Tadbir doirasida kecha poytaxtimizdagi “Renessans-xoll” majmuasida “Oʻzbekistonda soʻz erkinligi va OAV, ijtimoiy tarmoqlarning keng rivojlanishi – demokratik qadriyatlarni kengaytirish yoʻlida” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Konferensiya “Oʻzbekistonda soʻz erkinligini taʼminlashning bugungi holati: islohotlar va ularning natijalari” va “Yangi Oʻzbekistonda soʻz erkinligi – demokratik qadriyatlarning kengayishi poydevori sifatida” mavzularidagi 2 ta sessiyada tashkil etildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan xorijiy va mahalliy ekspertlar ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ular faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, jurnalistika sohasini rivojlantirish boʻyicha oʻz fikr va mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda axborot siyosatini mustahkamlash, soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash, OAV rivojlanishi borasidagi islohotlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishini taʼminlash boʻyicha muhim qoida va tamoyillar mustahkamlandi. Ayni paytda davlat idoralari va mahalliy hokimliklar tarkibida axborot xizmatlari yoʻlga qoʻyilgani xalq bilan muloqotni kuchaytirishga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda. Ayni paytda vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlarida 1,5 ming nafarga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, Ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi soddalashtirildi, soliq imtiyozlari va yengilliklar taqdim etildi. Bular natijasida Oʻzbekiston axborot makonida sezilarli oʻzgarishlar yuz berdi. Xususan, 2017-2023-yillar mobaynida internet foydalanuvchilari soni ikki barobardan ziyodga (14,7 milliondan 31 milliongacha) oshdi. Ommaviy axborot vositalari soni esa 2016-yilga nisbatan 55 foizga koʻpayib, 1514 tadan 2349 taga yetdi.
Zulhumor Akbarova