Mazkur qoʻllanma nemis tilida soʻzlashuvchi sayyohlarga mamlakatimiz hududlaridagi mashhur turizm maskanlari, tarixiy osori-atiqalar va ziyoratgohlar, ekologik, madaniy, gastronomik, sport va boshqa turdagi yangi turizm yoʻnalishlari haqida batafsil maʼlumot olish imkonini beradi. Shuningdek, qoʻllanmadan sayyohlar uchun zarur boʻlgan umumiy maʼlumotlar, jumladan, shaharlararo yoʻnalishlar xaritasi, yirik mehmonxonalardan tortib uy-mehmonxonalargacha, oʻzbek milliy taomlari turlari, sayyohlar uchun kerakli manzilgohlar, rasmiy internet sahifalari va boshqalar joy olgan.
Yangi tahrirda 500 betdan ziyod hajmda rang-barang suratlar bilan chop etilgan ushbu kitobdagi yana bir muhim yangilik – bu xorijlik sayyohning mahalliy aholi bilan oson muloqotga kirishishi uchun zarur boʻlgan nemis-oʻzbek-rus tillaridagi lugʻat hisoblanadi. Turistlar diyorimizning tarixiy-madaniy obidalaridan zavq olishlari bilan birga oʻzbek adabiyotidan bahramand boʻlishlari uchun nemis tiliga oʻgirilgan asarlar roʻyxati va ulardan parchalar keltirilgan. Masalan, Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” asari ushbu kitobga kiritilgan.
Sayyohlik sohasi mutaxassislarining aytishicha, mazkur sayohat qoʻllanmasi nafaqat Germaniya, balki boshqa nemis tilida soʻzlashuvchi mamlakatlar fuqarolariga yurtimizning turistik jozibadorligi haqida maʼlumot berish bilan birga ularning xabardorligini oshiradi, qolaversa, Germaniyadan respublikamizga tashrif buyuradigan sayyohlar sonining koʻpayishiga xizmat qiladi.
“Trescher Verlag” nashriyoti Germaniyaning turizm sohasidagi eng yetakchi nashrlaridan biri boʻlib, oʻzining ishonchli va aniq maʼlumotlari bilan oʻquvchilar eʼtiborini qozongan. Bugunga qadar ushbu nashriyot tomonidan Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, MDH va Afrika davlatlariga bagʻishlangan 160 dan ortiq sayyohlik qoʻllanmalari chop etilgan.