Dastur 2023-yilda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Xanns Zaydel jamgʻarmasi oʻrtasida imzolangan Anglashuv memorandumi doirasida amalga oshirildi.
Oʻzbekistonda ilk bora xorijiy hamkorlar bilan tashkil etilayotgan “Hokimlikka tayyorlash maktabi” qoʻshma taʼlim dasturi davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi rahbar kadrlarning zaxirasini yaratishni maqsad qilib olgan.
Bunda, tinglovchilarda mahalliy boshqaruv va hududiy rivojlanish sohasidagi chuqur va amaliyotga yoʻnaltirilgan, strategik rejalashtirish, gorizontal va vertikal munosabatlar tizimiga oid bilimlarni, davlat va hududiy dasturlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlarni sifatli ijro etish koʻnikmalarini shakllantirishga oid mavzularga ustuvorlik beriladi.
Dastur 4 oyga moʻljallangan boʻlib, ishtirokchilar 6 hafta davomida ish joyidan ajralgan holda Akademiyada auditoriya mashgʻulotlarida ishtirok etadi, 8 hafta oʻz ish joylarida mustaqil taʼlim oladi, vazirlik va hokimliklarda stajirovka oʻtaydi. Shuningdek, attestatsiya natijalariga koʻra yuqori koʻrsatkichlarga erishgan 20 nafar tinglovchi 9 kun Germaniyada oʻquv stajirovkasini oʻtaydi.
Taʼlim dasturi davomida har bir tinglovchi oʻz tumani (shahri)ning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha loyihasini ishlab chiqadi. Tinglovchilarning loyiha ishlariga Akademiya professor-oʻqituvchilari va mahalliy ekspertlar rahbarlik qilib boradi.
Taʼkidlash kerakki, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan dastur ishtirokchilari sifatida bugungi kunda tuman (shahar) hokimlari lavozimiga zaxiraga olingan kadrlar orasidan ularning eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga (KPI) muvofiq, 56 nafar nomzod tanlab olindi.
Mazkur dasturda ishtirok etish boshqaruv kadrlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha professional kompetensiyalarini oshirishga, shuningdek, ularning ilgʻor xorijiy tajriba bilan tanishishlari uchun keng imkoniyat yaratadi.
Shu bilan birga, ularning davlat boshqaruvining siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy asoslari, shaharsozlik va qurilish industriyasi, muhandislik kommunikatsiya va uy-joy kommunal xoʻjaligini samarali yuritish, qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish kabi yoʻnalishlarda ham bilim va koʻnikmalari rivojlantiriladi.
Qoʻshma Boshqaruv kadrlarini tayyorlash maktabining ochilishiga bagʻishlangan marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federativ Respublikasi Kansleri Olaf Shols ishtirok etdi.