Maqolamizni ikki qismga boʻldik. Dastlab, mamlakatimizda keyingi yillarda tashqi mehnat migratsiyasi bilan bogʻliq ijobiy oʻzgarishlar va xorijda ishlash istagidagi fuqarolarimizga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida qisqacha bayon qilsak, ikkinchi qismda esa mana shu islohotlar tufayli Germaniyaga ishlash uchun ketgan oʻzbekistonlik hamshiralarning bugungi faoliyati tahlil qilinadi.
IMKONIYAT VA IMTIYOZ EPKINLARI
Inson oʻzi tugʻilib oʻsgan elda baxtiyor yashashni, bir kasbning etagidan tutishni, shu orqali oilasiga, elu yurtiga naf keltirishni istaydi. Ayrim yurtdoshlarimiz borki, ular oilasidan, vatanidan olisda tahsil olmoqda, mehnat qilmoqda.
Bugun xorijda oʻqish yoki ishlash avvalgidek xavotirli boʻlmay qoldi. Chunki chet eldagi vatandoshlarimiz, vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarimiz davlatimiz himoyasiga oʻtdi. Ularning oila aʼzolariga ham alohida eʼtibor qaratila boshlandi.
Prezidentimiz tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi vakolatli organlar faoliyatini takomillashtirish, xorijda ishlamoqchi boʻlgan shaxslarni talab yuqori kasblarga oʻqitish, fuqarolarning chet elda boʻlish davrida huquqlarini himoya qilish, qaytib kelgan mehnat migrantlari bandligini taʼminlash, oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2020-yil 15-sentyabrda “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Qaror muqaddimasida taʼkidlanganidek, keyingi yillarda xorijda ishlayotgan fuqarolarga nisbatan munosabat tubdan oʻzgarib, mehnat migrantlari bilan samarali muloqot oʻrnatildi, ularning muammo va ehtiyojlarini oʻrganish hamda hal qilish boʻyicha yangi tizim joriy qilindi.
Shunday ekan, Prezident qarorida bu boradagi munosabatlarni yanada yaxshilash maqsadida qanday chora-tadbirlar belgilandi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Avvalo, mazkur qaror bilan zamon talablari asosida qator muhim asosiy yoʻnalishlar belgilandi.
Mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlik rivojlantirilishi, xorijdagi vatandoshlar tashkilotlari va oʻzbek diasporalari bilan aloqa mustahkamlanishi boʻyicha vazifa qoʻyildi. Xorijga ishlashga ketishdan oldin fuqarolarni kasb-hunarga va xorijiy tillarga oʻqitish, ularga kasbiy malakani tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlar berish masalasi eʼtiborga olindi. Mehnat migrantlarini moliyaviy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, hayoti va sogʻligʻini sugʻurtalash, xorijdan qaytib kelganidan keyin bandligini taʼminlash masalalari ham chetda qolmadi.
Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyati yuritayotgan fuqarolarimizning bugungi va kelajak hayoti uchun mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda migrantlar huquqi mustahkamlandi. Davlatimiz oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham fuqarolarini himoya qilishi va homiylik koʻrsatishi Konstitutsiya darajasida kafolatlandi.
OʻZBEK HAMSHIRALARI MALAKASI GERMANIYADA HAM TAN OLINMOQDA
Endi xorijda ishlash istagini bildirgan yurtdoshlarimizdan alohida tayyorgarlik talab etilayotir. Kasb malakasidan tashqari, borayotgan mamlakati tilini ham puxta oʻrganish ularning oʻziga ishonchini oshiradi. Turli dasturlardan muvaffaqiyatli oʻtib, til oʻrganib, xorijga yoʻl olgan, faoliyat yuritayotgan fuqarolarimiz davlatimiz himoyasidan mamnun. Ana shunday dasturlardan biri Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Shveysariyaning “GLOBOGATE Concept AG.” tashkiloti oʻrtasidagi kelishuvga asosan tajribali tibbiyot xodimlarini Germaniyaga ishga jalb etishdir. Dasturga muvofiq, bugun oʻnga yaqin yurtdoshimiz Germaniyada faoliyat yuritmoqda.
