Koʻrilgan choralar natijasida 20 mlrd soʻmga yaqin mablagʻlar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Ushbu holatlar yuzasidan respublikadagi 129 ta quruvchi korxonalarning shartnomalari tahlil qilinganda quyidagilar aniqlandi:
- 80 foiz shartnomada quruvchi korxonalarga qayta hisob-kitob huquq ustuvorligi berilgan boʻlsa, atigi 20 foizda har ikkala taraflarga mazkur huquqlar belgilangan;
- 58 foiz shartnomada koʻrsatilgan umumiy maydon qurilishi yakuni boʻyicha maydonlar orasida tafovut mavjud boʻlganda qayta hisob-kitob huquqi belgilanmagan;
- 37 foiz shartnomalarda xonadon ichida amalga oshiriladigan qurilish ishlari toʻgʻrisida majburiyatlar kiritilmagan;
- 18 foiz shartnomalarda quruvchi va isteʼmolchining huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida bandlar kiritilmagan;
- 39 foiz shartnomalarda qurilish obyektining topshirish muddati koʻrsatilmagan;
- 51 foiz shartnomalarda qurilish topshirilishining har bir kechikkan kuni uchun quruvchi tomonidan toʻlanadigan penya belgilanmagan;
- 86 foiz shartnomalarda quruvchi va isteʼmolchi tomonidan shartnomani bekor qilishni talab qilish huquqi belgilangan, (shundan, 41 foizida shartnomani har ikkala tomonning manfaatlari koʻzlangan boʻlsa, 59 foizida faqatgina quruvchi korxonaning manfaatlari koʻzda tutilgan) 14 foizida esa shartnomani bekor qilish toʻgʻrisida band kiritilmagan;
- shuningdek, shartnoma tuzilgandan soʻng, dastlabki toʻlov muddati 30 kundan oshmasligi qayd etilgan boʻlsa, 74 foiz holatda shartnoma bir tomonlama bekor boʻlganda xaridorga toʻlovni qaytarish muddati 30-180 kun va ayrimlarida esa 24 oydan 36 oygacha etib belgilangan;
- 84 foiz shartnomalarda xonadonni xaridor tomonidan qabul qilib olingandan soʻng, quruvchi tomonidan unga kafolat muddati belgilanmagan;
Yaʼni kafolat muddati davomida xonadonda nuqsonlar aniqlansa, quruvchi tomonidan bartaraf etish majburiyati 82 foiz holatda belgilanmagan.
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan,
- davlat isteʼmolchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olishi va undan foydalanish chogʻidagi huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlashi;
- isteʼmolchi sotuvchi bilan shartnomaviy munosabatlarda qonunchilikda nazarda tutilgan oʻz talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa egaligi belgilangan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4732-son qaroriga muvofiq, koʻp kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslarning mablagʻlarini jalb qilish faqat yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan hamda ulush kiritish asosida qurish uchun mablagʻlarni jalb etuvchi quruvchilarning elektron roʻyxatiga kiritilgan quruvchilar tomonidan amalga oshirilishi mumkinligi belgilangan.
Bunda, Elektron roʻyxatga kiritish uchun quruvchilar quyidagi talablarga javob berishlari lozim:
- koʻp kvartirali uylarni qurish uchun belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasi va qurilish ishlarini amalga oshirishga birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar mavjudligi;
- loyiha-smeta hujjatlari va ijobiy ekspertiza xulosasi mavjudligi;
- texnik va mualliflik nazorati hamda davlat nazoratini amalga oshirish boʻyicha tegishli shartnomalar tuzilganligi va boshqa talablar mavjud.