O‘zbekistonda fuqarolarning ekologik huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar Jenevada taqdim etildi

    Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari kengashining 52-sessiyasi doirasida «Iqlim o‘zgarishining zaif ahvolda bo‘lgan shaxslar huquqlariga taʼsiri» mavzusida parallel muhokama (side event) bo‘lib o‘tdi.

    Tadbir O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Yevropa Ittifoqi va Turkiyaning Jenevadagi BMT huzuridagi doimiy vakolatxonalari tomonidan tashkil etildi.

    Muhokamalar chog‘ida BMTning inson huquqlari va atrof-muhit bo‘yicha maxsus maʼruzachisi Devid Boyd, Xalqaro taraqqiyot huquqi tashkiloti eksperti Raluka Mariya Popa, Mahalliy xalqlar jamg‘armasi direktori Anders Blom, shuningdek, Jenevadagi diplomatiya vakolatxonalari va xalqaro nodavlat tashkilotlarining 70 nafardan ortiq vakillari ishtirok etishdi.

    O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov o‘z chiqishida Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy ekologik muammo Orol dengizi halokati ekanini taʼkidladi. Ushbu fojeaning salbiy gumanitar, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari mintaqa doirasidan ancha uzoqqa chiqib ketgan, global ahamiyatga molik muammo ekanligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, u BMT shafeʼligida tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasining Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha dolzarbligi va samarali faoliyatini alohida taʼkidladi.

    Doimiy vakil atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro huquqning rivojlanish tamoyillari va ekologiya sohasidagi dolzarb global, mintaqaviy muammolardan kelib chiqqan holda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida fuqarolarning ekologik huquqlari Asosiy qonunda yana-da mustahkamlanayotganini maʼlum qildi. Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish Yangi O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishlari ekani alohida taʼkidlandi.

    Uchrashuv yakunida BMT va nodavlat notijorat tashkilotlari ekspertlari xalqaro hamjamiyatni iqlim o‘zgarishining salbiy taʼsirini bartaraf etishda, birinchi navbatda, inson huquqlari sohasidagi o‘z majburiyatlarini hisobga olib, eng zaif odamlar ahvoliga eʼtibor qaratishga daʼvat etdilar.