Qarorga koʻra, 2026-yil 1-apreldan:
- pilla yetishtiruvchilarga (ipak qurti boquvchi va kasanachilarga) “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida pillachilik klasteri haqiqatda pilla uchun toʻlab bergan mablagʻlarning 35 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi;
- Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi (Oʻrmon agentligi) balansidagi yer maydonlarida tashkil etiladigan tutzorlarda pilla kooperativi tuzish maqsadlari uchun ushbu kooperativ aʼzosi hisoblanadigan kambagʻal oilalarga (1 ta oilaning 1 nafar aʼzosiga faqat 1-marta) 4 mln soʻmdan subsidiya ajratiladi;
- ipak qurtini parvarishlashda zarur boʻladigan asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish uchun kasanachilarga 3-yil muddatga BHMning 50 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi;
- urugʻchilik korxonalariga ipak qurti urugʻlarini tayyorlash faoliyatiga jalb etiladigan har bir mavsumiy ishchi oylik ish haqining 50 foizi, biroq mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 2 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilib beriladi.
Pillachilik klasterlariga soliq imtiyozlari beriladi
Qarorga koʻra, 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar:
- pillachilik klasterlarining pilla yetishtirish va saqlash uchun foydalaniladigan bino va inshootlari mol-mulk soligʻi hamda ular egallagan yer uchastkalari yer soligʻidan ozod qilinadi;
- ipakchilik faoliyatidan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining kamida 70 foizini tashkil etgan ipakchilik korxonalariga foyda soligʻi 2 foiz miqdorida belgilanadi;
ipak mato va ipakdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni joriy qilgan korxonalar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz stavkada belgilanadi.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar ipak qurti urugʻlarini tayyorlash va qurtxonalarda pilla yetishtirish boʻyicha mavsumiy ishlarga jalb qilingan aholining mazkur faoliyatdan olgan daromadi daromad va ijtimoiy soliqlarning soliqqa solish obyekti sifatida hisoblanmaydi.
Ipakchilik sohasida ozuqa bazasi mustahkamlanadi
Qarorga koʻra, tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish xarajatlari uchun yangidan tashkil etilgan tutzorlarning har bir gektariga Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan 8 mln soʻmgacha subsidiya taqdim etiladi.
Maydoni 2 va undan ziyod gektardagi tutzorlarga vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻilash va ishga tushirish, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasi va suv inshootlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarning 100 foiziga, biroq 150 mln soʻmdan oshmaydigan miqdorda subsidiya taqdim etiladi.
Mavjud tutzorlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman hokimliklari tomonidan olib qoʻyish hamda ular joylashgan yer uchastkalarining yer fondi toifasini oʻzgartirish qatʼiy taqiqlanadi.
2026-yil 1-sentabrga qadar “pillachilik.uz” elektron platformasi (Platforma) ishga tushiriladi. Bunda:
- mavjud tutzorlar yer maydonlari, pilla yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar roʻyxati, maqsadli koʻrsatkichlar va tuzilgan shartnomalar, ipak qurti urugʻining tarqatilishi hamda pilla hosilini qabul qilish jarayonlari Platformada aks ettirib boriladi;
- Platforma doirasida pilla yetishtirish agrotexnikasi qoidalari toʻgʻrisida oʻquv qoʻllanmalar va mediakontentlarni oʻz ichiga olgan mobil ilova ishlab chiqiladi.