Respublikamizda isteʼmol qilinayotgan oʻsimlik moyining 230 ming tonnasini kungaboqar moyi, 203 ming tonnasini paxta moyi, 48 ming tonnasini zigʻir, palma, maxsar, zaytun va boshqa moylar tashkil etadi.

Mamlakatimizda 500dan ortiq yirik va kichik yogʻ-moy korxonalari mavjud boʻlib, shundan 300 tasi sanoat korxonalari, 200dan ortigʻi kichik korxonalar hisoblanadi. Korxonalarning moyli xom ashyolarni qayta ishlash yillik quvvati 4,3 million tonnani tashkil etadi, jumladan, 3,3 million tonna paxta chigitini hamda 1,0 million tonna soya, kungaboqar va boshqa turdagi xom ashyolarni qayta ishlash quvvati mavjud.

Oʻtgan asrning 90 yillarida asosan paxta chigiti qayta ishlangan boʻlsa, hozirgi kunga kelib soya, kungaboqar va boshqa turdagi xom ashyolarni qayta ishlash hajmi bir necha oʻn barobarga koʻpaydi. Agarda mahalliy sharoitda 2019-yilda 44,3 ming tonna xom ashyo yetishtirilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2020-yilda

46,1 ming tonnani tashkil qildi. 2021-yilda 305 ming gektar maydonda soya, kungaboqar, maxsar yetishtirish hisobiga 363 ming tonna hosil jamgʻarilishi koʻzda tutilmoqda.

Yogʻ-moy mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish maqsadida uyushma korxonalari tomonidan joriy yilda qariyb 5 trillion soʻm, yanvar-sentyabr oylari davomida 3,3 trillion soʻm miqdorida mahsulot ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Yil yakuniga qadar faqatgina uyushma tarkibidagi korxonalar tomonidan 220 ming tonna oʻsimlik moyi va

33,5 ming tonna margarin ishlab chiqariladi. 2022-yilda esa 233 ming tonna oʻsimlik moyi, 35,5 ming tonna margarin tayyorlanadi.

Ichki bozorda yogʻ-moy mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash maqsadida mamlakatimiz rahbari tomonidan bir qator meyoʼriy hujjatlar qabul qilindi, jumladan:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021-yil 29-aprel kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun imzolandi. Natijada 2021-yil 1-maydan 31-dekabrgacha Oʻzbekiston hududiga oʻsimlik yogʻi, kungaboqar va zigʻir urugʻi, shuningdek soya donini olib kirish hamda oʻsimlik yogʻini (paxta yogʻidan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilindi.

Shuningdek, Yurtboshimizning oʻtgan yilning 27-oktyabridagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi farmoni ilovasining 7-bandiga asosan bundan buyon paxta texnik chigitini toʻliq texnologik sikl (magʻizni yanchish, gidrotermik ishlov berish, presslash, ekstraksiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash va qadoqlash sexlari)da qayta ishlangan mahsulotlar tegishli gigiyenik xulosasi va muvofiqlik sertifikatlariga ega mahalliy korxonalarga birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi. Bu esa ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmining oshishiga va uning sifati yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu farmon kuchga kirgunga qadar paxta chigitini xarid qilayotgan bir qator korxonalar xom ashyoni toʻliq siklda texnologik jihatdan chuqur qayta ishlash imkoniga ega emas edi, shu sababli yiliga kunjara tarkibida 20-25 ming tonna paxta moyi yoʻqotilardi.

Paxta chigitining hozirgi narxidan kelib chiqilsa, 1 tonna chigit va uni qayta ishlash xarajatlari oʻrtacha miqdori 5,2 million soʻm, ishlab chiqarilgan mahsulotlar narxi 5,5 million soʻmni tashkil etadi. Shunda 1 tonna paxta chigitini qayta ishlashda 1 kilogramm paxta yogʻini 16 ming soʻmdan, 1 kilogramm shrotni 3,6 ming soʻmdan, 1 kilogramm sheluxani 3,3 ming soʻmdan sotganda korxona 300 ming soʻm miqdorida foyda koʻradi xolos.

Agarda 2021-yilda aholi ehtiyoji uchun talab etiladigan 483 ming tonna oʻsimlik moyining 296 ming tonnasi mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilib, 187 ming tonna tayyor oʻsimlik moyi importi amalga oshirilsa, bu koʻrsatkich mutonasib ravishda 2022-yilda 348 ming tonna va 117 ming tonnani tashkil etadi. Yoki import hajmi bir yilda 70 ming tonnaga kamayadi. 2026-yilda mahalliy korxonalar tomonidan 405 ming tonna oʻsimlik moyi ishlab chiqarilishi va 80 ming tonna tayyor oʻsimlik moyi importi amalga oshirilishi kutilmoqda. Koʻrib turganingizdek, import hajmi 2026-yilgacha keskin qisqaradi, natijada oʻsimlik moyi narxiga tashqi omillar koʻrsatadigan salbiy taʼsirning oldi deyarli olinadi.