Ushbu tizim mehnat bozori holati va soliq sohasi, shuningdek, mamlakatimizdagi demografik vaziyat bilan chambarchas bogʻliq. Shu bois, pensiya tizimi joriy munosabatlarni hisobga olgan holda iqtisodiyotga nisbatan yuklamani kamaytirishga xizmat qilishi lozim. Bozor iqtisodiyoti sharoitida nafaqa yoshidagi insonlarning turmush darajasini qoʻllab-quvvatlash, fuqarolarning pensiya olishga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirishning kafolatlarini kuchaytirish muhim vazifa. Uning ahamiyati, ayniqsa, butun dunyoda davom etayotgan pandemiya davrida yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimiz 2022-yil 9-fevralda imzolagan “Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun ayni maqsadga qaratilgan. Qonun bilan boshqa hujjatlar qatorida “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunga ham oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Yangi qonun bilan kiritilayotgan oʻzgartishlarning aksariyati jamiyatning ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlari, avvalo, ayollar huquq va manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan. Jumladan, endilikda bolani parvarishlash taʼtillarida boʻlish vaqtining hammasi jamlanganda koʻpi bilan 6 yillik davrni ish stajiga qoʻshib hisoblash koʻzda tutilmoqda. Ilgari bu davr 3 yil edi. Qonunchilik hujjatlarini oʻzaro muvofiqlashtirish maqsadida ushbu norma bir vaqtning oʻzida Mehnat kodeksida ham oʻz aksini topmoqda. Bu juda muhim. Chunki ona va bola salomatligi va xavfsizligi nafaqat oila, balki butun jamiyatga daxldordir.

Masalaning naqadar dolzarbligini rivojlangan mamlakatlarda XIX asrdayoq tushunishgan. Xususan, bola parvarishi taʼtilini 1883-yilda qonuniylashtirgan birinchi mamlakat Germaniya boʻldi. Uning ortidan Shvetsiya 1891-yilda va Fransiya 1928-yilda xuddi shunday chorani amalga oshirdi. 1919-yilda esa Xalqaro mehnat tashkiloti onalik va bolalikni himoya qilish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqib, qabul qildi. Ular uchta fundamental tamoyil – bola parvarishi taʼtili, pul nafaqasi va ish oʻrnini saqlab qolish prinsiplaridan kelib chiqadi.

Aynan shu qoidalar ona va bola xavfsizligini toʻliq taʼminlash, demakki, jamiyat manfaatini himoyalashga xizmat qiladi. Onalar tugʻruqdan keyin salomatligini toʻliq tiklashi uchun ham vaqt va mablagʻ kerak. Demak, yuqoridagi kafolatlar taʼminlansa, ular tezroq ishga qaytishlari mumkin, bu esa iqtisodiyotga foyda. Qolaversa, oilalar oʻzining davlat himoyasida ekanini bilsa, tugʻilish doimo kerakli darajada boʻladi, demografik muammolarga chek qoʻyiladi.

Shu jihatdan, yangi qonun bilan kiritilayotgan oʻzgartishlar, yaʼni mamlakatimizda bolani parvarishlash taʼtillarida boʻlish vaqtining 6 yillik davrini ish stajiga qoʻshib hisoblash ayollar uchun har tomonlama qoʻshimcha ragʻbat va qoʻllab-quvvatlash boʻladi.

Qonunda birinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha boʻlgan (oldin 16 yosh edi) nogironligi bor bolaga, shuningdek (davolash muassasasining xulosasiga koʻra), oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan qariyalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qoʻshib hisoblanishi belgilanmoqda. Bu ham xotin-qizlar manfaatlarini taʼminlash yoʻlida qoʻyilgan muhim qadam. Chunki oilalarda nogironlar yoki katta yoshdagi insonlarga asosan ayollar qaraydi. Munis oʻzbek ayollari yaqinlariga boʻlgan mehri tufayli koʻp hollarda shaxsiy manfaat va intilishlaridan voz kechadi. Onalik, kezi kelganda kelinlik vazifasini bajarib, umrini nogiron farzandi yoki oiladagi keksalarni parvarishlash bilan oʻtkazgan opa-singillarimiz kam emas. Qonunga kiritilayotgan ushbu oʻzgartish esa ularning oʻzlari keksayganda pensiya olishlari, demakki, qilgan mehnatlaridan oz boʻlsa-da, moddiy manfaat koʻrishlariga yoʻl ochadi.

Qonun bilan kiritilayotgan yana bir muhim normada endilikda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi toʻlovlari marhumning qaramogʻidagi farzandlariga, ular 18 yoshgacha, agar umumiy oʻrta taʼlim muassasasi, akademik litsey va oliy taʼlim muassasasida oʻqiyotgan boʻlsa, 23 yoshga toʻlgunga qadar toʻlanishi nazarda tutilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi qaramogʻidagi shaxslarga ular 16 yoshga toʻlgunga qadar, oʻquvchi boʻlsa, 18 yoshga toʻlgunga qadar toʻlanadi. Vaholanki, bola 18 yoshga toʻlganda koʻpincha oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kiradi. Tabiiyki, u oʻqish bilan band boʻlgan davrda taʼminotsiz qolib ketishi mumkin emas.

MDH mamlakatlarining deyarli barchasida boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi 18 yoshgacha, oʻqisa, 23 yoshgacha toʻlanadi. Endi bu amaliyot yurtimizda ham joriy etilmoqda. Bu esa qanchadan-qancha yoshlarga hayotda munosib oʻrnini topish imkonini beradi.

Pensiya taʼminoti tizimi har bir zamonaviy davlat aholisi ijtimoiy himoyasining muhim qismi, jamiyat rivojining bazaviy va eng zarur kafolatlaridan biridir. Uni isloh qilish va rivojlantirish uzluksiz va tinimsiz jarayon. Chunki bu tizimni doimiy takomillashtirish nafaqat inson huquqlarini taʼminlash, balki, avvalo, iqtisodiy oʻsish va aholi turmush darajasini oshirishning muhim omili hisoblanadi. Shu bois, ushbu qonunning qabul qilinishi davlatimizning ijtimoiy barqarorligi va iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlash yoʻlida qoʻyilgan muhim qadam boʻldi.

Malika QODIRXONOVA,

Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik qoʻmitasi raisi