Oʻzbekistonning mintaqaviy siyosati Markaziy Osiyoda barqaror va izchil rivojlanishining muhim garovi

    Dolzarb 29 Dekabr 2020 20008

    29-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga navbatdagi murojaati boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbarining murojaati oʻzining dolzarbligi va strategik ahamiyati bilan bugun siyosiy ekspertlar orasida katta qiziqish uygʻotmoqda va qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz murojaatlarida Markaziy Osiyo Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdilar. Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy ravishda davlatimiz rahbarining diqqat markazida, buni biz Prezidentimizning nufuzli mintaqaviy va xalqaro tashkilotlarning yuqori minbarlaridan turib mintaqa masalalari boʻyicha ilgari surgan taklif va tashabbuslarida ham koʻrishimiz mumkin.

    Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatlarida Markaziy Osiyoni tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishi ekanligiga yana bir bor urgʻu berishlarining qoʻyidagi muhim jihatlarini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.

    Birinchidan, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining uzviy va chambarchas bogʻliq qismi hisoblanadi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan chegaradosh mintaqadagi yagona davlat, yaʼni mintaqadagi u yoki bu davlatdagi har qanday siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohadagi oʻzgarishlar bevosita Oʻzbekistonga taʼsir qiladi. Qolaversa, transport, iqtisodiyot, energetika va suv sohasidagi yirik loyihalarni amalga oshirish mintaqa davlatlarining hamkorlik darajasiga bogʻliq. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi va gullab-yashnashi Oʻzbekiston Respublikasining bosh maqsadi hisoblanadi.

    Ikkinchidan, barchamizga maʼlum Markaziy Osiyo geostrategik mintaqa hisoblanadi. Bunga bir tomondan mintaqaning qulay geografik hududda, yaʼni muhim mintaqaviy va xalqaro transport yoʻlaklari kesishmasida joylashganligi, boy tabiiy resurslarga ega ekanligi sabab boʻlsa, ikkinchi tomondan Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlar tizimida muhim oʻrin tutadigan Yaqin Sharq, MDH va Osiyo davlatlari bilan chegaradoshligidir. Boshqacha qilib aytganda, Markaziy Osiyo dunyoning yetakchi davlatlarning manfaatlari kesishgan hudud hisoblanadi.

    Yuqoridagi omillar mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga faqatgina oʻzaro tushunish va manfaatlarga asoslangan hamkorlik orqali erishish mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu esa oʻz navbatida Oʻzbekistonning bugungi kundagi ochiqlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sherikchilik, oʻzaro ishonch va mavjud muammolarni oqilona murosa yoʻli bilan hal etish tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi mintaqaviy siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va izchil rivojlanishni taʼminlashda, mintaqaning hamkorlik makoniga aylanishida muhim garov sifatida xizmat qilishidan dalolat beradi.

    Uchinchidan, Parlamentga Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari bilan koʻp asrlik doʻstona munosabatlarni yana-da mustahkamlash masalasining koʻtarilganligi, Oʻzbekistonning mintaqaviy hamkorlikning barqaror rivojlanishiga qatʼiyligini va qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro manfaat va ishonchga asoslangan hamkorlikning uzoq muddatli xarakterga ega ekanligini yana bir karra isbotlaydi.

    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev prezident sifatida saylanganlaridan keyin ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishi ekanligi toʻgʻrisida 2016-yil 14-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisidagi nutqida aytgan edilar.

    Oʻtgan davr mobaynida erishilgan yutuq va natijalarni tahlil qilsak, butun dunyoda koʻp tomonlama hamkorlik inqirozga uchragan va oʻzaro ishonch kamayib ketayotgan bir vaqtda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichga chiqayotganligini koʻrishimiz mumkin.

    Tarixan qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarda misli koʻrilmagan yutuqlarga erishildi. Eng asosiysi, avval mintaqaviy hamkorlikni rivojlanishida toʻsiq hisoblangan chegara va suv resurslaridan foydalanish boʻyicha muhim va oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishildi. Prezidentimizning tashabbuslari bilan hamkorlikning yangi mexanizmlari tashkil etildi. Bunga misol sifatida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlarini, parlamentlararo guruhlar, chegaraoldi hududlar hamkorligi kengashi, vazirlik va idoralararo komissiyalar, investitsiya fondlarining tashkil etilganligini aytish mumkin.

    Oʻzbekistonning yangi mintaqaviy siyosati natijasida Markaziy Osiyoda shakllangan siyosiy muhit bugun mintaqa davlatlarining ulkan iqtisodiy salohiyatini ochishga muhim hissa qoʻshmoqda. Yuqoridagi gaplarning tasdigʻi sifatida Markaziy Osiyo davlatlarida tashqi savdo aylanmasi va investitsiya hajmining, turistlar sonining oshganligi misolida koʻrishimiz mumkin.

    Xususan, 2019-yil mintaqa davlatlarining tashqi savdo aylanmasi hajmi 2016-yilga nisbatan 56 foizga oshib 168,2 milliardni tashkil etdi. Mintaqa davlatlariga jalb qilingan investitsiyalar hajmi esa 2019-yil 2016-yilga nisbatan 40%ga oshib 37,6 milliardni tashkil etdi. Markaziy Osiyo davlatlariga tashrif buyuruvchi turistlarning soni ham yildan yilga ortib bormoqda. Misol tariqasida mintaqa davlatlariga 2019-yil kelgan turistlar soni 2016-yilga nisbatan 93%ga oshib 18,4 million kishini tashkil qildi.

    Mintaqaviy hamkorligining davlatlar xavfsizligi va barqarorligini taʼminlashda nechogʻlik muhim ahamiyat kasb etishini biz koronavirus pandemiyasi davrida koʻrishga muvaffaq boʻldik. Markaziy Osiyo davlatlari soʻnggi yillarda mintaqadagi yangi siyosiy muhit natijasida qisqa vaqt ichida pandemiyaga qarshi muvofiqlashtirilgan siyosat olib borishga muvaffaq boʻlishdi.

    Natijada pandemiya davrida koronavirusga qarshi kurashda tibbiyot sohasida axborot va tajriba almashinuvi, oʻzaro gumanitar yordam koʻrsatish, chegaralarda yuklarning uzluksiz harakatlanishini yoʻlga qoʻyishga erishildi. Bu esa mintaqada dunyoning boshqa davlatlariga nisbatan koronavirus bilan kasallanish va uning natijasidagi oʻlim sonining kamligini taʼminlashga imkon berdi. Xususan, 29-dekabr holatiga koʻra Markaziy Osiyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 375 ming kishini, yaʼni dunyodagi jami kasallanganlarning 0,5 foizini tashkil etdi. Oʻlim holati koronavirus bilan kasallanganlarning 1,7 foizidan iborat boʻlgan boʻlsa, dunyoda bu koʻrsatkich 2,1 foizni tashkil etdi. Bir soʻz bilan aytganda, mintaqaviy hamkorlik zamonaviy tahdidlarni bartaraf etishning muhim kafolati ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

    Shu nuqtayi nazardan bugun Prezidentimizning tashabbusi va saʼy-harakatlari asosida rivojlanayotgan mintaqaviy hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlarida yangi sahifani ochdi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlisga qilingan murojaatnomada Markaziy Osiyoning tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishi ekanligini yana bir bor taʼkidlanishi, Oʻzbekistonning mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni yana-da mustahkamlashga oʻzining barcha imkoniyatlari va salohiyatini safarbar qilishidan dalolat beradi.

    Baxtiyor MUSTAFAYEV,

    Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti markaz rahbari sharhi