“Biogenetik” ilmiy ishlab chiqarish korxonasi direktori Olimjon Yusupov “Innoweek.uz – 2020” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasidagi koʻrgazmada ushbu qurilma haqida maʼlumot berdi.
Uning aytishicha, qurilma koronavirusni oʻldirish xususiyatiga ega boʻlib, bir necha bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan.
“Qurilma oʻzidan toʻyintirilgan elektronlar chiqaradi. Dastlabki sinovlarda ob-havodagi barcha zararli mikroblarni yoʻq qildi. Uni takomillashtirib yangi modelini yaratgach, koronavirusga ham sinov oʻtkazib koʻrdik. Natijalar ijobiy chiqdi. Qurilma havodagi va narsalar yuzasidagi koronavirusni butkul yoʻq qildi.
Maqsadimiz, havodagi virusni zararsizlantirgandan soʻng, uni yerga tushirib yuvib tashlamoqchi edik. Shu jarayonda havodagi virusni qobiqqa ola oldik. Mikrob parchasini yerga tushirdik, keyingi bosqichda nihoyat virusni havoda turgan joyida oʻldira oldik.
Bu qurilmaga vaksina yoki boshqa biror dori qoʻshilmagan. Texnologiyaning oʻzi viruslarni oʻldirish xususiyatiga ega. Stol-stul boʻladimi, kiyim-kechak boʻladimi, hammasining sirtidagi virusni daf qiladi”, – deydi u.
Olimjon Yusupoving soʻzlariga koʻra, uskuna 12 voltli tokda ishlaydi. Tok yoʻq paytda batareyadan ham foydalanish mumkin.
“Qurilmamiz turli sinovlardan samarali oʻtdi. Xususan, klinik sinovlar ham nihoyasiga yetdi. Natija juda yaxshi.
Buning narxi arzon boʻladi, chunki uskuna oʻzimizda ishlab chiqariladi va uning tarkibiy qismlari ham oʻzimizniki.
Qurilmani avtomobillar uchun ham ishlab chiqdik. Tez tibbiy yordamda foydalanilayotgan “Damas” va “Honda”da sinaldi. Yaxshi natija berdi. 12 volt mashina uchun muammo emas”, – dedi Yusupov.
“Biogenetik” korxonasi direktoriga koʻra, yangi texnologiya xona oʻlchami va odamlar soniga qarab turli kattaliklarda ishlab chiqariladi. Masalan, katta hajmdagi qurilmalar operatsiya xonalari, klinika, kafe kabi odam koʻp kelib-ketadigan joylarga moʻljallangan. Kichik qurilma esa 50–100 kvadrat metrli xonani 5 daqiqa ichida viruslardan tozalay oladi.
“InnoWeek.uz – 2020” haftaligining ilk kunida mazkur qurilmani ishlab chiqarish boʻyicha “Genotexnologiya” kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Maʼlum qilinishicha, yaqinda qurilmani ishlab chiqarish ishlari boshlab yuboriladi.
Bu yilgi innovatsion gʻoyalar haftaligi onlayn tarzda, 3–8 noyabr kunlari oʻtkazilmoqda. Xalqaro tadbirni tashkil etishda maxsus platforma yaratilgan boʻlib, unda dunyoning 50dan ortiq mamlakatidan 2000 nafar ishtirokchi turli gʻoya va ishlanmalari bilan qatnashyapti.