Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tasdiqladi

    Saylov 11 Iyul 2023 1599

    Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 87,05 foiz ovozi bilan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti lavozimiga saylangani to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

    Markaziy saylov komissiyasida 2023-yil 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

    Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 15,6 milliondan ziyodi yoki 79,88 foizi o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi.

    Majlisda 2023-yil 9-iyul kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzildi hamda saylov natijalarini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

    Jumladan, saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 87,05 foiz ovozi bilan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanganligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

    Shuningdek, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Robaxon Anvarovna Mahmudovaga saylovchilarning 4,43 foizi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatovga 4,02 foizi va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayevga 3,74 foizi yoqlab ovoz berilganligi bayonnomada aks ettirildi.

    Bundan tashqari, majlisda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.