga toʻqimachilik mahsulotlari, transport uskunalari va xizmatlari, shu jumladan, havo transporti xizmatlari kiradi. Oʻzbekistonning 2022-yilda Misrdan amalga oshirilgan import tarkibidan oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo mahsulotlari, mashina va transport uskunalari va xizmatlar oʻrin olgan.

    Markaz direktorining soʻzlariga koʻra, investitsion sohadagi hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. Xususan, Oʻzbekistonda misrlik ishbilarmonlarning kapitali ishtirokida 29 qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Misrning “Solifar” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatidagi “Boʻstonliq-farm” EIZda farmatsevtika sohasida (qiymati 20 million dollar) ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Qashqadaryo viloyatida gepatit C preparatlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha (1,4 million dollar) Misrning “One World Pharma” kompaniyasi bilan ishlar olib borilmoqda. “Kapo Agri” kompaniyasi bilan Namangan viloyatida baliqchilik sohasidagi loyiha boʻyicha muzokaralar boʻlib oʻtkazildi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi oʻzaro savdo va investitsion koʻrsatkichlari hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tahlili natijasida ushbu sohada hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud ekanligi alohida qayd etib oʻtildi.

    Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli, izchil va tizimli demokratik islohotlar haqida toʻxtalar ekan, Markaz rahbari mamlakatimiz oldiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 40 foizga oshirish va 120 milliard dollardan ortiq qoʻshimcha investitsiyalar jalb etish maqsadlari belgilanganini taʼkidladi. Shu bilan birga, 2026-yil oxiriga kelib, xususiy banklarning ulushi banklar umumiy aktivlarining 60 foiziga yetkazilishi, 2023-yildan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi 15 foizdan 12 foizgacha kamayishi va bank, moliya hamda telekommunikatsiya sohalaridagi korxonalar uchun daromad soligʻi 15 foizga tushirilishi toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtildi.

    Taqdimot yakunida Obid Hakimov “Bularning barchasi misrlik yirik investorlarga Oʻzbekistondagi xilma-xil savdo-iqtisodiy loyihalarida ishtirok etish, Markaziy Osiyoning qoq Markazidagi joʻgʻrofiy oʻrnini hisobga olgan holda qoʻshma investitsion loyihalarini amalga oshirish imkonini beradi. Bu esa unumdorlik va eksport imkoniyatlarini oshiradi”, deb taʼkidladi.