Oʻzbekistonda fuqarolar oʻzi istagan joyda svetofor oʻrnatishi mumkinligi haqida tarqalgan xabarlar rad etildi

    Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati istalgan jismoniy yoki yuridik shaxslar bunday vositalarni oʻzboshimchalik bilan yoki qandaydir ruxsat asosida oʻrnatish vakolatiga ega emasligini maʼlum qildi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda endilikda jismoniy yoki yuridik shaxslar, hududiy yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalariga xat bilan murojaat etgan holda, oʻzlari istagan joyda svetofor oʻrnatishlari mumkin va qonunda buning uchun hech qanday cheklovlar yoʻqligi haqidagi xabarlar tarqaldi.

    Holat yuzasidan Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati izoh berdi.

    Taʼkidlanishicha, mazkur xabar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.

    Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 10-apreldagi "Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi OʻRQ-348-son Qonunining 7-moddasiga koʻra, Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi vakolatlariga shaharlardagi, shaharchalar va qishloq aholi punktlaridagi koʻchalarning, yoʻlkalarning hamda yoʻl harakatini tartibga solish vositalarining, shuningdek shahar elektr transporti yoʻllarining jihozlanishi va soz holatda saqlanishini taʼminlash vakolati kirishi koʻrsatilgan.

    Shuningdek, ushbu Qonunning 9-moddasiga koʻra, Avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish tashkilotining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi vakolatlariga avtomobil yoʻllarida yoʻl harakatini tartibga solish vositalari, tezkor aloqa tizimi qurilishini va mazkur yoʻllarning ushbu vositalar va tizim bilan jihozlanishini amalga oshirish hamda ularning saqlanishini taʼminlash vakolati kirishi koʻrsatilgan.

    Mazkur Qonunning 10-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi vakolatlariga yoʻllarning va temir yoʻllarni kesib oʻtish joylarining saqlanishi, ularning yoʻl harakatini tartibga solish vositalari bilan jihozlanishi ustidan nazoratni amalga oshirish vakolati kirishi koʻrsatilgan.

    Amaldagi Yoʻl harakati qoidalari 4-bandining ikkinchi xatboshisida “Tegishli vakolatga ega boʻlmagan yuridik va jismoniy shaxslarga yoʻl qoplamasini buzish, oʻzgartirish yoki zarar yetkazish, ifloslantirish, yoʻl belgilarini, svetoforlarni va harakatlanishni tashkil etishning boshqa texnik vositalarini oʻzboshimchalik bilan olib tashlash, oʻrnatish, toʻsib qoʻyish, shikastlantirish, yoʻllarda harakatlanishga toʻsqinlik qiluvchi narsalarni qoldirish, ”sunʼiy notekislik“ qurilmalarini oʻrnatish taqiqlanadi” deya belgilangan.

    Yoʻl harakatini tartibga solish vositalarini oʻrnatish vazifasi masʼul idora va tashkilotlar zimmasiga aniq yuklatilgan boʻlib, istalgan jismoniy yoki yuridik shaxslar bunday vositalarni oʻzboshimchalik bilan yoki qandaydir ruxsat asosida oʻrnatish vakolatiga ega emasligini maʼlum qilamiz.

    Shu oʻrinda maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 147-moddasiga koʻra, yoʻllarga, temir yoʻldan oʻtish joylariga, yoʻl harakatini tartibga soluvchi boshqa inshootlar yoki texnik vositalarga shikast yetkazish, shuningdek, yoʻl harakatiga qasddan, shu jumladan yoʻl qoplamasini ifloslantirish yoʻli bilan xalal berish, xuddi shuningdek, avtomobil yoʻllarini oʻzboshimchalik bilan qazish, ularda sunʼiy notekisliklar va toʻsiqlar yaratish, avtomobil yoʻlida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shuningdek yoʻllarni saqlash qoidalarini buzish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.