Taʼlim tizimining keyingi chorak asrdagi faoliyatiga nazar tashlaydigan boʻlsak, taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasida koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirilganiga guvoh boʻlamiz. Shu bilan birga taʼlim turlari oʻrtasidagi aloqa va uzviylik taʼminlanishida ayrim kamchiliklar ham kuzatildi. Bu pirovardida maqsadni belgilashdagi tarqoqlikka va taʼlim sifatining pasayishiga sabab boʻldi. Kadrlar tayyorlash boʻyicha davlat siyosatida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy oʻziga xosligi, talab hamda ehtiyojlari toʻliq hisobga olinmasligi, mehnat bozoridagi talab va taklifning chuqur oʻrganilmasligi natijasida kadrlarning hududlar boʻyicha taqsimotida muvozanatning buzilishi kuzatildi. Buning natijasida ayrim hududlarda pedagog kadrlarga ehtiyoj uzoq yillar davomida qondirilmadi.
Tizimdagi bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida keyingi toʻrt yilga yaqin vaqt mobaynida taʼlim va kadrlar tayyorlash sohalariga oid bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularda kadrlar tayyorlash sifatini tubdan takomillashtirish, xususan, tizimga rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini tatbiq etishga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Taʼlim tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan mazkur hujjatlarning barchasida sohaga innovatsiyalarni kiritish, xorijiy tajribalarni oʻzlashtirish, ijodiy yondashuvlarni qoʻllab-quvvatlash, taʼlim turlari oʻrtasidagi integratsiya jarayonlarini kuchaytirish bilan bogʻliq umumiy jihatlarni koʻrish mumkin.
Iqtisodiy salohiyatga mos oʻqitish zarur
Toshkent viloyati yurtimizning iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanayotgan hududlaridan hisoblanadi. Hududda yirik ishlab chiqarish korxonalari mavjudligi, xususiy sektorning nisbatan keng taraqqiy etayotgani viloyatning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu yaxshi, ammo viloyatda ijtimoiy sohalar, xususan, taʼlim sohasi hududning iqtisodiy salohiyatiga muvofiq holda barqaror rivojlanyapti, deb aytolmaymiz. Hozirgi kunda viloyatda maktabgacha va xalq taʼlimi tizimi bilan bogʻliq dolzarb qator muammolar mavjud. Hududda pedagog kadrlarga talab boʻyicha istiqbol rejalarning mavjud emasligi, malakali oʻqituvchilarga ehtiyojining toʻla qondirilmagani, taʼlim turlari oʻrtasida uzviylik va integratsiyaning yetarlicha taʼminlanmagani taʼlim-tarbiya sifati pastligi, oʻqitishga nisbatan tizimli yondashuvning sustligi shular jumlasidan.
Umuman, bu muammolarni yana davom ettirish mumkin. Ular keng qamrovli va koʻpqirrali ijtimoiy masala boʻlib, yechimi bir-ikki sabab bilan topilmaydi. Bu muammolar hududiy hokimliklar va ularning tasarrufidagi tegishli boʻlinmalarning ayni masala boʻyicha tizimli ish olib borishi natijasida ijobiy yechim topishi mumkin.
Hozir Toshkent viloyati taʼlim tizimida shunday yangi mexanizm yaratilishi hayotiy zaruratga aylandi. Unda taʼlim turlari oʻrtasida oʻzaro nazorat ham, raqobat ham, manfaatlar ham taʼminlanishi zarur. Prezidentimizning 2017-yil 27-iyuldagi qaroriga binoan tashkil etilgan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti ana shu muammoning ilmiy-nazariy va amaliy yechimini topishni oʻzining asosiy strategik tadqiqot yoʻnalishi sifatida belgilab olgan. Bu vazifalar pedagogik taʼlim innovatsion klasterining ilmiy-nazariy asoslarini yaratish va uni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlarini ishlab chiqishni talab qiladi. Darhaqiqat, pedagogik taʼlimning jamiyat barqaror rivojlanishidagi yuqori ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda zamonaviy talablar, tizimdagi muammolar va ularni hal qilishda fan va taʼlim boʻgʻinlari oʻrtasidagi tarqoqlik bugungi kunda uzluksiz pedagogik taʼlimni klaster rivojlanish modeliga oʻtkazish zaruratini taqozo etmoqda.
Institut ilmiy salohiyati va maktablar tajribasi birlashtirilmoqda
Pedagogik taʼlim klasteri boʻyicha Toshkent viloyati tajribasi sifatida eʼtirof etilayotgan keng koʻlamli ilmiy-amaliy loyihaning pirovard maqsadi hududda maktabgacha va xalq taʼlimi tizimining salohiyatini oshirishga qaratilgan. Pedagogik taʼlim klasteri boʻyicha Toshkent viloyati tajribasi sifatida ommalashayotgan innovatsion loyiha hududdagi taʼlim subyektlarining salohiyatidan unumli foydalanish, taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, oʻzaro nazorat tamoyiliga asosan ish yuritishni nazarda tutadi.
Mazkur klaster boʻyicha bugungi kunda institutda oʻttizga yaqin ilmiy tadqiqot ishlari bajarilmoqda. Ularda xalq taʼlimi tizimidagi muammolar yechimi boʻyicha loyihalar tajriba-sinovdan oʻtkazilyapti. Jarayon institut tomonidan yigirma ikkita maktabda tashkil qilingan “Maktab-laboratoriya” innovatsion tajriba maydonchasi va “Modulli maktabgacha taʼlim laboratoriya”sida amalga oshirilmoqda. Ushbu innovatsion tajriba-sinov maydonchalaridagi ishlar institutning ilmiy salohiyati va maktablarning tajribasini bir nuqtaga jamlash tamoyiliga asosan bajarilyapti.
Tajriba-sinovning dastlabki natijalari olindi. Unda qator koʻrsatkichlar kuzatildi. Jumladan, boʻlgʻusi oʻqituvchilarning kasbiy koʻnikish davri qisqardi. Oʻquvchilar bilimidagi boʻshliqlar kamaydi. Darsliklar va oʻquv dasturlaridagi kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha takliflarning ishlab chiqildi. Maktab va institut oʻrtasida tezkor axborot almashish imkoniyati paydo boʻldi. Talabalarning maktabdagi muammolarni yaqindan bilishi va uning yechimiga oʻzini tayyorlash imkoniyati vujudga keldi. Oliy taʼlim muassasasi va maktablar oʻrtasida oʻzaro nazorat tamoyilida ishlash koʻnikmasi shakllana boshladi.
Bogʻcha taʼlimiga yangicha yondashuv
Maktabgacha taʼlim bosqichi — eng muhim boʻgʻinlardan biri. Afsuski, yillar davomida ushbu taʼlim bosqichini isloh qilish, maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrovni oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini zamon talablariga moslashtirish masalasiga kam eʼtibor qaratildi. Prezidentimizning 2017-yil 30-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroridan keyin taʼlim tizimining quyi boʻgʻiniga eʼtibor kuchaydi. Buning natijasida farzandlarimizni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi keskin oshdi. Olti yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilindi. Bunga byudjetdan 130 milliard soʻm ajratilib, jarayonda xususiy maktabgacha taʼlim muassasalari ham bevosita ishtirok etadi. Bu ishlarning zamirida maktabgacha yoshdagi farzandlarimizga taʼlim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish bilan bogʻliq umidbaxsh maqsadlar mavjudligini koʻramiz.
Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri doirasida Chirchiq davlat pedagogika instituti maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini ichdan oʻrganish, u yerdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida “Modulli maktabgacha taʼlim laboratoriya” innovatsion tajriba maydonchalari faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Bunday maydonchalarda institutning qator professor-oʻqituvchilari talabalar bilan birga muayyan muammoning yechimiga qaratilgan ilmiy loyihalar ustida izlanish olib bormoqda. Hozirgi kunda ushbu tajriba-sinov maydonchalarida uchta loyiha tajriba-sinovdan oʻtkazilmoqda. “Modulli maktabgacha taʼlim laboratoriya”larida institutning ilmiy salohiyati va maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachi-pedagoglarining tajribasini birlashtirish orqali natijaga erishish nazarda tutilgan.
