Xususan, soʻnggi vaqtlarda shaffof va demokratik tamoyillarga asoslanib oʻtkazilayotgan saylovlar tobora ommaviylashib borayotgani xalqaro ekspertlar tomonidan ham qayd etilmoqda. Jumladan, Saylov tizimlari boʻyicha xalqaro jamgʻarma tomonidan oʻtkazilgan maxsus tadqiqotlarga koʻra, 1950-yillarda dunyo mamlakatlarida oliy darajadagi hokimiyat organlariga 200 ga yaqin saylov oʻtkazilgan boʻlsa, 1990-yillarda ularning soni 600 tani, 2010-yillarda esa oʻrtacha 800 tani tashkil etgan.
Oʻzbekistonda ham saylovlar siyosiy tizimning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Mustaqillik yillarida mamlakatda demokratik saylovlar oʻtkazish, tom maʼnoda, muhim ijtimoiy-siyosiy anʼanaga aylandi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan buyon 5 ta Prezidentlik saylovlari oʻtkazildi.
Xususan, birinchi Prezidentlik saylovi 1991-yil 29-dekabrda oʻtkazilgan boʻlib, ushbu saylovlarda ishtirok etgan saylovchilar soni 9 mln 900 ming 958 nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2016-yil 4-dekabr kuni beshinchi bor oʻtkazilgan Prezidentlik saylovida ovoz beruvchilar soni 20 mln 461 ming 805 nafarni tashkil etgan.
Shu bilan birga, dastlab Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan Prezidentlik saylovlarida Oʻzbekiston xalq-demokratik partiyasidan hamda Erk demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzodlar koʻrsatilgan boʻlsa, oʻtgan vaqt davomida mamlakat siyosiy hayotidagi islohotlar va koʻppartiyaviylik amaliyotining yoʻlga qoʻyilishi natijasida joriy yilga kelib Prezidentlik saylovlarida ishtirok etuvchi partiyalar soni beshtaga yetdi.
Xususan, kuni kecha boʻlib oʻtgan Markaziy saylov komissiyasining yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 63-moddalariga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Ekologiya partiyasi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishga ijozat berishni soʻrab taqdim qilgan hujjatlarini koʻrib chiqilib, mazkur partiyalarga 2021-yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berish toʻgʻrisidagi qarorlari qabul qilindi.
Shuningdek, oʻtgan besh yil mobaynida xalqimiz, mamlakatimiz hayoti, jamiyatimiz hamda milliy saylov qonunchiligimiz ulkan oʻzgarishlarga yuz tutdi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil
22-dekabrda Oliy Majlis palatalariga qilgan Murojaatnomasida saylov qonunchiligini takomillashtirish, xalqaro norma va standartlarga javob beradigan yaxlit hujjat qabul qilish tashabbusi ilgari surildi. Qisqa vaqt ichida milliy qonunchiligimizdagi saylovga oid beshta huquqiy hujjatni oʻzida birlashtirgan saylov kodeksi ishlab chiqildi.
2019-yil 26-iyundan kuchga kirgan Oʻzbekiston Respublikasining saylov kodeksi mamlakatimizning siyosiy tarixida katta ahamiyatga ega boʻlib, Prezidentlik, parlament va mahalliy vakillik organlari saylovlarini tashkil etish va oʻtkazishni tartibga soluvchi qonunlarni oʻzida birlashtirgan asosiy hujjat sanaladi.
Xususan, yangidan qabul qilingan Saylov kodeksida YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi tavsiyalari hamda umumiy saylov huquqi, teng saylov huquqi, yashirin ovoz berish huquqi kabi tamoyillar oʻz aksini topgan. 2021-yilning 31-may kuni imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni fuqarolarning saylov huquqlarini kafolatlash, saylovoldi jarayonida hamda saylovda qonun ustuvorligini taʼminlash, aholi keng qatlamiga oʻz fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berdi.
Yaʼni qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirish sabab Oʻzbekistonda 2021-yil oʻtkazilishi rejalashtirilgan Prezidentlik saylovi joriy yilning dekabr oyidan oktyabr oyiga koʻchirildi va saylovchilarning ovoz berishda ishtirok etish vaqti ertalabki 08.00 dan kechki 20.00 gacha etib belgilandi. Qonunchilikka kiritilgan har bir oʻzgartirish jarayonida minglab saylovchilarning istak va takliflari hisobga olindi. Bu esa saylovchilarimizga anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan saylovlar vaqtidagi kabi qishning qahraton va sovuq kunlarida ertalabki 06.00 dan ovoz berishda ishtirok etishda duch keladigan muammolari kabi koʻplab salbiy holatlarning bartaraf etilishiga zamin yaratdi.
Jumladan, Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 18-bandida ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni yuksak saviyada oʻtkazish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash vazifasi yuklatilgan. Mazkur band ijrosini taʼminlash maqsadida 2021-yil 14-aprelda Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Asosiy tadbirlar dasturini tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Bu esa, Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi asosida oʻtadigan Prezident saylovida konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, yaʼni davlat rahbari davriylik prinsipi asosida saylanishini taʼminlaydi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni yuksak saviyada oʻtkazish boʻyicha aniq choralarni belgilash maqsadida 2021-yil 7-iyun kuni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining “Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish buyicha Milliy harakatlar dasturi toʻgʻrisida”gi Qoʻshma qarori qabul qilindi. Mazkur Qoʻshma qarorda 5 yoʻnalish boʻyicha 35 ta banddan iborat “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan. Jumladan, ushbu yoʻl xaritasida belgilab berilgan har bir vazifaning aniq bajarilish muddati va unga masʼul boʻlgan idoralar belgilab berilgan.
Xususan, qarorda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faolligini oshirishga qaratilgan vazifalar ham nazarda tutilgan boʻlib, 2021-yil 1-sentyabrdan hududlarda fuqarolik jamiyati institutlarining fuqarolarni saylov madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan loyihalari buyicha “Erkin saylovlarga 30 yil” mavzusida davlat granti tanlovini oʻtkazish, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning saylov huquqlarini ruyobga chiqarishga koʻmaklashish buyicha “Saylov uchastkasiga yoʻl” ijtimoiy loyihasini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, oʻtgan vaqt davomida Oʻzbekistonda saylov qonunchiligi hamda saylovlarni oʻtkazish yuzasidan demokratik tamoyillarni toʻlaqonli oʻzida aks ettirgan tizim yaratildi. Ushbu tamoyillar asosida oʻtkazib kelinayotgan Prezidentlik, parlament va mahalliy vakillik organlari saylovlariga YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi kabi koʻplab xalqaro tashkilot va kuzatuvchilar tomonidan yuqori baho berilmoqda.
Ilhom JOʻRAYEV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Davlat va jamiyat qurilishi
tizimini takomillashtirish
boʻlimi bosh mutaxassisi