Uch aka-uka Sabriddin, Ruhiddin, Muhriddin Oripovlar yigʻgan mablagʻlariga oʻzlarining qishlogʻidan kichikroq binodan xona olib, moʻjazgina sex ochishdi. Qogʻoz sochiq, yaʼni salfetka mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishdi. Yigitlar oʻzlaridan boshqa yana ikki nafar yoshni ham ish bilan taʼminladi.
Albatta, sexni bunyod etishning oʻzi yaxshi boʻlgani yoʻq. Xonalarni moslashtirish, ishlab chiqarish uchun sharoitlar yaratish va xorijdan texnologiya keltirish hamda boshqa yumushlar uchun yelib-yugurishdi. Lekin bugun ular Xitoydan olib kelingan uskunalarni boshqarishni binoyidek uddalashyapti, shu bilan birga, yaxshigina daromad ham olishyapti.
– Mahsulotlarimizni tumanimizdagi oshxonalar olishadi, poytaxtimizdagi “Oʻrikzor”, “Eko” bozorlariga ham chiqaryapmiz, – deydi tadbirkor Ruhiddin Oripov. – Ishimiz yomon emas. Biz biznesimizni boshlashda ancha ikkilangan edik. Koʻpchilik uchun arzimagan boʻlib tuyulgan bu tadbirkorlikning oʻz oʻrni boʻlganidan bugun xursandmiz. Bitta yelim qopda 40 ta qadoqda mahsulot boʻladi. Ishimiz baroridan kelsa, bir kunda 30 qopni sotuvga chiqaramiz.
Tadbirkorlarning faoliyatini kuzatamiz. Dastgohga joylashtirilgan qogʻozlar oʻrami xuddi lenta misoli aylanib, dastlab gul bosish bosqichidan oʻtkaziladi, keyin maxsus uzunlikda joylashtirilib, oʻtkir tigʻli moslama bilan kesiladi va kompyuter koʻmagida kichik, oʻrtacha va katta xaltachalarga 50, 100, 200 donadan solinadi. Shundan soʻng esa yana moslama orqali yelim xaltachalar tikilib, sotuvga chiqarishga tayyor boʻladi.
Mavridi kelganda bir jihatga eʼtibor qaratsak. Uch aka-ukalar ham bugungi baʼzi tengdoshlari qatori biror ishni boshini tutmasdan yurishi mumkin edi. Ammo ular hayotda oʻz yoʻlini topib, oʻz bizneslarini yoʻlga qoʻyishdi.
Endi esa boshqa rejalarini ham amalga oshirish niyatida harakat qilishmoqda. Bankdan kredit olib, korxona faoliyatini kengaytirib, namli salfetkalar, hojatxona qogʻozlari ishlab chiqarishni ham boshlashmoqchi.
Dilfuza Mirobidova.