Shu oʻrinda yaponiyalik tadqiqotchi, bola ruhiyatining bilimdoni Masaru Ibukaning “Uchdan keyin kech” kitobini eslash lozim deb oʻylayman. Ushbu kitobga nisbatan shunday taʼrif berilgan: “Bu kitob yozilgan kitoblarning eng muhimlaridan biridir. Uni Yer kurrasidagi barcha ota-onalar oʻqishi kerak!” Darhaqiqat, kitob ota-onalar va bogʻcha tarbiyachi-pedagoglari uchun juda muhim qoʻllanma hisoblanadi. Muallifning fikricha, katta yoshlilar qiyinchilik bilan oʻrganadigan bilimni bolalar oʻynab ilgʻab oladi. Ushbu jarayonning asosi aynan taʼlimni oʻz vaqtida bera boshlashda. Soʻnggi tadqiqotlarda inson miyasining imkoniyatlari nihoyatda kengligi, taʼlim va tarbiya bolaga qancha erta berilsa, shunchalik oʻzining ijobiy samarasini koʻrsatishi isbotlanmoqda. Shu maʼnoda Modulli maktabgacha taʼlim laboratoriyalarida bajarilayotgan loyihalar bola ruhiyati va imkoniyatlari bilan bogʻliq mazkur tadqiqotlar samarasiga bizni yaqinlashtiradi. Masalani bevosita kuzatish jarayonida tadqiq etish imkonini beradi.
“Maktab-laboratoriya” innovatsion tajriba maydonchasi
“Maktab-laboratoriya” loyihasi — milliy pedagogikamizda yangi tushuncha. Uning ilmiy isteʼmolga olib kirilishi Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyati bilan bogʻliq. “Maktab-laboratoriya”lar pedagogik taʼlim innovatsion klasterining yadrosini tashkil qiladi. Ilmiy-pedagogik va innovatsion loyihalarni yaratish hamda tajriba-sinovdan oʻtkazish bilan bogʻliq vazifalarni bajaradi.
Mazkur innovatsion tajriba maydonchalarining maqsadi uzluksiz taʼlim jarayonida taʼlim turlari oʻrtasidagi ilmiy, uslubiy va taʼlim vositalarini rivojlantirish, pedagogik taʼlim innovatsion klasterini amaliyotga tatbiq etish bilan bogʻliq ilmiy-pedagogik loyihalarni tajriba-sinovdan oʻtkazishdan iborat.
Tashkil qilingan “Maktab-laboratoriya”larda taʼlim muassasalarining muayyan yoʻnalishlardagi koʻrsatkichini oshirish yoki muayyan muammoning bartaraf qilish bilan bogʻliq yangi loyihalar tajriba-sinovdan oʻtkazilmoqda. Hozir “Yosh tashabbuskor murabbiy”, “Boshlangʻich sinf oʻquvchilarining bilish jarayoni diagnostikasi va dinamikasi”, “Montesseri”, “Natija”, “Taʼlimda taraqqiyot sari”, “Pedagog”, “Innovator murabbiy”, “Pedagog rassom”, “Iqtidor”, “Rivoj”, “Madaniyatlararo muloqot”, “Mahoratli geograf”, “Innovator oʻqituvchi” kabi oʻn toʻrtta loyiha tajriba-sinovga qoʻyilgan. Ular maktabgacha va umumtaʼlim muassasalari faoliyatining turli yoʻnalishlarida samaradorlikni oshirishga qaratilgan. Loyihalar institut professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati va maktab oʻqituvchilarining tajribasini birlashtirish tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan.
Kelajak oʻqituvchisi konsepsiyasi
Institutda taʼlim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, talabalarda kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish orqali ularning kelajakda zamon talablariga javob beradigan pedagog kadrlar boʻlishini taʼminlash maqsadida “Kelajak oʻqituvchisi konsepsiyasi” ishlab chiqildi. U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan taʼlimga oid davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari va asosiy tamoyillari asosida ishlab chiqilgan. Hozirgi murakkab globallashuv davrida tez oʻzgarayotgan zamon talablariga javob beradigan, raqobatbardosh, oʻz sohasiga yondosh bir necha kasb-hunarni puxta egallagan oʻqituvchilarni tayyorlash bilan bogʻliq dolzarb vazifalar va ularni hal etish yoʻllarini belgilab beradi. Zamonaviy talablarga javob beradigan, hayotiy va kasbiy kompetensiyalarga ega, kreativ va nostandart fikrlash koʻnikmalarini oʻzlashtirgan, dars mashgʻulotiga ijodiy munosabatda yondashuvchi, sohaga doir ilgʻor xorijiy tajribalar bilan tanish boʻlgan, real sharoit va vaziyatlarga tezlik bilan professional moslasha oladigan oʻqituvchi shaxsini tarbiyalash konsepsiyaning asosiy mazmunini tashkil etadi.
Ham ilm, ham hunar oʻrganishadi
Taʼlim jarayonida nazariya va amaliyot uygʻunligiga erishish, talabalarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, qoʻshimcha kasb-hunar oʻrgatish orqali ularning hayotiy vaziyat va sharoitlarga moslashuvchanligini oshirish maqsadida institutda Tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish va qoʻshimcha kasb-hunarga oʻqitish markazi tashkil qilindi.
Hozir markazda dasturiy taʼminot va informatsion texnologiyalar, turizm xizmatlari, kichik kasb-hunar kurslari (tasviriy sanʼat va dizayn, tikuvchilik, duradgorlik, payvandchilik, trenerlik faoliyati), qishloq xoʻjaligi va salomatlik, maktabgacha va boshlangʻich taʼlim hamda uy xoʻjaligi xizmatlari, goʻzallik industriyasi va oshpazlik yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshimcha kasb-hunar oʻrgatilmoqda.
Markaz bitiruvchilariga belgilangan namunadagi sertifikatlar beriladi. Bu ularning kelajakda shu soha bilan professional darajada shugʻullanishiga imkon beradi.
Muassasaning “tashrif qogʻozi”
Prezidentimiz “Eng katta boylik — bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir!” deb taʼkidlagan edi. Bu gap jamiyatimiz taraqqiyotining ayni bosqichi uchun juda topib aytilgan. Unda ilmga berilgan baho, tarbiyaga berilgan ijobiy sifat va bilimsizlikka nisbatan munosabat mavjud. Biz ayni paytda ilm-maʼrifatni rivojlantirmasdan taraqqiyotning keyingi bosqichiga chiqa olmaymiz. Buning uchun esa tizimdagi muammolarni bartaraf qilish, taʼlim, fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyani toʻgʻri yoʻlga qoʻyish lozim.
Bugungi kunda institutning katta ilmiy jamoasi bajarayotgan keng koʻlamli imiy-amaliy va tarbiyaviy ishlar, xususan, oliy taʼlim muassasasining oʻziga xos “tashrif qogʻozi”ga aylanayotgan pedagogik taʼlim innovatsion klasterining ilmiy-nazariy asoslarini yaratish va uni amaliyotga tatbiq etish ustida olib borilayotgan tadqiqotlar viloyatda taʼlim sifatini oshirish maqsadiga qaratilgan. Izlanish va tajriba-sinov ishlarining dastlabki natijalari ushbu loyiha istiqbolli ekanini koʻrsatmoqda. Chirchiq tajribasi sifatida uni ommalashtirish, shubhasiz, pedagogik taʼlimda oʻzining ijobiy samarasini beradi.
Gʻofur MUHAMEDOV,
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori