Havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, choʻllanish, qazilma yoqilgʻilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning koʻpayishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sogʻligʻiga zarar yetkazmoqda.
Bunga javoban mamlakatimizda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlandi. Qoʻshni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Poytaxtimizda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish universiteti tashkil etildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori boʻldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylanmoqda.
El-yurtimizning fikr-mulohazalari, xohish-istaklarini atroflicha oʻrganib, bildirilgan tavsiyalardan kelib chiqqan holda, bu boradagi ishlarni yangi, yanada yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida Prezidentimiz 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilishni taklif qildi.
Yigʻilganlar ushbu tashabbusni toʻliq qoʻllab-quvvatladilar.