Prezident migratsiya tizimiga oid muhim qarorni imzoladi

    Voqea-hodisalar 14 Sentabr 2020 4624

    Prezident Shavkat Mirziyoyev “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

    Qarorda quyidagilar nazarda tutilgan:

    ✔️ Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi joriy qilinmoqda hamda uning 6 ta asosiy yoʻnalishi belgilanmoqda, jumladan:
    ➖ tashqi mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlik rivojlantiriladi, xorijdagi vatandoshlar tashkilotlari va oʻzbek diasporalari bilan aloqalarni mustahkamlanadi;
    ➖ xorijga ishlashga ketishdan oldin fuqarolarni kasb-hunarga
    va xorijiy tillarga oʻqitiladi, ularga kasbiy malakani tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlar beriladi;
    ➖ mehnat migrantlarin moliyaviy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanadi, ularning hayoti va sogʻligʻini sugʻurtalash amaliyoti kengaytiriladi, ular uchun madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etiladi;
    ➖ mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilinadi, shu jumladan ularning bandligi taʼminlanadi, kasbiy malakasi oshiriladi va tadbirkorlik tashabbuslari ragʻbatlantiriladi.

    ✔️Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hududiy filiallarining ishi quyidagi tartibda tashkil etiladi:

    ➖ hokimlar hududiy filiallarga umumiy rahbarlik qiladi hamda ularga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlaydi;
    ➖ hududiy filial rahbarlari bir vaqtning oʻzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining yordamchilari hisoblanadigan boʻldi;
    ➖ hokimliklar mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan hududiy filiallarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda faoliyatiga malakali mutaxassislarni jalb qilish choralarini koʻradi;

    ✔️ Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining hududiy filiallariga quyidagi huquqlar berilmoqda:

    ➖ xorijiy ish beruvchilar va ularning vakillari bilan bevosita kelishuvlar tuzish hamda tuzilgan kelishuvlarga asosan fuqarolarni ishga yuborish;
    ➖ xorijiy mamlakatlarning hududiy migratsiya va boshqa davlat organlari bilan aloqalar oʻrnatish va muzokaralar oʻtkazish, xorijdagi vatandoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;
    ➖ xorijiy (xalqaro) moliya institutlari migratsiya sohasini rivojlantirishga ajratiladigan grantlarini jalb qilish.

    ✔️ 2021-yil 1-yanvardan boshlab tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yoʻli bilan xorijga chiqib ketayotgan shaxslarni, ishga yuborishdan oldin majburiy tartibda kasb-hunarga oʻqitish tizimi joriy qilinmoqda.

    Buni amalga oshirish uchun 13 ta “Ishga marhamat” monomarkazlari, 30 ta kasb-hunarga oʻqitish markazlari, 11 ta Toshkent shahri tumanlaridagi qisqa muddatli kasb-hunarga oʻqitish kurslari hamda 136 ta mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlariga qoʻshimcha ravishda quyidagilar:

    ➖ 13 ta kollej va 13 ta texnikumda (jami yillik quvvati 20,2 ming oʻquvchi) mehnat migrantlari uchun qisqa muddatli (3 oygacha) kasb-hunar
    va chet tillariga oʻqitish kurslari tashkil etiladi;
    ➖ qisqa muddatli kurslarning oʻquv dasturlari xorijiy yirik
    ish beruvchilarning (Rossiyaning “NIPIGAZ” AJ, “Renaissance Heavy Industries”, B.T.K GRUP, Turkiyaning “ANT YAPI”, “Tayga Grupp”, BAAning “Tadbeer” tashkilotlari) talablariga moslashtiriladi;
    ➖ xorijiy yirik ish beruvchilar va xususiy bandlik agentliklari bilan aloqalar oʻrnatiladi hamda qisqa muddatli kurslarda ular uchun zarur boʻlgan kasblar boʻyicha malakali mutaxassislar tayyorlanadi;
    ➖ Mehnat vazirligi huzuridagi jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qisqa muddatli kurslarga xorijdagi yirik korxonalarning malakali mutaxassislari va yetakchi taʼlim muassasalarining pedagog kadrlari jalb qilinadi;

    ✔️ 2021-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar tashkil etiladi:

    ➖ Yaponiya ish beruvchilari bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Yapon tili va kasbiy malaka” test markazi;
    ➖ Rossiya Federatsiyasining Payvandchilik nazorati milliy agentligi bilan hamkorlikda Fargʻona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida payvandchilar maktabi;
    ➖ Birlashgan Arab Amirliklarining rekruting “Tadbeer” markazlari bilan hamkorlikda Guliston shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida xizmat sohasida faoliyat koʻrsatadigan ishchilarni tayyorlash oʻquv markazi;
    ➖ Yaponiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda chet tillariga oʻqitish va xizmat sohasi boʻyicha kasbga tayyorlash oʻquv markazlari;

    2021-yil 1-yanvardan boshlab:

    ➖ “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida kam taʼminlangan sifatida roʻyxatga olingan oila aʼzolariga, ular mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotganda mikroqarzlar beriladi;
    ➖ mikroqarzlar xorijda ishga joylashish (shu jumladan, yoʻl haqini toʻlash va mehnat faoliyatiga ruxsat olish) bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun 10 mln soʻmgacha miqdorda bir yil muddatga beriladi;
    ➖ mikroqarz foiz stavkasining 14 foizli punktidan yuqori boʻlgan qismi, lekin 21 foizdan oshmagan miqdori Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilinadi;

    2021-yil 1-yanvardan boshlab tashkillashtirilgan holda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish – oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlariga tenglashtiriladi hamda ushbu shaxslarga oʻzini oʻzi band qilganlar uchun belgilangan soliqlarni toʻlash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi qoʻllaniladi;

    tashqi mehnat migratsiyasi sohasini yana-da rivojlantirish maqsadida:

    ➖ 2021-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekistonda Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining pasport-viza xizmati vakolatxonasi ochiladi hamda ushbu vakolatxonada patentni tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlari koʻrsatiladi;
    ➖ 2021-yil 1-yanvarga qadar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yekaterinburg (90 mingga yaqin mehnat migrantlari ishlamoqda), Novosibirsk (200 ming nafar), Samara (100 ming nafar), Ufa (70 ming nafar), Chimkent (100 ming nafar) va Istanbul (300 ming nafar) shaharlaridagi vakolatxonalari ochiladi;
    ➖ chet davlatlarda murakkab moliyaviy ahvolga tushgan
    va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, mablagʻlarsiz qolgan 10 mingga yaqin fuqarolarga 446 ming soʻm (40 doll) bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi hamda ushbu maqsadlarga 4,1 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi;
    ➖ Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston va Turkiya Respublikalarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatish maqsadida advokatlik firmalari jalb qilinadi, onlayn platforma yaratiladi va Rossiya Federatsiyasi hududini doimiy xizmat bilan qamrab oladigan “Call-markaz” tashkil qilinadi;
    ➖ xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga muntazam yordam koʻrsatib kelayotgan shaxslarni “faxriy konsul” hamda “jamoat maslahatchisi” etib tayinlash hamda ularni davlat mukofotlari bilan taqdirlash amaliyoti joriy qilinadi;
    ➖ diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari huzurida xorijdagi vatandoshlar, yirik ish beruvchilar hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga muntazam ravishda yordam koʻrsatib kelayotgan boshqa shaxslar ishtirokidagi Maslahat kengashlari tashkil etiladi.