Soʻz erkinligi xususida uch ogʻiz erkin soʻz

    Hech oʻylab koʻrganmisiz, oʻrta avlod vakillarini birdek “dumalatadigan” Hojiboyning hazillariga bugungi yoshlar hatto miyigʻida ham kulib qoʻymaydi.

    Oxirgi olti-yetti yillik islohotlar natijasini xomchoʻt qilib koʻrsak, chindan yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi har bir kun biz uchun avvallari xayolimizga ham kelmagan imkoniyat va istiqbollarni yaratib berdi, yaratishda davom etmoqda.

    Bu gap quruq sifatlardan iborat emasligi, samarasi allaqachon koʻrina boshlaganini birgina hayotiy misol bilan tushuntirsam: hech oʻylab koʻrganmisiz, oʻrta avlod vakillarini birdek “dumalatadigan” Hojiboyning hazillariga bugungi yoshlar hatto miyigʻida ham kulib qoʻymaydi.

    Nega? Boisi, Hojiboy Tojiboyev tomonidan oʻz davrida “qogʻozga oʻrab” aytilgan koʻplab ijtimoiy muammolar ayni damda hal etilgani uchun oshkor etishning imkoni boʻlsada, uni tanqid qilish zarurati qolmagan.

    Ha, oʻsha payti xalqni kuldirgan asosiy mavzu, aslida, xalqning oʻzi his qilgan ogʻriq edi. Bugun esa qiziqchi koʻtargan mavzularning barchasi, deylik, paxtaga chiqib majburiy mehnat qiladigan oʻquvchi va oʻqituvchilar, oʻzboshimcha traktorchilar, sport va taʼlimdagi tanish-bilishchilik, koʻzboʻyamachilik, tor doira uchungina amalda boʻlgan soʻz erkinligi va bosh qa koʻplab muammolar oʻz yechimini topdi. Tabiiyki, undan keyin tugʻilib voyaga yetgan avlod oʻz huquqi, oʻz erkini talab qilolmay, etagini olib qor qoplagan paxta egatiga kirib ketishni tasavvuriga ham sigʻdirolmagani uchun qiziqchining hazillariga miriqib kulolmaydi. Bundan keyin ham kulolmasin, axir maqsadimiz shu ediku — kechagi yaralar bitib, chandigʻi koʻrinmay ketsin.

    Bosh qonun darajasidagi talab

    Muayyan jamiyat yillar davomida soʻz erkinligi, fikr erkinligi, inson farovonligiga ega boʻlib yashasa, keyinchalik mana shu erkinliklarsiz hayotini tasavvur qila olmaydigan butun boshli avlod paydo boʻladi.

    Soʻz va amalning birligi ham insoniylikning ajralmas tarkibiy qismidir. Kecha soʻzning haddan ziyod jozibadorligi hamda amalning yoʻqligi, soʻz va amal orasidagi yuhoday huvillab yotgan dasht zamonamizning katta fojiasi edi, bugun shu dashtni gulistonga aylantirishga bel bogʻlaganmiz.

    Kecha erkin matbuotning nomigina qolib, har bir soha boʻyicha alohida muqobil axborot paydo boʻlgandi. Bu axborot xolis insonlar tomonidan qilinmadi, natijada u yoki bu yangilikning berilishidan manfaatdor qatlam bu ishni oʻz zimmasiga oldi. Ushbu yolgʻon hisobotlar shaklida ham, joylardagi rahbarlarning “choʻntak jurnalistlari” yordamida ham amalga oshirildi. Koʻzboʻyamachilik, yoʻq yutuqlarni koʻrsatishga urinish, ayblarni xaspoʻshlash avj oldi. “Yuqoridagilar” oldida topshiriqlar bajarilayotgani, xalqning rozi ekani haqida turli illyuziyalar paydo boʻldi. Qarorlar va qonunlar chiqarishda xalqning kayfiyati, istaklari, ehtiyojlari aks etmaslik holatlari koʻpaydi. Oʻz navbatida, xalq ham yuqorida oʻz istaklari, ehtiyojlarini koʻrmagach, oʻrtada katta jarlik hosil boʻldi. Rahbarlar xalq oldidagi masʼuliyatini unutganidek, odamlar ham davlat oldidagi masʼuliyatni unuta boshlagan edi.

    Bugunchi? Bugun chuqur surishtiruvlar olib borayotgan jurnalistlar faoliyatiga kimdir qasddan aralashsa, javobgarlikka sabab boʻluvchi Konstitutsiya darajasidagi talabni qabul qilmay iloji yoʻq. Bugungi soʻz erkinligini kim yaratdi, davlatmi yoki xalq? Menimcha, birgalikda yaratildi. Jamiyat shu narsasiz yashab boʻlmasligini, soʻz va matbuot erkin boʻlmasa, turmush tarzimiz sira yaxshilanmasligini his qilib, soʻz erkinligiga ehtiyoj sezdi.

    Soʻz erkinligi, tanlov huquqi ham bir masʼuliyat ekanini tushundi. Insonning u yoki bu gapni gapirish, u yoki bu fikrdan birini tanlash imkoniyatiga ega boʻlishi unda masʼuliyat tuygʻusini paydo qiladi. Aynan masʼuliyat bor joyda yangi gʻoyalar tugʻiladi, turgʻunlik kayfiyatidan chiqib ketiladi.

    Soʻz erkinligi fikr erkinligidan boshlanadi

    Davlat deb ataluvchi ijtimoiy va siyosiy hodisa odam tabiati hamda materiya bilan tutashib ketgan siyosiy institut ekanini inobatga olsak, zoʻravonlikka asoslangan eskicha maʼmuriy buyruqbozlik tizimi qoldiqlari nihoyat barham topish arafasida turibdi, koʻppartiyaviylik, gʻoya va fikrlar xilma-xilligi odatiy holga aylanib bormoqda.

    Avvalgi tahriridan farqli oʻlaroq, Konstitutsiyamizning yangilangan koʻrinishi asosiy gʻoyasi ham shaxs huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini, inson shaʼni va qadr-qimmatini taʼminlashga qaratildi.

    Shuning oʻzi inson qadriga hurmat ifodasi boʻldi. Shuning oʻzi mamlakatning har bir fuqarosi uchun tinch va xavfsiz hayot, fundamental huquq hamda erkinliklar, malakali tibbiy xizmat, sifatli taʼlim, kuchli va manzilli ijtimoiy himoya hamda sogʻlom ekologik muhit taʼminlanishini, munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmaning bosqichma-bosqich yaratilishini anglatdi.

    Masalan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega boʻlish, oʻz shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga egaligi belgilandi. Shuningdek, yozishmalar, telefon soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa maʼlumotlar sir saqlanishi, shaxsga doir maʼlumotlar himoya qilinishi huquqiga egaligi ham Konstitutsiya darajasida belgilab qoʻyildi.

    Eʼtiborlisi, shaxsning oʻzi haqida notoʻgʻri toʻplangan maʼlumotlarning tuzatilishi yoki qonunga xilof ravishda toʻplangan maʼlumotlarning yoʻq qilinishini talab etish huquqi ham oʻz ifodasini topdi.

    Sababi, axboriy muhitning rivojlanishi va u hayotimizni tobora kengroq oʻrab olishi bilan shaxsga doir maʼlumotlarning ham ommaga sizdirilishi, oshkor boʻlishi ehtimoli kuchaydi. Konstitutsiya esa insonlarni ana shunday shaxsiy hayotga tajovuzdan himoya qiladi.

    Bosh qonunimizga har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi, istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga egaligi belgilanishi bilan birga davlat internet tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoit yaratishi alohida band sifatida kiritildi. Bunda axborotni cheklash faqat qonunga muvofiq amalga oshirilishi demokratik norma sifatida belgilangan.

    Axborot vositalari orqali xabarlar tarqatish va qabul qilish hayotimizning ajralmas qismidir. Bugun internet nashrlar gurkirab borayotgan bir davrda OAV rivoji va hayotiy islohotlar bilan yangi normalarga ehtiyoj paydo boʻldi.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada OAV erkinligi va ular qonunga muvofiq ishlashi hamda senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi haqidagi mavjud normaga qoʻshimcha band sifatida aniq qilib davlat ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi deb belgilangani demokratik tamoyillar kuchayganini koʻrsatdi.

