“Ozod domla” saboqlari yoxud millat shamchirogʻiga intilgan yosh qalblar

    Jasur va matonatli qalam sohibi boʻlgan Ozod Sharafiddinov adabiyotshunoslik maydonida yorqin fikr va gʻoyalari bilan oʻz oʻrniga ega edi.

    Bu haqda uning zamondoshlari, hamkasblari, shogirdlari koʻp va xoʻp yozishdi. Bu masalada ulardan orttirib bir narsa deyish dushvor. Ammo uning ibrat boʻladigan insoniylik fazilatlari haqida bugungi avlodga qanchalik koʻp gapirsak har qancha arziydi. Shu oʻrinda olimning kamtarlik fazilati xususida ibrat boʻlgan bir voqeaga toʻxtalmoqchiman. Oʻtgan asrning 90- yillari braziliyalik yozuvchi Paulo Koelyoning “Al Kimyogar” asari mashhur boʻlgan edi. Men ham ushbu asarni zoʻr qiziqish bilan oʻqib chiqdim.

    Ayniqsa, uning gʻoyasi yoshlarga kuchli motivatsiya berardi. Shuning uchun ham “Al Kimyogar”ni oʻzbek yoshlari mutolaa qilishlarini juda istadim. Surishtirsam, allaqachon asarning tarjimasi “Jahon adabiyoti” da chop etilayotgan ekan. Tahririyatga telefon qildim. Goʻshakni Ozod akaning oʻzlari koʻtardilar. Maqsadimni aytganimdan soʻng asar tarjima (Ozod akaning oʻzi tarjimon ekanligidan keyin xabar topdim) qilinib, jurnalda chop etilayotganini va yangi soni chiqishi bilanoq yuborishini aytdi. Oʻsha paytdayoq ovozdagi mayinlikka yoʻgʻrilgan salobatlilik, qatʼiyatlilik, olimona kamtarinlik mening xotiramda bir umrga muhrlanib qoldi.

    Ozod Sharafiddinovning serqirra ijodiy faoliyatini yoshlarga namuna qilib koʻrsatish maqsadida universitetimizda 2020-2021 oʻquv yillarida ilmiy seminar va “Ozod Sharafiddinov nomidagi stipendiya” ni taʼsis etdik. Olim hayoti va ijodi haqida hujjatli video va intervyular tayyorlash, “Publitsistika” va “Tahrir faoliyatini tashkil etish va boshqarish” kabi fanlarni oʻtishda domlaning ijodini asos qilib oldik. Sport jurnalistikasi talabalari oʻrtasida “Ozod Sharafiddinov - usta shaxmatchi” musobaqasini tashkil etish, universitetda “Ozod Sharafiddinov muzeyi”ni tashkil qilish, ustozning serqirra ijodiy faoliyati boʻyicha ilmiy loyihalar va tanlovlar oʻtkazish asosiy rejalarimizdan biridir.

    Talabalarimiz ruhiyatini kuzatib shunga amin boʻldimki, Ozod Sharafiddinovning esseist, publitsist sifatidagi faoliyatini alohida oʻrganish va universitet platformasida targʻib etish maqsadida olim hayoti, ijodiga bagʻishlangan ilmiy-ijodiy kechalar tashkil etilayotgani ularga oʻzgacha ijodiy zavq bagʻishlamoqda.

    Ozod Sharafiddinov ajoyib va hozirjavob munaqqid, mohir tarjimon, fidoyi muharrir, tashkilotchi boʻlishdan tashqari, goʻzal notiq va esseist- publitsist ijodkor edi. Menimcha oʻzbek adabiy tanqidichiligi tarixida Ozod Sharafiddinovdek ham ilmi teran, ham hozirjavob notiq olimni topish qiyin. Nafaqat oʻzbek olimlari, balki dunyo olimlari orasida ham Ozod Sharafiddinov tezkor va hozirjavob munaqqidligi hamda tarjimonlik faoliyati tufayli “fantastik tarzda yashab ijod qilgan katta SHAXS” sifatida tan olingan.

    Nafaqat oʻzbek xalqining xotirasida jonkuyar adabiyotshunos, tarjimon va jamoat arbobi boʻlgan Ozod Sharafiddinov oʻzbek intelligensiyasining, yaʼni millatimizning hech qachon oʻchib-soʻnmaydigan shamchirogʻi sifatida abadiy qoladi.

    Sherzodxon QUDRATXOʻJA,

    Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori