Joriy yilning 12-mart kuni yurtimizda sog‘lom turmush tarzini yana-da keng targ‘ib etish maqsadida sportchilar uchun muhim xalqaro reyting ochkolari taqdim etadigan V xalqaro Toshkent marafoni hamda mamlakatimizning 14 ta hududida bir vaqtda "Yangi Nafas" ommaviy yugurish musobaqalari o‘tkaziladi.

 “O‘zbekneftgaz” AJ anjumanlar zalida Toshkent marafoni va  "Yangi Nafas" ommaviy yugurish musobaqasiga bag‘ishlangan matbuot anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tashkilotchilarning aytishicha, V xalqaro Toshkent marafonida ishtirokchilar 42 km,  21 km, 10 km  va 3 km masofada o‘z kuchlarini sinab ko‘rishlari mumkin.

"World Athletics" musobaqalar taqvimiga kiritilgan  Toshkent marafoni va WA qatʼiy reglamentiga muvofiq holda o‘tkaziladi. Marafonning yugurish trassasi AIMS Xalqaro marafonlar va yugurishlar assotsiatsiyasi tomonidan sertifikatlangan.

 "International Tashkent Marathon"  mintaqamizdagi eng yirik xalqaro sport musobaqalaridan biri bo‘lib, professional sportchilarga 2024-yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga litsenziyalarni qo‘lga kiritish imkoniyatini beradi. Bugungi kunda 22 ta xorijiy davlatdan professional va havaskorlar sportchilar ushbu marafonda ishtirok etish uchun ariza topshirgan.

Matbuot anjumanida davomida, shuningdek, mamlakatimizning 14 ta shahrida bir vaqtda o‘tkaziladigan "Yangi Nafas" ommaviy yugurish musobaqasi tavsilotlari ochiqlandi.

Maʼlum qilinishicha, ommaviy yugurish  musobaqalari Andijon, Namangan, Farg‘ona, Chirchiq, Navoiy, Guliston, Jizzax, Samarqand, Termiz, Urganch, Nukus, Toshkent, Qorovulbozor va G‘uzorning markaziy ko‘chalari bo‘ylab 3 km masofaga bo‘lib o‘tadi. Bugungi kunda ushbu ommaviy yugurish musobaqasida ishtirok etish uchun 75 mingdan ortiq arizalar qabul qilingan.  "Yangi Nafas" ommaviy yugurish musobaqalarida mamlakatimizning 25 mingdan ortiq talabalar ishtirok etishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, V xalqaro Toshkent marafoni arafasida 11-mart kuni “Paxtakor” stadionida "Kids Run" bolalar ommaviy yugurish va skandinavcha yurish musobaqalari o‘tkaziladi. 

Ushbu loyihadan maqsad  bolalar o‘rtasida yugurish sport turi ommaviyligini oshirish va faol turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.