    Ochigʻini aytganda, OAV faoliyatiga ayrim aralashuv va toʻsqinlik qilishlar ham yuz berdi. Shulardan kelib chiqib, takliflar asosida Konstitutsiyada senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi bilan birga ommaviy axborot vositalari faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi mustahkamlab qoʻyildi. Konstitutsiyaning avvalgi tahririda ham senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi boʻyicha modda bor edi. Ammo har doim ham amaldagi isbotini koʻrmagandik.

    Qonuniy asoslar, huquqiy kafolatlar yetishmagan yoki amal qilmagan joyda soʻz qudratga ega boʻlmay qoladi. Shu jihatdan olib qaraganda, soha vakillari uchun soʻzning qonuniy asoslari muhimroq. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ana shu holat bilan bogʻliq vaziyatlarda javobgarlik qatʼiy belgilanganining boisi ham shunda. Yaʼni senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi talabi qonuniy nazoratga olinsagina, jurnalistlar chin maʼnoda emin-erkin ishlaydi.

    Siyosiy fazilat

    Soʻz erkinligiga chegara kerakmi? Bu savolga quyidagicha javob berish mumkin: soʻz erkinligi taqdim etadigan chegara makoni shunchalik kengki, allaqanday ulkan ish qilish uchun undan chiqishingiz shart emas, unga ehtiyoj sezmaysiz. Ammo chegaralar adolatli oʻrnatilmasa, soʻz erkinligi boshqa qadriyatlar bilan toʻqnashganda maqomi mujmal belgilansa, u oʻziga qarshi ishlay boshlaydi — erkinlik qadriyati yoʻqoladi.

    Erkinlik qadriyati yoʻqolsa, moyil qalblar shuhratparastlikka toʻladi va hamma taʼmagirlikni yuqtiradi. Istak predmetlari oʻzgaradi: ilgari sevganlarini endi sevmay qolishadi. Ilgari qonunlarga koʻra erkinlik bor edi, endi esa noqonuniy erkinlikni istashadi. Qoida boʻlgan narsa endi qattiqqoʻllik boʻlib tuyula boshlaydi, intizom boʻlgan narsa cheklovga aylanadi, ehtiyotkorlikni qoʻrqoqlik, moʻtadillikni ochkoʻzlik deb atashadi. Shu sababdan bizga siyosiy tarbiya, fazilat kerak.

    Hech bir boshqaruv shakli respublika boshqaruvi kabi tarbiya koʻmagiga ehtiyoj sezmaydi. Despotik davlatlarning prinsipi boʻlmish qoʻrquv tahdid va jazolar taʼsirida oʻz-oʻzidan tugʻilaveradi, monarxiyalardagi sharaf insonning lahzalik kechinmalarida oʻz ifodasini topadi va bir vaqtning oʻzida sharaf insonlarning tayanchi boʻlib ham xizmat qiladi. Lekin biz kabi demokratik davlatlarda siyosiy fazilat muhim. Siyosiy fazilat fidoyilik, jonbozlikdir va bu fazilatni tarbiyalash doim qiyin kechgan.

    Jamiyat manfaatini shaxsiy hayotdan mudom ustun qoʻyishni talab qiladigan bu muhabbat barcha xususiy fazilatlar asosida yotadi va u biz oʻylagandan ancha aʼlo fazilatdir.

    Xoh u jurnalist boʻlsin, xoh muallim, fidoyilik, haq-huquqidan xabardor, siyosiy, ijtimoiy, axboriy savodxon boʻlsa, bu biz va biz kabi davlatlarda alohida kuch kasb etadi. Faqat mana shunday odamlar, mana shunday jamiyat bilan har neni oʻzgartirish mumkin. Shundagina davlat boshqaruvi har bir fuqaroga ishonib topshiriladi.

    Qonunlarni saqlab qolish uchun ularga muhabbatli boʻlish kerak. Biz hech qachon monarxiyani sevmaydigan hukmdor yoki despotizmni yomon koʻradigan despot haqida eshitmaganmiz. Binobarin, demokratiyaga asoslangan mamlakatimizda demokratiyaga muhabbatni qaror toptirish lozim, aynan shu tarbiya bilan barcha insonlar emlanishi kerak.

    Faylasuf va huquqshunos Sharl Monteske aytmoqchi, bolalarga vatanga muhabbat tuygʻusini singdirishning eng toʻgʻri yoʻli vatan muhabbatining otalarda boʻlishidir.

    Azizbek YUSUPOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri