Oʻzboshimchalik bilan gormonlar qabul qilish ogʻir asoratlarga olib keladi

    Salomatlik 16 Avgust 2022 3735

    Koronavirusning eng ogʻir asoratlari son suyagi, yelka, tizza boʻgʻimlarining yemirilishi bilan kechayotgani koʻpchilikka yaxshi maʼlum. Bu — nafaqat yurtimiz, balki dunyo tibbiyot olimlarining ilmiy xulosasi.

    Agar statistik tahlillarga murojaat qilsak, pandemiyagacha boʻlgan davrdan to hozirgi kungacha bu xastalikka chalingan bemorlar soni 3-4 barobar ortganini koʻramiz.

    Oqibatda mazkur kasallikning ogʻir bosqichlarida yuqori texnologik operatsiya hisoblanadigan endoprotezlash amaliyotiga muhtoj bemorlar soni koʻpayib boryapti.

    Bu borada Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov shunday fikr bildiradi:

    — Koronavirus pandemiyasi boshlanmasidan avval ham avaskulyar nekroz xastaligidan aziyat chekuvchi bemorlardan murojaatlar boʻlardi, — deydi mutaxassis. — Ammo ularning soni hozirgi paytdagi singari koʻp emasdi.

    Asosan revmatologik kasalliklarni davolashda qoʻllanilgan gormon preparatlari asoratlari suyak boʻgʻimlarining yemirilishiga sabab boʻlgan, deb ayta olaman.

    Biroq 2020-yil 15-martda yurtimizga COVID-19 virusi kirib kelgach, qolaversa, oʻsha yili iyul, avgust, sentyabr oylarida epidemiologik vaziyat murakkablashgach, odamlarda sarosima va vahima kuchaydi.

    Shu davrda yurtimizda ham mazkur virusning oldini olish boʻyicha maxsus protokollar ishlab chiqildi. Biroq ayrim bemorlar uy sharoitida belgilangan dori vositalaridan oʻzboshimchalik bilan foydalanishi, ayniqsa, antibiotik, gormon preparatlarini palapartish qoʻllashi ularda turli asoratlarni yuzaga keltirdi.

    Misol uchun, gormon preparati faqat bemor reanimatsiya boʻlimiga yotqizilganda, kasallikning eng ogʻir darajasida, tibbiy koʻrsatmaga muvofiq buyuriladi. Boshqa hollarda esa undan oʻzboshimchalik bilan foydalanish taqiqlanadi.

    Hozir tibbiyot markazimizda shunday dardga chalingan mingdan ortiq bemorlarning reyestrini shakllantirganmiz. Tahlillar asnosida koʻryapmizki, ularning deyarli barchasi 2020-yilda koronavirusdan oʻzboshimchalik bilan davolangan va palapartish ravishda gormon qabul qilgan bemorlardir.

    SOVID-19ni davolash protokoli yangilanishi, ommaviy axborot vositalari orqali olib borilgan targʻibot ishlari, shuningdek, aholining bu boradagi tibbiy madaniyati oʻsishi natijasida 2021-yilda koronavirusdan muolaja olgan bemorlar orasida hozir nekrozga chalinganlari deyarli uchragani yoʻq.

    Mutaxassis bila suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi. Shuningdek, ushbu xabar orqali dori vositalari, xususan, gormonlardan oʻzboshimchalik bilan foydalanish turli ogʻir asoratlarni keltirib chiqarishi yana bir bor eslatiladi.