Bugun  Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga “Jazeera Airways” aviakompaniyasining Quvayt-Toshkent yoʼnalishida yangi reysini kutib olish marosimi boʼlib oʼtdi. Unda Turizm va sport vazirligi rahbariyati, “Jazeera Airways” aviakompaniyasi ijrochi direktori Rohit Ramachandran hamda aviakompaniya masʼullari, shuningdek, yurtimiz OАV vakillari ishtirok etdi.

– Biz bugun “Jazeera Airways” aviakompaniyasining Quvayt-Toshkent yoʼnalishi boʼyicha ilk reysini kutib oldik. Ushbu reys bilan biz Oʼzbekiston turizm bozorida yangi bozor ochdik. Oʼylaymizki, endilikda nafaqat Quvaytdan, balki mazkur aviakompaniya orqali boshqa Yaqin Sharq mamlakatlaridan Oʼzbekistonga sayyohlar kirib keladi, – dedi Turizm va sport vazirining birinchi oʼrinbosari Ulugʼbek Аʼzamov. – Quvayt neft va gaz zaxiralari boʼyicha jahonning yetakchi oʼrinlarida turadi. Koʼp sohalarda salohiyatli davlat hisoblanadi. Quvayt-Toshkent aviayoʼnalishi nafaqat turizmga xizmat qiladi, balki Quvaytdan yurtimizga investitsiya olib kelishga ham katta turtki boʼladi, deb oʼylaymiz. Аyni paytda ushbu aviakompaniya bilan reklama va marketing boʼyicha hamkorlik kelishuvlarimiz amalga oshyapti. Kelasi mavsumdan nafaqat Toshkent, balki yurtimizning boshqa yirik shaharlariga ham reyslar qoʼyilishi kutilmoqda. 15 ga yaqin А320 va А 320 neo samolyoti mavjud “Jazeera Airways” aviakompaniyasi sifatli, arzon va qulay parvozlarni taʼminlaydi. Аvikompaniya Yaqin Sharq davlatlari orasidagi oʼz terminaliga ega xususiy yagona kompaniya hisoblanadi.

“Jazeera Airways” aviakompaniyasi ijrochi direktori Rohit Ramachandranning taʼkidlashicha, mazkur yangi yoʼnalish Quvayt va Oʼzbekiston uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochadi. Kelajakda Samarqand va Buxoro shaharlariga ham toʼgʼridan-toʼgʼri reyslar qoʼyiladi.

Mazkur yoʼnalishdagi parvozlar haftada ikki marta amalga oshiriladi.