– Kompaniyamiz Oʻzbekistonda Germaniyada ishlash uchun turli yoʻnalishdagi mutaxassislarni tayyorlash loyihasini amalga oshiruvchi eng yirik tashkilotdir, – deydi “GLOBOGATE Concept AG.” mintaqaviy menejeri Leo Duk. – Maqsadimiz tibbiyot muassasalariga kadr tayyorlash va yetkazib berishdan iborat. Oʻquv kurslarimizda Germaniya tarixi va qonunchiligi, shuningdek, milliy urf-odatlari oʻrgatiladi.
Bunyodjon YOʻLDOSHEV,
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Germaniya boʻyicha mutaxassisi:
– Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Shveysariyaning “GLOBOGATE Concept AG.” tashkiloti oʻrtasida 2021-yilda hamkorlik shartnomasi imzolangan. Unga muvofiq, oʻzbekistonlik oʻrta boʻgʻin tibbiyot hamshiralari Germaniya klinika va shifoxonalarida ish bilan taʼminlanadi. Dastlabki tanlov jarayoni 2021-yil oktyabr va noyabr oylarida boshlangan. 2022-yil yanvar oyidan nemis tilini oʻqitish dasturi yoʻlga qoʻyildi. Dasturga tanlov jarayonida ish beruvchi klinikalar tomonidan saralab olingan nomzodlar jalb etilgan.
Nomzodlar bir qancha talablar asosida saralanadi. Yaʼni Germaniyada ishlash istagini bildirgan oʻrta boʻgʻin tibbiyot hamshirasi imtihonga qadar ishdan toʻliq ozod etilgan, 39 yoshgacha, tibbiyot kolleji yoki texnikumning uch yillik diplomiga ega, davolash va hamshiralik ishlari yoʻnalishida tahsil olgan boʻlishi talab etiladi. Shu talablarga javob beradigan nomzodlarga 10 oy davomida nemis tili oʻrgatiladi. Darslar haftada 5 kun, kuniga 5-6 soat boʻladi. Nemis tili boʻyicha tajribali oʻqituvchi ajratiladi. Bundan tashqari, oʻquvchilar mustaqil shugʻullanadi.
Darhaqiqat, xorijda ishlashni maqsad qilgan yurtdoshlarimizning tilni puxta bilishi, kamida muloqot qila olishi juda muhim. Oʻz kasbining ustasi boʻlsa-yu, suhbatdoshini tushunmasa, tushunsa-yu, fikrini tushuntirib bera olmasa, buning ortidan koʻplab muammolar tugʻilishi mumkin. Ayniqsa, bu tibbiyot sohasi boʻlsa, masʼuliyat yanada ortadi. Imtihon jarayonining murakkabligi ham shunda.
Bugungi kungacha 400 dan ortiq oʻrta boʻgʻin tibbiyot hamshirasi dasturga jalb etilgan. Ulardan 14 nafari nemis tilidan B2 daraja sertifikatini qoʻlga kiritib, Germaniya klinikalarida faoliyatini boshlab yubordi. B2 darajani olgan yana 16 hamshiraga viza rasmiylashtirildi. Ularning bir qismi Germaniyaga yoʻl oldi.
