2023-yil 1-iyul holatiga Pensiya jamg'armasidan pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 4 million 470 ming 29 nafarni tashkil qiladi. Shundan pensiya oluvchilar 3 million 854 ming 614 nafar, nafaqa oluvchilar 615 ming 415 nafarga teng.
Berilgan ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda 650 nafardan ortiq fuqaro 50 dollardan kam pensiya oladi. Bu 652,9 ming nafar pensioner degani.
Joriy yil 1-iyul holatiga ko'ra, eng yuqori ish haqi bilan pensiya (hisoblangan) tayinlangan fuqarolar 401,9 ming nafarni va eng kam miqdorda pensiya oluvchilar 652,9 ming nafarni tashkil etadi.
Eng kam pensiya va nafaqa miqdorlari O'zbekiston Prezidentining 2023-yil 28-martdagi “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to'g'risida”gi PF-45-son farmoni hamda 2023-yil 28-iyuldagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-120-sonli farmoniga muvofiq minimal iste'mol xarajatlari miqdoriga etkazildi, deya ma'lum qildi jamg'arma.
Statistika agentligi O'zbekistonda 2023-yil uchun hisoblangan minimal iste'mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 568 ming so'mni (47 dollar) tashkil etishini xabar qilgandi. Bu yuqorida ochiqlangan 652,9 ming fuqaro olayotgan eng kam miqdordagi pensiya 50 dollarga ham etmasligini anglatadi.
Ma'lumot uchun, joriy yilning yanvar-iyun oylarida yangi tayinlangan pensiyalar va nafaqalar:
yoshga doir pensiyasi oluvchilar – 121 620 nafarni;
nogironlik pensiyasi oluvchilar – 15 326 nafarni;
boquvchisini yo'qotganlik pensiyasi oluvchilar – 9 255 nafar oilani;
shuningdek, nafaqalar – 55 015 tani tashkil etdi.