Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov: “Tabiiy resurslardan oqilona foydalanib, aholi uchun qulay yashash sharoitlari yaratiladi”

    Saylov 11 Oktabr 2021 1625

    Qoraqalpogʻistonlik saylovchilar bilan uchrashuvda taʼkidlanganidek, “Ona tabiatni asrab-avaylash - muqaddas burchimizdir!” shiori ostida aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish maqsadida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning barcha choralari koʻriladi.

    Inson salomatligi va xavfsizligi uchun muhim boʻlgan markazlashgan ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash boʻyicha dasturiy vazifalarni amalga oshirishda mamlakatning barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etish orqali aholining ichimlik suv taʼminoti 90 foizga yetkaziladi.

    Suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilarining suvdan foydalanish madaniyatini oshirish va yosh avlodni suvga nisbatan tejamkorona munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratiladi.

    Mavjud suv obyektlarini muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv havzalari muhofaza zonalarini tartibga keltirishga, shuningdek, toshqin va sel hodisalarida favqulodda holatlarning oldini olishga eʼtibor kuchaytiriladi.

    Insoniyat uchun eng zarur boʻlgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat koʻrsatkichlarini ekologik normativlarga muvofiqligini taʼminlash strategik maqsad boʻlib qoladi. Shuningdek, yer resurslari mamlakatimiz aholisining turmush farovonligi, respublikaning iqtisodiy salohiyati uchun moddiy neʼmat boʻlib, undan har qanday sharoitda oqilona, unumli foydalanishni tashkil etish mamlakat buguni va kelajagi uchun muhim omil hisoblanadi.

    Har yili millionlab tonna chiqindi yer usti va yer osti suvlarini, havoni va tuproqni ifloslantiradi. Bu esa saraton kasalliklari sonini koʻpayishiga, ichimlik suvi sifatining yomonlanishiga, yuzlab gektar ekin maydonlarini foydalanishdan chiqarilishiga olib keladi. Sanoat korxonalari chiqindilari va qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash orqali atrof-muhit musaffoligini taʼminlash dolzarb vazifalardan ekani qayd etildi. Global rivojlanish sharoitida vujudga kelgan chiqindi muammolarini samarali hal etish maqsadida maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini 40 foizga, hosil boʻlayotgan sanoat chiqindilarini qayta ishlash miqdori esa 20 foizga yetkaziladi.