“GLOBOGATE Concept AG.” bilan qoʻshimcha kelishuvga muvofiq yoʻlga qoʻyiladigan 10 oylik dastur davomida fuqarolarning xarajatlari Oʻzbekiston va Germaniya tomonidan toʻliq qoplab beriladi. Oʻzbekiston dasturga qabul qilingan nomzodlar uchun yotoqxona, texnik jihozlar bilan taʼminlangan oʻquv xonalari ajratadi. Bundan tashqari, dasturga qabul qilingan hamshiralar ishdan boʻshagani sababli ularning har biriga olti oy mobaynida stipendiya (ishsizlik nafaqasi) beradi. Shveysariya tomoni esa til oʻqitish boʻyicha mutaxassislar, oʻquv materiallari, keyinchalik hamshiralarni diplom, diplom ilovasi va qoʻshimcha hujjatlarning Germaniyada tan olinishini taʼminlaydi. 10-12 oylik dasturni bitirgan hamshiralarni Toshkent shahrida joylashgan Gyote instituti yoki sertifikatlashtirish markazlaridagi toʻlovlari ham ularning zimmasida.
Agar hamshira imtihondan birinchi urinishda oʻtolmasa, yana uch martagacha imkoniyat taqdim etiladi va xarajatlari qoplab beriladi. B2 daraja olgan hamshiralarning elchixonada hujjat rasmiylashtirishi, vizometriyani ham xalqaro tashkilot zimmasiga oladi. Viza olgan hamshira aviachiptasi, Germaniyaga borish va aeroportdan belgilangan manzilgacha yetib olishi ham shu tashkilot tomonidan amalga oshiriladi. Ikki bosqichli sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgan hamshiralarning mehnat sharoiti nemis hamshiralari bilan bir xil (oylik 2450 yevrodan boshlanadi, nafaqa, sugʻurta, taʼtil kafolatlanadi).
Astoydil harakat qilganlar nufuzli klinikalarda ishlamoqda
Hozirgacha 10 oylik dasturga 600 nafar oʻrta boʻgʻin hamshirasi jalb etilgan boʻlib, ayni paytda 450 hamshira tahsil olmoqda. Ayrim mutaxassislar oilaviy sharoiti, nemis tilining murakkabligi va boshqa sabablarga koʻra dasturni tark etdi.
Dasturga stomatologiya, oʻqituvchilik, dorishunoslik, administrator va LOR sohasida shugʻullangan nomzodlar qabul qilinmaydi.
Biz ayni paytda Germaniyada faoliyatini boshlagan yurtdoshlarimiz, loyiha ishtirokchilari bilan bogʻlandik. Ulardan biri – Feruza Egamqulova.
Feruza Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. Maktabni bitirib, Yangiyoʻl tibbiyot kollejiga oʻqishga kirgan. Bolaligidan hamshira boʻlishni orzu qilgan Feruza kollejni aʼlo baholar bilan bitirdi. Soʻng oʻzi tugʻilib oʻsgan tumanga ishga joylashdi. Oqqoʻrgʻon tumani koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasidagi 14 yillik tajriba uni tobladi. Bemorlar bilan ishlash malakasini shakllantirdi. Dori-darmon bilan davolashdan tashqari bemorlarning ruhiyatiga qarash ham muhim ekanini oʻrgandi.
– Muloqot ishimizda birlamchi koʻmak ekanini tuman poliklinikasida anglaganman, – deydi F.Egamqulova. – Bundan tashqari, kasbimga oid kitob va jurnallar oʻqishni kanda qilmasdim. Ularda bemor psixologiyasiga oid bilimlarimni oshirib borardim. 2021-yil noyabr oyida “GLOBOGATE” dasturi haqidagi eʼlonni oʻqib qoldim. Tabiiyki, koʻnglimdan “qaniydi men ham shunday davlatlarga borib ishlasam, tajriba orttirsam”, degan oʻy kechdi. Biroq bilasiz, oʻzbekchilik, oilali ayollarning chetga chiqib ishlashi qoʻllab-quvvatlanavermaydi.
Turmush oʻrtogʻimga yangilikni aytsam, ijobiy qabul qildi. Imtihonlardan oʻta olishimga koʻzim yetsa, oʻzimni sinab koʻrishim mumkinligini aytdi. Dastlabki sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgach, menda Germaniyaga ketishga qiziqish ortdi. Nemis tili darslariga ishtiyoq bilan qatnadim, mustaqil shugʻullandim. Mehnatlarim zoye ketmadi, shu yil yanvar oyida B2 daraja sertifikatini oldim. Darslarga ilk bor kelganimda, ishonasizmi, nemis tilini umuman bilmasdim. Hatto alifbosini ham.
Shundan soʻng Germaniyaga ketish uchun hujjat ishlari boshlandi. Bu borada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi yaqindan koʻmak berdi. Agentlik xodimlari hujjatlarni oʻzlari tayyorlab, Germaniyaga ketgunga qadar bu ishlarga bosh-qosh boʻldi. Hatto bizni kuzatish uchun aeroportga chiqdi. Mart oyida Gutenberg shahriga kelib tushdik. Bu yerda yana ikki oy oʻqidik. Tibbiyot darsliklari bilan tanishdik, amaliyot oʻtadik. Imtihonlardan soʻng Yevropa mamlakatlarida ham tan olinadigan diplomga ega boʻldim. Ayni paytda Brandenburg shahrida yashab, ishlayapman.
Bu farzandlarimdan, oilamdan birinchi marta uzoq yashashim. Avval xorijga chiqmaganman. Oʻziga yarasha qiyinchiliklar, Vatan sogʻinchi bor. Biroq nemis xalqi ham oʻzbeklarga oʻxshab mehribon va samimiy ekan. Yotoqxona bilan taʼminlanganmiz. Barcha sharoitlar muhayyo. Bu mamlakat hamshiralari bilan teng huquqlimiz, ularga xos imtiyozlardan foydalanamiz. Savollar tugʻilsa, integratsion menejerga murojaat qilamiz. Quvonarlisi, biz xorijda ham davlatimiz himoyasida ekanimizni his qilamiz. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan doimiy aloqadamiz.
Oʻz yoʻnalishim boʻyicha xorijda ishlab, tajriba orttirayotganimdan xursandman. Oilam bilan deyarli har kuni gaplashaman. Farzandlarimning taʼlimini nazorat qilaman. Ular katta boʻlib qoldi, yangi oʻquv yilida katta farzandim 10-sinf, oʻrtancham 6-sinf, kichkinam 1-sinfga boradi. Yaqinda ular ham yonimga, Germaniyaga keladi, buning uchun kerakli hujjatlarni tayyorlayapmiz.
“Ursprünglich Uzbekistan”. Shu jumla Vatan mehri, sogʻinchini sinovdan oʻtkazadi
Dunyo koʻrish, farqli madaniyatlar bilan toʻqnash kelish, turfa feʼl-atvorli insonlar bilan muloqot qilish hamisha zavqli. Germaniyada faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz xorijda ishlash ular uchun katta imkon ekanini bot-bot taʼkidlaydi.
Zulayho Xudoyberdiyeva ham “GLOBOGATE” dasturi ishtirokchisi. Imtihonlardan namunali koʻrsatkich bilan oʻtib, ayni paytda Germaniyadagi “Asklipos” klinikasida hamshira boʻlib ishlamoqda.
– Asli samarqandlikmiz. Gʻallaorol tibbiyot bilim yurtida oʻqib, 2000-yili Narpay tumani kattalar poliklinikasida ish boshlaganman, – deydi suhbatdoshimiz. – Patronaj hamshirasi sifatida shu yerda tajriba toʻpladim. Keyinroq oilaviy sharoit tufayli Toshkent viloyatining Angren shahriga koʻchib keldik. Bu yerda shahar reanimatsiya boʻlimida hamshira boʻlib 10 yil ishladim. Anesteziologiya boʻyicha malaka oshirdim. Ishim, jamoam yaxshi edi, ular bilan kunda-kunora gaplashib turaman, sogʻinaman.
2022-yilda jiyanim hamshiralarni Germaniyaga ishga yuborish haqidagi dastur havolasini yubordi. Rezyume toʻldirib, kerakli manzilga joʻnatdim. Biroq meni chaqirishlariga ishonchim komil emasdi. Ular menga telefon qilib, suhbatga taklif etishganida, juda quvondim. Suhbatlardan oʻtdim. Toshkent shahrida tashkil etilgan nemis tili kursida oʻqidim. Til oʻrganishga ishtiyoqim baland edi, 9 oyda sertifikat oldim.
Germaniyaga kelgach, klinikaga ishga joylashdim. Bugun men ham bu yerdagi hamkasblarim qatori Yevropada tan olingan hamshiraman. Bu yoʻlni bosib oʻtishimga davlatimizdagi imkoniyatlar sabab, deb bilaman. Agentlik xodimlari tushkunlikka tushgan paytlarimiz motivatsiya berdi. Hozirgacha maslahat olish kerak boʻlsa, yordamini ayashmaydi. Batafsil javob berishadi. Ulardan minnatdorman.
Til bilish juda muhim. Nemis hamshiralaridan nima talab qilinsa, bizdan ham shu talab etiladi. Nemis tilida hujjat yurita olamiz. Tushuntirishsa, tushunamiz. Qoʻl qoʻyish kerak boʻlsa, tushunib qoʻl qoʻyamiz. Til bilish himoya ekanini shu yerga kelib angladim. Nemis xalqining bizga munosabati yaxshi. Oʻz kasbini sevgan inson hamisha ehtiromga loyiq boʻladi. Kasbimga muhabbat tufayli bu yerda ham eʼtibor qozonyapman. Eng avvalo, ortimda Vatanim turganini chuqur his qilaman. Oʻzbekistonlik hamshiralar malakali ekanini dunyo bilishini istayman.
Menda hozir B2 daraja til sertifikati bor. Bu oʻz yoʻliga, men tilni yaxshi oʻrganish, kundalik muloqotda muammolarga duch kelmaslik uchun ishdan boʻsh vaqtimda tinimsiz til oʻrganaman. Juda koʻp muloqot qilaman.
Hozirgi kunda oʻzbekistonlik dugonam bilan turaman. Bu yerga kelganimizga koʻp boʻlmadi, biroq moslashishga ulgurdik. Oilamizni ham olib kelish uchun Germaniya elchixonasiga murojaat qilganmiz. Hujjatlarni yigʻyapmiz. Turar joyimiz, ishimiz, propiskamiz bor. Eng asosiysi, tilni yaxshi oʻzlashtirib oldik. Loyihaga kelganimda uch soʻznigina bilganman. Ularni ham toʻgʻri talaffuz qila olmasdim. Aka-uka Grimm ertaklari bilan bolaligim oʻtgan. Shundan Germaniyaga borishni orzu qilardim.
Shunday daqiqalar boʻladiki, Vatanimni sogʻinib, oʻzimni qoʻyishga joy topolmay qolaman. Yaqinda supermarketda qovun koʻrib qoldim. “Ursprünglich Uzbekistan” deb yozilgan ekan. Koʻz yoshlarimni tiya olmadim. Chetda yurgan odamga “Oʻzbekiston” soʻzini koʻrish qanchalar baxt! Darhol sotib oldim, toʻyib-toʻyib hidladim. Ishonasizmi, umrimda birinchi marta qovunni shunday maza qilib yeyishim...
Hafta davomida 40 soat ishlaymiz: dushanbadan jumagacha – har kuni 8 soat. Shanba va yakshanba kunlari dam olamiz. Ishimiz qiyin emas, Oʻzbekistonda qanday vazifani bajargan boʻlsak, bu yerda ham shu ishni qilamiz. Faqat bu yerda dori-darmondan koʻra, bemorlarni muloqot bilan davolashga katta ahamiyat berilar ekan.
