Oʻzbekistonda bir yilda oʻrtacha 255 ming kishi pensiya yoshiga toʻladi

    AOKAda oʻtkazilgan brifingda Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva tizimda qonunchiliklardagi oʻzgarishlar haqida maʼlumot berdi:

    Tahlillarga koʻra, hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda bir yilda oʻrtacha 255 ming kishi pensiya yoshiga toʻladi. Shu oʻrinda bugungi kunga qadar amaliyotda boʻlib kelgan ijtimoiy qoida — katta hayotiy va kasbiy tajribaga ega yurtdoshlarimizning pensiya yoshiga yetganda ishdan boʻshatilishi, buning hayotimizga salbiy taʼsiri xususida toʻxtalib oʻtish joizdir.

    Albatta, ishga qabul qilinayotgan yangi nomzodlarni kasbga amaliy tayyorlash, sohaning nozik sir-asrorlarini ularga oʻrgatishda katta bilim va tajribaga ega xodimlarning oʻrni va ishtiroki juda muhimdir. Ushbu jihatga koʻra ish beruvchining tashabbusi bilan xodim pensiya yoshiga yetganda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishni taqiqlash boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritiladi.

    Aholiga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar, oʻquvchilarning darslarni oʻzlashtirishi, davomati, bandlikka koʻmaklashish markazlari tomonidan fuqarolarni ish bilan taʼminlash darajasi va boshqa davlat xizmatlarini koʻrsatilishi boʻyicha “Keksalar maslahati” guruhlari aʼzolarining jamoatchilik nazorati tashkil etiladi.

    “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyili asosida mahallalarda hayotiy va katta amaliy tajribaga ega boʻlgan obroʻ-eʼtiborli nuroniylar va ziyolilarni ishsiz, tarbiyasi ogʻir va muammoli yoshlarga biriktirish orqali ularni jamiyat uchun foydali insonlar boʻlib yetishishlariga koʻmaklashish dasturlari ishlab chiqiladi.

    “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyilini hayotga joriy etishda tashabbuskorlik hamda yoshlarga shaxsiy namuna koʻrsatib kelayotgan ijtimoiy faol nuroniylarimiz “Nuroniy” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirib boriladi.