Oʻzenergoinspeksiya isteʼmolchilarni gaz bosimini sunʼiy oshirish maqsadida “gaz nasos” qurilmalarini oʻrnatish qonun bilan taqiqlanishini eslatib oʻtdi.

Xabarda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-son qarorining 129-bandiga muvofiq, gaz quvurlari yoki gaz taqsimlash shoxobchalarida texnologik ish rejimiga taʼsir etuvchi qurilmalarni, yaʼni gaz nasoslarini oʻrnatish taʼqiqlangan.

Oʻzenergoinspeksiya maʼlumotiga koʻra, ushbu talabni buzish tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish sifatida baholanadi. Bunday holatlar aniqlanganda, isteʼmolchiga nisbatan hisoblangan gaz hajmi uchun jarima qoʻllaniladi hamda yetkazilgan zarar miqdoriga qarab jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin.

Aytilishicha, “gaz nasos” qurilmalaridan foydalanish nafaqat qonunbuzarlik, balki yongʻin xavfi va baxtsiz hodisalar keltirib chiqarishi ehtimoli yuqori.

Aholi bunday qurilmalarni oʻrnatmaslikka va ular haqidagi asossiz maʼlumotlarga ishonmaslikka chaqirildi.