Yoshlik – imkoniyat
Germaniyada faoliyat yuritayotgan hamshiralar orasida yoshlar borligi quvonarli. Rushana Abzalova 1995-yili Surxondaryo viloyatida tugʻilgan. Harbiy va hamshira farzandi, oiladagi muhit uni tartibli hamshira sifatida shakllantirdi. Yosh boʻlishiga qaramay, ishining ustasi, nemis tilini ham qisqa fursatda oʻzlashtirib oldi. U ayni paytda Germaniyaning “Asklipos” klinikasida ishlamoqda.
– Otam harbiy sohada ishlagani bois turli joylarda yashashimizga toʻgʻri kelgan. Bir muhitdan boshqa muhitga tez moslashaman, qiyinchiliklarni oson yengaman. Toshkentdagi tibbiyot kollejida tahsil oldim. Ogʻir-bosiq boʻlganman. Doim chetda oʻtirib boshqalarni kuzatishni yaxshi koʻrardim. Muloqotga kirisha olmaganman.
Bir tanishim Germaniyaga hamshiralarni yuborish haqidagi dasturni aytib qoldi. Koʻrsatilgan pochtaga rezyume yubordim. Maktabda ingliz tilini oʻrganganman. Rus tilida bemalol muloqot qila olaman. Oiladagi muhit tufayli nemis tilini ham biroz oʻrganganman. Biroq qiyin til boʻlgani tufayli tashlab ketganman. Loyihaga kelgach, maxsus darslardan tashqari YouTubedan ham mustaqil til oʻrgana boshladim. Mavzular qiyinligi uchun qoʻshimcha dars qilish talab etilardi. Soʻzlar yodladim, lugʻatimni boyitdim. Bu yerga kelgach, muloqot qilishni oʻrgandim.
Oʻzbekistonda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasining 2-markaziy konsultativ diagnostika poliklinikasida ishlaganman. U yerda toʻplagan tajribam qoʻl keldi.
Bu yerda ham sharoit juda yaxshi. Vazifam – keksalarga qarash. Oʻziga yarasha qiyinchiliklari ham boʻladi, lekin koʻpchilik mehribon. Juda yaxshi munosabatda boʻlishadi. Kunim ularning qon bosimi va pulsini oʻlchash bilan boshlanadi. Oʻz vaqtida dorilarini ichirish, ovqat tarqatish, birgalikda sayr qilish – zavqli.
Oilam Oʻzbekistonda, ularsiz, tabiiyki, qiynalaman. Onamning ovqatlarini qoʻmsayman. Boshida bekor keldimmi, deya koʻp oʻyladim. Biroq musofir boʻlmaguncha musulmon boʻlmas, deyishadi. Yoshlik aslida – imkoniyat. Asta-sekin koʻnikdim. Bu imkoniyatdan unumli foydalanishga bel bogʻladim. Oʻz ustimda ishlab, oliy maʼlumot olishni maqsad qilganman. Ortimizda holimizni soʻrab turuvchi, qoʻllab-quvvatlovchi davlatimiz bor. Bizga ishonch bildirildimi, bu ishonchni oqlashga harakat qilamiz.
* * *
Biz xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, buning samarasida Germaniyada ish boshlagan oʻzbekistonlik hamshiralar va ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida qisqacha toʻxtaldik.
Bu boradagi ishlar tizimli davom etadi. Boisi, ayni kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida ham mehnat migrantlariga doir maqsadlar oʻrin olgan. Bular ishga joylashtirish boʻyicha xorijiy tomon bilan kelishuvlar sonini oshirish, fuqarolarni xorijiy hamkorlar bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kasb-hunarga va chet tillarga oʻqitish tizimini kengaytirish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish, shu jumladan, bandligini taʼminlash, kasbiy malakasini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantirish, noqonuniy tashqi mehnat migratsiyasi va odam savdosiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish kabi jihatlarda oʻz aksini topishi kutilmoqda.
Bashorat YUNUSOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri