Paxta terimi: bir mavsum — bir yilga tatiydi

    Bo'kak tumani bu yil ham paxta terimi borasida Toshkent viloyatida yetakchilar qatorida turibdi.

    Kuz fasli dehqonlar uchun yig'im-terim, bahorda yerga sochilgan urug'lar hosilini yig'ishitirib oladigan palla. Ayniqsa, katta-katta er maydonlarida yetishtirilgan paxta hosilini nest-nobud qilmasdan yig'ib olish muhim masalalardan biri. Buning uchun hududlarda jiddiy tayyorgarlik ko'rilgan va sentyabr oyi boshlaridanoq yurtimiz bo'ylab paxta terimi qizg'in boshlab yuborildi. Joriy yilda qo'lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun birinchi terimda 1500 so'mdan, ikkinchi terimda 1800 so'mdan kam bo'lmagan miqdorda haq to'lanishi ham belgilangan.

    Mirishkorlarning bu yilgi paxta hosilidan ko'ngli to'q. Ob-havoning qulay kelgani hamda sohaga zamonaviy ilm-fanning tobora jadal kirib kelayotgani va bu yo'nalishda klaster tizimining joriy etilishi hosildorlikni bir necha barobarga oshirmoqda. Klaster tarkibida birlashayotgan fermer xo'jaliklari bu yil paxtani yanada zamonaviy texnika va texnologiyalar asosida etishtirdi. Buning natijasida aksariyati rejani ortig'i bilan bajarish, xirmonlarni vaqtidan avval to'ldirib, ketini uzmasdan darhol yerga g'alla urug'larini qadashni ko'zlayapti.

    Terim boshlanganiga ko'p bo'lmasdan hududlardan xushxabarlar eshita boshladik. Navoiylik Ra'no Valiyeva rahbarligidagi “Valiobod” fermer xo'jaligi paxta tayyorlash rejasini respublika va viloyatda birinchilardan bo'lib bajardi. Uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilayotgan fermer ayol bu yil 31,5 gektar maydonda paxta yetishtirib, 91,5 tonnalik rejani ortig'i bilan topshirgan.

    Paxta terimi Toshkent viloyatida ham qizg'in ruhda boshlandi. Ochig'i, bu yilgi paxta hosili yomon bo'lmaydiganga o'xshaydi. Boisi, Bo'ka tumaniga qarab yo'l olgan ijodiy guruhimiz yo'l-yo'lakay boshqa tumanlardagi paxta dalalarini ham ko'zdan kechirdi. G'o'zalar bo'yi anchagina baland, sog'lom o'sgani rangining tiniqligidan ko'rinib turibdi. Ko'saklarning bari bir tekis ochilgan. Oppoq, momiqqina paxtalar uzoqlardan ham yaqqol ko'zga tashlanadi. Ularga qarab, bundan 6-7 yil oldin o'zim ko'rgan paxta dalalari yodimga tushdi. O'shanda yaxshi o'smay qolgan paxta novdalari xuddi kasallangandek ko'ringan. Ko'saklar ham biroz qorayib, bujmayibroq turar, nazarimda, hosildorlik yaxshi bo'lmagandek edi. Bu galgi manzara esa odamning bahri dilini ochib yubordi.

    — Joriy yil viloyatda 72,1 ming gektar maydonda g'o'za parvarish qilinib, 257 ming 900 tonna paxta xomashyosini yetishtirish reja qilingan, — deydi Toshkent viloyati qishloq xo'jaligi boshqarmasi boshlig'i Ravshan Norbo'tayev. — Buning uchun 1 ming 181 ta fermer xo'jaligi va 6 ta paxta-to'qimachilik klasteri bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzildi. Ushbu terimda paxtani mexanizatsiya yordamida terib olishga ko'proq e'tibor qaratilyapti. O'tgan yili 20 foiz maydon shu usulda terib olingan bo'lsa, joriy yilda etishtirilgan paxtaning 48 foizi mashinalar yordamida terib olinadi. 52 foizi esa qo'l terimi bo'lgani holda, hududlarda maxsus terim otryadlari shakllantirilib, har bir otryadga o'rtacha 100—120 nafardan terimchi biriktirilyapti.

    Mavsum davomida terimchilarni issiq ovqat bilan ta'minlash hamda boshqa zarur sharoitlarni yaratib berish klaster korxonalari va fermer xo'jaliklari zimmasida bo'ladi. Ayniqsa, ishchilarning mehnat haqlarini o'z vaqtida to'lash masalasi nazoratga olingan. Bu boradagi har qanday shikoyatlar zudlik bilan o'rganiladi. Lekin hozircha viloyat bo'yicha bunday shikoyatlar bo'lmadi. Rejaga ko'ra, terim mavsumini 10 sentyabrdan 10 oktyabrgacha, 30-35 ish kunida yakunlash grafigi ishlab chiqilgan.

    “Paxta terimini kutib turamiz...”

    “... Ikkinchi kursda paxtaga bordik. O'sha Bo'ka rayoniga. Chetdagi bir kolxoziga. Mana shu o'zimizning Surxon vohasiga o'xshab ketadigan joylar ekan: har qadamda qiyoqlar o'sgan. Bog'-bog' yosh qamishni tagi bilan o'tqazib qo'yganday. Eri jiqqa ajriqzor. Mol o'tlaydigan, bolalar chillak o'ynaydigan er-da!”

    Shukur Xolmirzayevning “O'zbeklar” hikoyasi shunday boshlanadi. Negadir Bo'ka tumaniga ketishda shu asar yodimga tushdi. Balki unda ham paxta terimi haqida gap borgani uchundir. Har holda, asarda paxta terimining zavqi tasvirlanmagan. Aksincha, yaqin yillargacha majburiy mehnatga aylantirilgan bu mashaqqatli ishning og'ir sharoitlardagi achinarli holati aks etadi.

    Afsuski, bu holatlarga biz ham yillar davomida guvoh bo'lib keldik. Ammo Yangi O'zbekistonda boshlangan islohotlarning eng avvalida mana shu tizimga qarshi choralar ishga tushdi. 2017-yildan qat'iy tashlangan qadamlar o'z samarasini berdi. Nihoyat, O'zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga butkul barham berildi. Buni xalqaro ekspertlar ham tasdiqlamoqda. Hatto, joriy yil 10-mart sanasida “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan o'zbek paxtasiga nisbatan boykot bekor qilingani rasman e'lon qilindi. Ya'ni, ushbu tarixiy kundan e'tiboran uzoq yillar davomida muhim sanoat xomashyosi va u asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarimizga qo'yilgan global taqiq echildi. 12 yildan ortiq amal qilgan boykot mamlakatimizda 2021-yilgi paxta terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo'l qo'yilmagani munosabati bilan bekor qilindi.

    Hozir mamlakatimizda paxta terimiga chiqish mutlaqo ixtiyoriy. Terimga chiqadigan xotin-qizlarga hech qanday talablar qo'yilmaydi. Hatto, yosh bolali ayollar ish kunini vaqtliroq yakunlab, uyiga ketishi ham mumkin. Chunki, terimchilarga ishiga qarab haq to'lanadi. Qancha ko'p paxta tersa, shuncha ko'p daromad oladi. Bo'ka tumanidagi “APK Bo‘ka” MCHJ XK klasterida ishchilarga mehnat haqlarini vaqtida berib, issiq ovqat bilan ta'minlash tizimli yo'lga qo'yilgan. Yaqin-atrofdagi xonadonlardan terimga chiqayotgan xotin-qizlarning ko'pchiligi ushbu mavsumdan foydalanib, qo'shimcha daromad topishlarini aytishdi.

    — Har yili paxta terimiga chiqamiz, hatto, terim boshlanishini kutib o'tiramiz, — deydi shu erlik Munavvar Omonova. — Bu bir oylik mavsum-da, odamlar shundan daromad topadi. Ayniqsa, davlat ishida ishlamaydigan, kam ta'minlangan oilalar a'zolari terimdan foydalansam deydi. Qolaversa, paxta terishning gashti bor. ertalabdan qo'shni ayollar bilan birgalikda kelamiz, kun davomida birga paxta teramiz, orada gurunglashib, odatiy ishlardan chalg'iymiz. Yosh bolam bo'lgani uchun men uyga sal vaqtliroq ketaman. Uy ishlari, bolaga qarashda qaynona—qaynotam yordamlashib turishibdi. Buning uchun ulardan minnatdorman. O'zim kollejda hamshiralikka o'qiganman. Farzandimni sal katta qilib olgach, shu sohada ishga kirmoqchiman. Lekin baribir paxta mavsumida terimga chiqishni kanda qilmasam kerak, chunki bu ish o'zimga yoqadi.

    Xotin-qizlar paxtaga majburan, faqat daromad topish uchun chiqadi, deb o'ylashga o'rganib qolgan ekanmiz. Lekin klasterdagi ishchilar bilan suhbatlashib, bu ishdan zavq oladigan, quyoshning qizigan tig'iga qaramasdan, hatto, paxta dalasiga chiqib, dam oladigan insonlar borligini ko'rdik.

    Terim mashaqqati bir tomon bo'lsa, xaltani to'ldirish yanada qiyinroq ekan. Chunki momiqqina paxtalar juda yumshoq va yengil bo'lgani sababli tosh bosishi oson emas. Shunga qaramay, bu ishning ustasi bo'lib ketgan, uzoq yillik paxtakorlar kuniga 150 kilogramgacha paxta teryapti.

    — Yoshim 52 da. Salkam 40 yildan beri paxta teraman, — deydi Barno Shermirzayeva. — Allohga shukur, tanim sog', haligacha terimga chiqyapmiz. Kuniga 150 kilogacha paxta teraman. Bu ish o'zimga yoqadi, terim mavsumini kutib turamiz. Mahalladoshlar bilan uyda o'tirib, zerikmaslik uchun ham terimga chiqamiz. Bir mavsumda 6-7 million so'mgacha daromad qilamiz. Shuning orqasidan to'ylar qildik, o'zimga zirak-uzuklar olganman. Hammasi halol mehnatimiz orqasidan bo'lyapti. Bolalikdan dalada mehnat qilib katta bo'ldik. Oilamizning asosiy daromadi dehqonchilikdan. Tomorqamizda issiqxona qilganmiz. Ko'chat yetishtirib, sotamiz. Paxta terimi bizga qo'shimcha daromad. Avvallari terimga odamlar majburiy olib chiqilardi. Hozir ixtiyoriy, bolalar umuman yo'q. Klaster tashkil etilganidan beri sharoitlar juda yaxshilangan. Har kuni issiq ovqat bor, pulni vaqtida beradi. Uzoqroqda yashaydiganlarni mashinada oborib-obkelishadi. Odamlar xursand.

    Paxtaga to'lgan xaltalar birin-ketin tarozibon tomonga olib kelinadi. 15 yildan beri qishloq xo'jaligi sohasida ishlayotgan G'iyos Isayev hozir klaster brigaderi. Jamoasi bilan birgalikda hasharchilar tergan paxtalarni birma-bir tarozida tortib, kilosini yozib boradi. So'ng to'plangan paxtani klasterning qabul qilib olish punktiga olib borishadi. Bir kunda 4 ta mashina paxta topshirishyapti. Terim bo'yicha umumiy hisob-kitoblar esa buxg'alterga beriladi. Shu asosida terimchilarning kunlik pullari hisoblanib, ertasiga dalada tarqatiladi.

    Qo'l terimiga nisbatan samaraliroq

    Chigitni vaqtliroq erga qadab, agrotadbirlarni ilmiy yondashuvlar asosida to'g'ri tashkil etgan klasterlar hosilni ham boshqalardan oldinroq yig'ib olishga kirishgan. “APK Bo‘ka” MCHJ XK klasteri hosil yig'imini birinchilardan boshladi. Yig'imning dastlabki kunlarida klasterda mavjud 11 ta terim mashnalari ishga tushdi. AQSH davlatidan olib kelingan eng zamonaviy terim traktorlari kuniga 20-30 tonna paxta terish imkoniyatiga ega. Qolaversa, ular ancha kamxarjligi bilan qo'l terimiga nisbatan samaraliroq ekan.

    — 10 yildan beri traktorda paxta teraman, — deydi Nuriddin Ernazarov. — Oxirgi 3 yilda zamonaviy traktorlardan birini haydayapman. Ko'rinishidan bahaybat bo'lsa ham, boshqarish oson. Ichida barcha sharoitlari qilingan. Havo sovitish va isitish uskunalari bor. Paxtani terish tezligi va samaradorligi ancha yuqori. Eski traktorlarda paxta terish sekin va sifatsizroq bo'lardi. Ular paxtani chala terardi, kamiga shpindellari o'zini-o'zi yuvmasdi, natijada oralariga tiqilib qolgan paxtalar nosozlikni yuzaga keltirardi. Zamonaviy traktorda bunday muammolar yo'q. Shu paytgacha terim jarayonida ham qiyinchiliklar bo'lmadi. Bu mashinalarda kuniga 25-30 tonnagacha paxta teryapmiz.

    Traktorlar kira olmaydigan qiya joylar yoki paxta pastroq o'sgan dalalarda esa terimchilar jalb etilmoqda. Klaster o'rtacha 35—40 tsentner hosil ko'taryapti. Joriy yil reja bo'yicha 8,5 ming tonna paxta topshirishi kutilyapti. Bu viloyat bo'yicha eng yuqori ko'rsatkichlardan.

    — Hozirgi kunda paxta rejasini bajarish avvalgidek o'ta mashaqqatli ish emas, — deydi “APK Bo‘ka” MCHJ XK klasteri bosh agronomi A'zamjon Abdujabborov. — Chunki bizda urug'chilik, ilm-fan yil sayin rivojlanib boryapti. Masalan, dehqon bitta urug' ekib, kam hosil olsa, kelasi yili ko'p hosil beradigan navlarni qidiryapti, ish jarayonlariga agronomlarni jalb qilyapti. Maqsad ko'p hosil olib, yaxshi daromad topish. Bozor iqtisodiyoti talabi shu. Biz ham oldingi yili paxtaning “6524” navini ekkandik. Lekin u nav suvsizlikka chidamsiz bo'lgani uchun hosil kutilgandek bo'lmadi. Shu bois, bu yil “Buxoro” navini ekdik. U suvsizlikka chidamli ekan, haqiqatan natijasi bo'ldi. Atigi 2 marta sug'ordik, hosil ham yaxshi bo'ldi. Lekin paxtani faqat sug'orish bilan ish bitmaydi. Doimiy agrotadbirlar olib borilsagina, yaxshi hosil olinadi. Hamma gap parvarishda. CHigit erga qadalgandan to paxta etilguncha daladan chiqmaymiz, doimiy ishchilar ishlaydi. Shunda ham xarajatdan ikki barobar ko'p daromad topyapmiz.

    Oxirgi ikki yilda dehqon olgan hosilidan hatto xarajatini qoplay olmaydi, degan gaplarga ishonmay qoldim. Sababi, xonadonlarga ham ko'p e'tibor beraman, odamlar sabzavot ekyapti, agronomlardan maslahat olib, agrotadbirlarini qilyapti, natijada hosil kutganidan ko'p bo'lyapti. Aholi kichkina tomorqasidan ham yaxshi daromad topyapti. Shuning hisobiga hozir bozorlarimizda qishin-yozin sifatli, yangi oziq-ovqat mahsulotlari sotilyapti. Meva-sabzavotlarni qarang, qanday chiroyli, daladan uzib olib chiqilyapti. Yoshligimizda bozorga borsak, yangi uzilgan bodring, pomidor u er-bu erdagina bo'lardi, ko'pi avvaldan saqlangan, bujmayib turardi. Hozir dehqonlar mavsum kutib o'tirmayati, yil o'n ikki oy hosil etishtiryapti. Chunki urug'ni erga shunday qadab qo'ygan bilan hech narsa bo'lmaydi. Hozir dehqonchilik faqat bilimga tayanib qilinadigan ishga aylandi. Shu ketishda O'zbekiston 10 yildan keyin qishloq xo'jaligi sohasida bemalol Gollandiya bilan bellasha olishiga ishonaman.

    2020-yilda davlatimiz rahbarining qarori bilan paxta bo'yicha davlat buyurtmasining bekor qilingani ham tizimda katta yangilanishlarga yo'l ochdi. Mamlakatimizda davlat tomonidan paxta xomashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechildi. Bu borada erkin raqobatni ta'minlaydigan bozor tamoyillariga o'tilib, fermer xo'jaliklari manfaatdorligini oshirishning yangi mexanizmlari belgilab berildi. Ana shu tarixiy hujjat bugun bobodehqonlarimizning biri ikki bo'lib, kosasi oqarishiga xizmat qilmoqda. Ularda iqtisodiy manfaatdorlik hissi oshib, er egalari mahsulot ishlab chiqarishda ham, narxlarni shakllantirishda ham bozor sharoitidan kelib chiqmoqda.

    Organik paxtaga talab ortmoqda

    Paxta tolasi dunyo to'qimachilik sanoati uchun tabiiy tolaning eng ulkan va qayta tiklanuvchi manbai hisoblanadi. U o'zining nafisligi va havo o'tkazuvchanlik kabi xususiyatlari, shuningdek, ekologik sof mahsulot ekani bilan sun'iy tolalarga qaraganda bir qancha afzalliklarga ega. Shu sababli, dunyoda paxta tolasiga bo'lgan talab aslo kamaymaydi.

    Qishloq xo'jaligida esa mo'l hosil olish erning holatidan tortib, ob-havo qanday kelishigacha bog'liq. Avvallari bu hodisalar boricha qabul qilinib, dehqonlar unga moslashgan. Lekin hozir har bir jarayonni ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilib, samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkoniyati yuqori. Masalan, so'nggi yillarda kunduzgi va tungi harorat bir xil bo'lib qolayotgani, yangi turdagi hasharotlarning ko'payib borayotgani ushbu sharoitga chidamli navlarni ko'paytirishni taqozo qilmoqda.

    Qolaversa, jahon bozorida ekologik toza, ya'ni, organik paxtaga talab ortib boryapti. Shu bois, “APK Bo‘ka” MCHJ XK klasterida bu yil paxta yetishtirishda kimyoviy dorilar ishlatilmadi. Asosan biolaboratoriya orqali foydali hasharotlar bilan ishlangan. Paxtani changlatishda esa asalarilardan foydalanildi. Agronom Zoyirqul Sultonov xalqaro seminarlarda qatnashib, xorijlik hamkorlarning organik paxta borasidagi talablarini o'rgandi. Uning aytishicha, chet ellik ishbilarmonlar organik paxta uchun oddiy paxtaga nisbatan 4 barobar qimmat narx taklif qilmoqda. Faqat, buning uchun organik paxta talablariga to'liq rioya etish, umuman kimyoviy dori, mineral o'g'it ishlatmaslik talab etiladi. To'g'ri, bu hosilni kamaytirar ekan, ammo ushbu usul 8-9 barobar arzonga tushadi, xomashyo narxi esa ancha qimmat belgilanadi.

    Klaster bu yil tajriba tariqasida 100 gektar maydonda organik usulda paxta etishtirmoqda. Agrotadbirlar borasida 2 ta xalqaro tashkilot bilan ish olib borilyapti. Hosil terilgach, natija kutilgandek bo'lsa, kelasi yili yana 300 gektarda organik paxta yetishtirish rejalashtirilgan.

    Organik paxta yetishtirish yurtimiz uchun ham foydali bo'ladi. Chunki xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirish orqali, ko'proq daromad topish mumkin. Bu borada O'zbekiston qisqa vaqt ichida katta tajriba to'plashga erishdi. Bundan 6 yil oldin boshlangan paxta va to'qimachilik sanoatidagi islohotlar sabab diyorimizda paxta xomashyosini qayta ishlash tizimi yo'lga qo'yildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan paxta-to'qimachilik sohasida to'liq klaster tizimi joriy etildi. Natijada 350 ga yaqin yirik fabrikalar ishga tushirildi. Besh yil avval yurtimizda etishtirilgan paxta tolasining atigi 40 foizi qayta ishlangan bo'lsa, bugungi kunda ushbu ko'rsatkich 100 foizga etgan. Ip-kalava ishlab chiqarish 2, tayyor mahsulot 3 barobarga ortdi. Ya'ni, hozir o'zbek paxtasi avvalgidek xorij davlatlariga xomashyo sifatida eng arzon narxlarda sotilmayapti. Aksincha, tadbirkorlarimiz to'liq qayta ishlab, tayyor mahsulotni bir necha barobar qimmatga eksport qilmoqda. Bu esa tadbirkorning ham, paxta terimida mehnat qilayotgan ishchilarning ham yuqori daromad olishiga xizmat qilyapti.

    Umuman, paxta xomashyosidan ko'pgina tarmoqlarda keng foydalaniladi. U xomashyo sifatida ham, tayyor mahsulot sifatida ham mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli foyda keltiradi. Paxta-to'qimachilik tarmog'i minglab insonlar bandligini ta'minlab, oilalar farovonligi, daromadlarini oshirishga xizmat qiladi. Shunday ekan, paxta xirmonlarimiz to'lib, rizq-ro'zimiz doimo barakali bo'laversin.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri