Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar — taraqqiyotning yangi bosqichi

    Prezidentimiz raisligida joriy yilning 10-sentyabr kuni axborot texnologiyalari sohasida salohiyatli kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlar bilan tizimli ishlash masalalari muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida kelajakda Prezident maktablarini respublikamizdagi barcha umumta'lim maktablari uchun lokomotivga aylantirish hamda Agentlik pedagog-kadrlarining malakasini oshirib borish bo'yicha amalga oshiriladigan ishlar belgilab berilgandi.

    Prezidentimiz raisligida joriy yilning 10-sentyabr kuni axborot texnologiyalari sohasida salohiyatli kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlar bilan tizimli ishlash masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezident va ijod maktablari hamda ixtisoslashgan maktablarda taʼlim-tarbiya sifatini oshirish masalalari ham muhokama qilingandi. Jumladan, kelajakda Prezident maktablarini respublikamizdagi barcha umumtaʼlim maktablari uchun lokomotivga aylantirish hamda Agentlik pedagog-kadrlarining malakasini oshirib borish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar belgilangan.

    Shunga koʻra, ayni paytda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan bir qancha loyihalar ishlab chiqilib amaliyotga tatbiq etilmoqda.

    Maktab maslahatchisi kim?

    Prezident maktabi oʻquvchilarida hayotiy koʻnikmalarni rivojlantirish, oʻz qiziqish va iqtidoriga mos kasbni tanlashda yoʻnalish berish maqsadida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Agentlik tomonidan “Maktab maslahatchisi” — “School Counselor” dasturi va uni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilib, 2021-2022-oʻquv yilidan Prezident maktablarida joriy qilinmoqda. Mazkur dasturdan koʻzda tutilgan maqsad taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha individual maslahatlar berish, dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli oliy oʻquv yurtlari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirish, oliy oʻquv yurtlariga hujjat topshirish va roʻyxatdan oʻtish boʻyicha kerakli tavsiyalarni berish, ehtiyoj yuqori boʻlgan kasblar bilan tanishtirish va ularga yoʻnaltirishdan iborat.

    Shuningdek, dasturda maktab maslahatchilari ishini toʻgʻri tashkil qilishlari uchun ularga bosqichma-bosqich yoʻriqnoma koʻrsatilgan. Yoʻriqnomada 14-18 yoshli oʻquvchilarga oʻqishga qabul qilinishida zaruriy hujjatlarini (reference letter, application, essay) tayyorlash, belgilangan muddatlar, shuningdek, Top — 300 talikka kiruvchi universitetlar toʻgʻrisida maʼlumot berish, toʻliq grantlarni qoʻlga kiritish yuzasidan amaliy mashgʻulotlarni olib borish boʻyicha koʻrsatmalar berilgan.

    Maktab maslahatchisining vazifalari

    Sohada muvaffaqiyatga erishgan kasb egalari bilan mahorat darslari, uchrashuvlar tashkil etish, taʼlim isteʼmolchilari qiziqish bildirgan sohalari boʻyicha amaliy ekskursiya va tanishuvlar amalga oshirish, maktab psixologi bilan hamkorlikda oʻquvchilar yoshi, psixofiziologik xususiyati, qobiliyati va iqtidoriga koʻra hayotda oʻz yoʻnalishini toʻgʻri tanlay olishiga koʻmaklashish, Prezident maktabi oʻquvchilarida milliy va anʼanaviy qadriyatlarga boʻlgan hurmat, iftixorni rivojlantirish maqsadida maktabda IT, kichik tadqiqotchilik, milliy hunarmandchilik kabi yoʻnalishlar boʻyicha toʻgaraklar tashkil qilish va ularni samarali amalga oshirishdan iborat.

    Mazkur dastur muvaffaqiyatli oʻtgach, ijobiy tajriba xalq taʼlimi tizimidagi maktablarga translyatsiya qilinishi koʻzda tutilgan.

    Malaka oshirishning zamonaviy usuli

    Shuningdek, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda faoliyat yuritayotgan yuqori malakali rahbar va pedagog kadrlarning malaka oshirish jarayonlarini monitoring qilib borish, ularning kasbiy rivojlanish natijalari va oʻzlashtirgan oʻquv dasturlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uzluksiz kiritib borilishini taʼminlovchi maxsus elektron platforma ishlab chiqildi.

    Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tomonidan Agentlik tizimidagi rahbar va pedagog xodimlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda xalqaro darajadagi malaka oshirish kurslarini (Cambridge Assessment PDQ va boshqa), bilim va koʻnikmani baholovchi imtihonlarni (TKT, APTIS for teachers va boshqa) tashkil etish va sertifikat berish amaliyotini joriy etishga katta ahamiyat qaratiladi. Agentlik tizimidagi pedagoglarni kasbiy sertifikatlash, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini baholash va sertifikatlash tizimi (International Advanced Level va boshqa) joriy qilinadi. Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtkazish hamda milliy sertifikatlash tizimini ishlab chiqish va joriy etish, oʻquvchilarining taʼlimdagi yutuqlarini taʼlim dasturlariga asoslangan holda baholashni ilmiy-metodik jihatdan taʼminlash, takomillashtirib borish koʻzda tutilmoqda.

    Taʼlim sifatini baholash hamda ilmiy asoslangan xulosa va takliflar Prezident taʼlim muassasalari agentligi, Xalq taʼlimi vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlarga taqdim etib boriladi. Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarga iqtidorli oʻquvchilarni qabul qilish jarayoni muvofiqlashtiriladi hamda test sinovlarini amalga oshirish, taʼlim dasturlari, oʻquv-metodik adabiyotlarni ishlab chiqish va takomillashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda oʻquv-metodik adabiyotlarni nashrga tayyorlash va chop etishga eʼtibor qaratiladi. Taʼlim va ilmiy-tadqiqot sohalariga doir innovatsion gʻoyalar va loyihalarni amalga oshirish, ilmiy faoliyat, pedagogik mahorat va baholash sohasida xalqaro aloqalarni oʻrnatish, hamkorlikdagi loyihalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish ishlari olib boriladi.

    Amaldagi mavjud malaka oshirish markaz va institutlarida rahbar va pedagog xodimlar uchun fanlar va yoʻnalishlar kesimida oʻzgarmas, bir qolipga solingan rejalar asosida malaka oshirish kurslari tashkil etilib kelingan boʻlsa, ayni paytda taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, innovatsion gʻoyalarni rahbar va pedagog kadrlar tomonidan erkin amalga oshirish imkoniyatini yaratish, ularning amaliyotdagi ehtiyojlarini aniqlash va shundan kelib chiqib takomillashtirilgan rejalar asosida onlayn, oflayn hamda gibrid shakldagi kasbiy rivojlanish tizimini va oʻquv kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.

    Amaldagi tizimda rahbar va pedagog xodimlar amaliyotdan uzoqlashgan holda malaka oshirgan va tasdiqlangan reja asosida oʻqitilib kelingan. Mahorat markazi tomonidan trening oʻtkaziladigan maktablarga borib taʼlim sifati, u yerdagi oʻquv jarayonlariga taʼsir koʻrsatuvchi omillar oʻrganiladi va modul tizimi shaklida oʻquv kurslari rejalashtiriladi. Oʻquv kurslari maktablarning oʻzida trener oʻqituvchilar tomonidan tashkil etilib fan, yoʻnalishlarga ajratilmasdan, maktabdagi jami pedagog xodimlarni jalb etgan holda oʻtkaziladi. Kurslarning asosiy maqsadi maktab jamoasi oʻrtasida sogʻlom muhitni shakllantirish, oʻzaro tajriba almashish, oʻqitish metodikasini rivojlantirish, jamoaning bir maqsad sari oʻqitilishi taʼminlanadi. Xalqaro tajribadan kelib chiqib pedagog xodimlarni fanlarga ajratib oʻqitish maqsadga muvofiq emas. Negaki ularga fan oʻrgatilmaydi, aksincha oʻqitish va baholash metodikasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Anʼanaviy shaklda malaka oshirish kurslarini tugatgan pedagog xodimlarning keyingi faoliyati hamda kurslarning samarasi oʻrganilmaydi, Shu sababli pedagoglarning oʻquv kurslari davomida olgan bilim-koʻnikmalarini amaliyotda qoʻllay olishi monitoring qilib boriladi.

    Bu orqali har bitta oʻqituvchining hamda maktabning portfoliosi shakllantiriladi va doimiy ravishda taʼlim sifati taʼminlanadi.

    Elchilar bilan uchrashuvlar

    Videoselektorda Tashqi ishlar vazirligi xorijdan oʻquv dasturlari, adabiyotlar va jihozlar, malakali pedagoglar va moliyaviy grantlar jalb qilishga koʻmaklashishi va shuningdek, xorijiy maktablar bilan oʻqituvchi va oʻquvchilarni almashish dasturlari amalga oshirish ham belgilangan boʻlib, bu borada ham bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

    Eng avvalo xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi elchilari uchun Toshkent shahridagi Prezident maktabiga ekskursiya tashkil etildi.

    Mazkur tanishtiruv uchrashuvida Germaniya, Hindiston, Shveysariya, Turkiya, Latviya, Italiya, Koreya davlatlari elchilari hamda KOICA, Unicef va UNESCO tashkiloti vakillari ishtirok etib, maktab faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

    Shuningdek, oʻquv dasturlari, adabiyotlar va jihozlar, malakali pedagoglar va moliyaviy grantlarni jalb qilish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan muhokama olib borildi.

    Yaqinda esa Oʻzbekistonning xorijdagi elchilari Prezident taʼlim muassasalari agentligi faoliyati bilan tanishish maqsadida tashrif buyurishdi.
    Ochiq muloqot shaklida oʻtgan uchrashuvda xorijiy hamkorlarni oʻquv jarayonini yanada takomillashtirish, yangi taʼlim texnologiyalarini joriy etish borasidagi ishlarga jalb qilish boʻyicha yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

    Hilola UMAROVA,

    Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori