Turizm azaldan sayyoramiz xalqlari oʻrtasida doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilgan. Odamlar ziyorat qilish va dunyoviy bilimlarni oʻzlashtirish, savdo-sotiqni rivojlantirish, madaniy va diplomatik aloqalar oʻrnatish maqsadida sayohatga chiqqan. Sharq Renessansi davrida Markaziy Osiyo olimlari jahonning eng ilgʻor, taraqqiy etgan xalqlari ziyolilari qatorida boʻlgani va ularning ilm-fan ravnaqi yoʻlida xorijiy mamlakatlarga qilgan safarlari natijasida ziyorat va ilmiy turizm turlariga asos solinganini alohida eʼtirof etish lozim.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, milliy turizm xizmatlar bozori shakllana boshladi. Aynan shu davrda mamlakatimiz iqtisodiy erkinligini hamda mustaqil ravishda tashqi dunyo bozoriga chiqishini maʼlum qildi. Bu davrda qabul qilingan tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun turistik xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Natijada tarmoqda yangi boshqaruv tizimini shakllantirish, turistik biznesni yuritishga yordamlashadigan qoʻshimcha biznes turlarini yaratish, sohaga xizmat qiladigan bank, audit, maslahat xizmatlarini tashkil etish, viloyatlarda turizm tarmogʻining hududiy boʻlimlarini ochish, xalqaro miqyosda turizm salohiyatini reklama qilish, xususiylashtirilgan turistik korxonalarni litsenziyalashtirish kabi masalalarga alohida eʼtibor berildi.

Mustaqillikka erishilgandan keyin mamlakatimizda turizm sohasida bir vaqtning oʻzida uchta muhim jarayon amalga oshirildi: birinchisi, eski tizimdagi tanazzulga uchragan korxona va tashkilotlar (ekskursiya, sayohat byurolari) oʻrniga xizmat koʻrsatish talabiga javob beradigan turoperator va turagent sifatidagi yangi tashkilotlar tuzildi; ikkinchisi, eski turistik korxonalarni qayta tiklash yoʻli bilan mahalliy va xorijiy isteʼmolchilar talabiga mos turistik xizmat koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyildi; uchinchisi, 1992-yili mamlakatda “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi tashkil etildi va turizm sohasida bu kompaniya barcha tashkiliy, boshqaruv hamda muvofiqlashtirish funksiyalarini amalga oshira boshladi.

“Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi 1993-yili Jahon turizm tashkilotiga (JTT) haqiqiy aʼzo boʻlib qoʻshildi. Bu jarayon, oʻz navbatida, xalqaro turizmni rivojlantirishda muhim omil boʻlib xizmat qildi. 1994-yilda BMTning YUNESKO tashkiloti hamda Oʻzbekiston hukumatining tashabbusi bilan Samarqand shahrida Buyuk ipak yoʻlidagi shaharlarda xalqaro turizmni rivojlantirish boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.

2014-yilda Jahon turizm tashkiloti ijroiya kengashi 99-sessiyasining aynan Samarqand shahrida oʻtkazilgani ham bejiz emas. Bunga barcha asoslar mavjud boʻlib, bu paytda butun dunyoda Samarqand shahri bir ovozdan “Ipak yoʻlining yuragi” deb eʼtirof etilgan edi. Bu koʻhna shahar oʻsha yili AQSHning mashhur “The Huffington Post” internet nashri eʼlon qilgan reytingga muvofiq, sayyoramizning turistlar borib koʻrishi zarur boʻlgan 50 ta eng goʻzal shahri qatoridan oʻrin olgan.

Eʼtiborlisi, ushbu roʻyxatga MDH davlatlaridagi shaharlardan faqat Samarqand kiritilgan. Mamlakatimiz turizm salohiyatining oshishiga turtki beruvchi inqilobiy oʻzgarishga Prezidentimizning 2016-yil 2-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi tarixiy farmoni sabab boʻldi.

Iqtisodiyotda ilk marotaba turizm sohasiga strategik sektor maqomi berildi. Natijada yurtimizda milliy turizm sohasining yangi davri boshlandi. Milliy iqtisodiyotdagi strategik sektor, yaʼni drayver sifatida tan olingani turizm jabhasini jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoit yaratish, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan samarali foydalanish, iqtisodiyotning unga yondosh tarmoqlarini klaster usulida rivojlantirish, milliy turizm brendini yaratish va uni jahon bozorida targʻib qilish imkonini vujudga keltirdi.

Tadqiqotlarga koʻra, turistik salohiyatni shakllantirishda asosiy sarf-xarajatning 77,6 foizi sayyohlikka yondosh xizmat koʻrsatuvchi tarmoq va tashkilotlar hissasiga toʻgʻri keladi. Bu esa turizmning multiplikativ samarasini aniqlashda iqtisodiyotdagi boshqa tarmoqlarning salmoqli oʻrni borligidan dalolat beradi. Oʻzbekistonda turizm iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida belgilanishi natijasida hukumat tomonidan keyingi 7 yilda sohani jadal rivojlantirishga qaratilgan 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasida 2022–2026-yillarda turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Sohadagi islohotlar samarasi oʻlaroq, yurtimizga kirishda fuqarolardan viza talab etilmaydigan mamlakatlar soni 9 tadan 93 taga yetkazildi, 77 davlat uchun elektron viza tizimi joriy etildi. 109 davlat fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasida yashash huquqi berildi. Joriy yilda turizm sohasidagi subyektlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ularga subsidiya va ssudalar ajratilyapti.

Davlatimiz rahbari oʻtgan yili 19-sentyabrda mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida turizm uchun pandemiyadan keyin qayta tiklanish davri boshlanganini taʼkidladi. Darhaqiqat, 2022-yilda yurtimizga kelgan xorijiy sayyohlar soni oldingi yilga nisbatan 3 barobar oshib, 5,2 million nafarni tashkil etdi.

Yil boshidan turizm eksporti hajmi 926 million dollar boʻldi (2019-yili daromad 951 million dollar boʻlgan). Oʻzbekistonga kelgan mehmonlarning sayohati oʻrtacha 4-5 kungacha, sarflagan mablagʻi 305 dollargacha koʻpaygani (bu 2019-yilda oʻrtacha 3 kunni tashkil etib, sayyohlar 195 dollar sarflagan) pandemiyadan keyin qayta tiklanish holati boshlanganidan dalolat beradi. Hozirgi paytda milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishdagi asosiy maqsadlardan biri ustuvor strategik yoʻnalishlarni tanlab olishdan iborat.

Shu tufayli bugun dunyo nazari Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi ijrosiga qaratilgan. Mazkur hujjatning milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning oʻsish surʼatlarini zamon talablari darajasida taʼminlashga bagʻishlangan yoʻnalishida mahalliy sayyohlar sonini 12 million nafardan oshirish hamda mamlakatga keladigan xorijiy sayyohlar sonini 9 million nafarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan.

Ushbu vazifaning bajarilishi makro darajada turizm sohasini rivojlantirish, YAIMdagi ulushini oshirish, aholini yangi ish oʻrinlari bilan taʼminlash, turizm va mehmonxona xoʻjaligi xizmatlarini raqamlashtirish, ichki turizmga investitsiyalarni jalb qilish hamda turizmning iqtisodiyotdagi multiplikativ samarasini aniqlash boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borishni talab etmoqda.

Yangi Oʻzbekistonda turizm sohasini iqtisodiyotning yetakchi strategik sektoriga aylantirish asosiy ishlardan biri sifatida belgilangani tufayli turistik-rekreatsion xizmatlar samaradorligini oshirish zarurati raqamli iqtisodiyot sharoitida davlat ahamiyatiga molik vazifaga aylanmoqda. Shu tufayli hozir Oʻzbekistonning boy tarixiy-madaniy merosga, noyob tabiiy salohiyatga ega hududlari uchun zaruriy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda turistik-rekreatsion obyektlar boʻyicha maʼlumotlarni hamda turistik firma va mehmonxona xizmatlarini raqamlashtirish zarur boʻlmoqda.

Iqtisodiyotni raqamlashtirish xilma-xil maʼlumotlar, taʼlim, ilmiy, koʻngilochar kontentni taqdim etadi, uni tezroq, yaxshiroq va qulayroq shaklga oʻtkazadi. Bu, oʻz navbatida, toʻlov qiymatini pasaytiradi va yangi daromad manbalarini ochadi. Onlayn muhitda turistik xizmatlarning narxi anʼanaviy iqtisodiyotga qaraganda ancha pasayadi. Davlat va tijorat xizmatlaridan foydalanish osonlashadi. Bundan tashqari, raqamli dunyoda tovar va xizmatlar jahon bozoriga tez chiqishi, dunyoning istalgan nuqtasida mavjud boʻlishi mumkin.

Muhimi, taklif etilayotgan turistik xizmat isteʼmolchilarning yangi talablarini qondirish uchun bir zumda oʻzgartirilishi, qayta koʻrilishi imkoniyati yuzaga keladi. Pandemiyadan keyingi davrda turizm sohasini tiklash va yanada rivojlantirishda hamkorlikni mustahkamlash, SHHT davlatlarining yagona turizm brendini shakllantirish va uni ilgari surish, shuningdek, yangi turistik marshrutlarni yaratish, mavjud yoʻnalishlarni xavfsiz turizm nuqtayi nazaridan optimallashtirish, turizm sohasida sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha tajriba almashishga kelishib olindi.

Haqiqatan, SHHT davlatlari bilan turizm aloqalarini yanada rivojlantirish muhim yoʻnalish boʻlib, sayyoramiz aholisining 44 foizini qamrab olgan tashkilot hududi salohiyati toʻliq ishga solinmagan ulkan turizm bozoridir. Ushbu makonda bir yilda SHHT davlatlaridan jami 250 millionga yaqin sayyoh xorijda dam olish uchun ketishini hisobga olsak, ushbu oqimning atigi 5 foizi Oʻzbekistonga jalb qilinsa ham, bir yilda qoʻshimcha 12,5 million xorijlik sayyohning tashrifini taʼminlash imkoniyatiga ega boʻlamiz.

Koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda sayyohlarning saʼyharakatlaridagi tub oʻzgarishlarni inobatga olgan holda, ichki turizmni jadallashtirish zarurati alohida ahamiyat kasb etmoqda. Zotan, mamlakatimizda turizm xizmatini tiklash va yanada rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar samarasi soha yoki tarmoq bilan birga, mahallalar, oilalar hayotida ham yaqqol sezilayotir. Shu bois, turizm sohasini Oʻzbekiston iqtisodiyotining kuchli drayveriga aylantirish maqsadida xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilash marralari belgilangan.

Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 2023-yilda Samarqand shahrida oʻtkazilishi yurtimizda turizm sohasidagi islohotlarning xalqaro eʼtirofi boʻldi. UNWTO Bosh assambleyasi har 2 yilda bir marta oʻtkaziladigan muhim turistik forum boʻlib, bunday nufuzli tadbir, yaʼni BMT tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning Bosh assambleyasi birinchi marta Oʻzbekistonda oʻtkaziladi.

Mazkur muhim turistik forum oʻtkazilishi natijasida 2023-yilda Samarqand shahri Jahon turizm poytaxtiga aylanadi. Bu, oʻz navbatida, “Samarqand — Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” konsepsiyasini amalga oshirish va yurtimiz turizmida pandemiyadan keyin qayta tiklanish davri boshlanganidan dalolat beradi.