“S&P” reyting agentligi tomonidan respublikamizga suveren kredit reyting ilk bor 2018-yil 21-dekabrda berilgan. Agentlik har yili ikki marta Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini qayta baholaydi va baholash jarayonida respublikamizdagi soʻnggi iqtisodiy yangiliklar bilan tanishadi.

2020-yil iyun oyidan beri “S&P” reyting agentligi tomonidan 21 ta mamlakatning kredit reytingi pasaytirilgan va 13 ta mamlakatning, jumladan Oʻzbekistonning reyting kutilmasi “salbiy”ga tushirilgan edi.

Mazkur qaror Oʻzbekiston tashqi qarzining soʻnggi ikki yilda nisbatan yuqori surʼatlarda oʻsganligi bilan izohlangan edi. Shu bilan birga, kelgusi 12 oy davomida mamlakat tashqi qarzining oʻsish surʼati barqarorlashmagan taqdirda Oʻzbekiston kredit reytingini pasaytirishi mumkinligi maʼlum qilingan edi.

Joriy yilning 10-11-may kunlari tashkil etilgan konferens-qoʻngʻiroqlarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining mutasaddi rahbarlari tomonidan respublikadagi makroiqtisodiy vaziyat va amalga oshirilayotgan islohotlar borasida maʼlumot taqdim etildi, deya xabar qiladi Moliya vazirligi Axborot xizmati.

Ushbu konferens-qoʻngʻiroqlardan soʻng “S&P” reyting agentligining kredit qoʻmitasi uchrashuvi boʻlib oʻtgan va mazkur qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasining reyting kutilmasini quyidagi sabablarga koʻra “salbiy”dan “barqaror”ga oshirishga qaror qilgan.

1. “S&P”ning qayd etishicha 2020-yilda Oʻzbekiston iqtisodiy oʻsishga (1,6 foiz) erishgan dunyodagi kamdan-kam mamlakatlardan biri boʻlgan.

Agentlikka koʻra, iqtisodiy oʻsishga asosiy sabab COVID-19 bilan bogʻliq cheklovlarga qaramay qishloq xoʻjaligi va sanoat sohalarining faoliyat yuritganligi, yirik infratuzilma va investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi hamda Hukumatning iqtisodiyotni ragʻbatlantirish uchun koʻrgan tezkor choralari boʻldi.

2021-yilda Oʻzbekiston iqtisodiyoti 4,8 foizga oʻsishi prognoz qilingan boʻlib, xizmatlar sektori asosiy oʻsish drayveri boʻlishi Agentlik tomonidan taxmin qilinmoqda.

2. Hisobotga koʻra, tashqi qarz oʻsish surʼati sekinlashgan hamda qisqa muddatli fiskal va tashqi xatarlar pasaygan.

Xususan, “Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonunda davlat tashqi qarziga yillik limit (5 mlrd. dollar) va davlat qarzining eng yuqori miqdorining (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60%) belgilanganligi, shuningdek davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni tanlab olishga nisbatan yana-da “talabchan” qoidalar tadbiq etilganligi Agentlik tomonidan ijobiy baholangan.

Shuningdek, 2017-yildan buyon Hukumat islohotlar va iqtisodiy modernizatsiya boʻyicha oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarida sezilarli ravishda ildamlagani Agentlik tomonidan qayd etilgan.

Agentlik mazkur islohotlar iqtisodiyotning ishlab chiqarish samaradorligi hamda Hukumatning institutsional salohiyatini yaxshilashiga ishonch bildirmoqda.

3. “S&P”ning kutilmalariga nisbatan Oʻzbekistonning fiskal pozitsiyasi 2020-2021-yillarda yaxshilangan. Qayd etilishicha, 2020-yil mobaynida oltin narxining yuqoriligi davlat tushumlari va tashqi balansini qoʻllab-quvvatlab, umumiy fiskal defitsitning kutilganidan kamroq boʻlishiga sabab boʻldi (2020-yil yakuniga umumiy fiskal defitsit 4,5 foizni tashkil etdi).

Natijada, byudjetni qoʻllab-quvatlash uchun jalb qilingan mablagʻlarning bir qismi tejalib, Hukumat aktivlari miqdorining oshishiga erishilgan. Bu, oʻz navbatida, sof davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatining barqarorlashishiga oʻz hissasini qoʻshgan.

Hisobotga koʻra, COVID-19 bilan bogʻliq xatarlar yuqoriligicha qolayotgan boʻlsada, joriy yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotining oʻsishi tezlashishi kutilmoqda.

4. Hisobotda taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonning tashqi balansi 2020-yilni kutilganidan koʻra yaxshiroq koʻrsatkichlar bilan yakunlagan. Agentlikka koʻra, 2020-yil yakunida davlat va moliyaviy sektorning likvid aktivlari umumiy tashqi qarz miqdoridan koʻproq boʻlgan.

5. Hukumat tomonidan soʻnggi yillardagi bir qator islohotlar, xususan sud hokimiyati mustaqilligini oshirish, soʻz erkinligiga qoʻyilgan taʼqiqlarni olib tashlash va fuqarolar oldidagi hisobdorlikning oshishi, korrupsiyaga qarshi kurashish, iqtisodiy maʼlumotlar ochiqligining yaxshilanishi, savdo va valyuta kursi liberalizatsiyasi hamda davlat korxonalari islohoti va xususiylashtirish rejalari alohida eʼtirof etilgan.

Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oqimini yaxshilash Hukumatning asosiy maqsadlaridan biri boʻlib qolayotganligi taʼkidlangan.

Shu bilan birga, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini oshirish, pul-kredit siyosatining samaradorligini oshirish, hisobdorlik va institutlar oʻrtasidagi oʻzaro tiyib turish tizimining rivojlantirish zarurati qayd etilgan.

Agentlik hisobotida Oʻzbekiston reytingiga ijobiy va salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillar sanab oʻtilgan. Unga koʻra Oʻzbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvi va iqtisodiy islohotlar natijasida iqtisodiyot oʻsish salohiyatining va fiskal hamda tashqi zaxiralar darajasining yaxshilanishi mamlakatimiz kredit reytingini oshiruvchi omil boʻlishi mumkin.

Mamlakatimiz kredit reytingini pasaytiruvchi omillar sifatida quyidagilar qayd etilgan:

- Agentlik kutilmalariga nisbatan Oʻzbekistonning fiskal va tashqi zaxiralari tez surʼatlarda yoki sezilarli darajada kamaysa;

- toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimining yetarli emasligi natijasida qarz jalb qilish oshsa va tashqi aktivlar kamaysa;

- iqtisodiyotdagi dollarlashuv darajasi sezilarli darajada oshsa;

- davlat korxonalari holatining zaiflashuvi natijasida davlat shartli majburiyatlari amalga oshsa (yaʼni Hukumat davlat korxonalarining qarzini toʻlasa).

Moliya vazirligi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar koʻmagida “S&P” xalqaro reyting agentligi bilan doimiy ravishda muloqot davom ettiriladi va kelgusi hisobotlar boʻyicha axborot taqdim etiladi.