Qabul jarayonlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

    Jizzax davlat pedagogika universitetida “Qabul jarayonlari: Oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayonlari va kirish imtihonlaridagi yangiliklar: Ochiqlik, shaffoflik” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Anjumanda, Oʻzbekiston prezidentining 2024-yil 24-maydagi farmoni bilan, OTMlarga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimida qator oʻzgarishlar, xususan, qabuldagi “avval test, soʻng tanlov” tamoyili, davlat buyurtmasi parametrlarini davlat OTMlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinishi, shuningdek, taʼlim granti asosida oʻqigan talabalar uchun oʻqishni tugatgandan keyin kamida 3-yil ishlash majburiyati bekor boʻlayotgani abituriyentlarni adolatli saralash taʼminlanishi, bir soʻz bilan aytganda eng iqtidorli va bilimli talabalar qabuli amalga oshirilishi taʼkidlandi.

    Farmonga koʻra 2024/2025 oʻquv yili uchun bakalavriatga qabul boʻyicha roʻyxatdan oʻtishning birinchi bosqichi 2024-yil 5-iyun kunidan boshlandi va 25-iyungacha davom etadi. Bunda abituriyentlarga: faqat test sinovlari oʻtkaziladigan yoʻnalishlar uchun test topshiradigan fanlar, taʼlim tili, test topshirish hududini tanlash; ijodiy imtihon oʻtkaziladigan yoʻnalishlar uchun yuqoridagilarga qoʻshimcha ravishda, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va ijodiy imtihon topshiriladigan oliygohni tanlash imkoniyati yaratildi. Roʻyxatdan oʻtishning birinchi bosqichi yakunlangandan soʻng ijodiy imtihonlar, test sinovlari oʻtkaziladi.

    Test sinovlari toʻliq, yaʼni barcha hududlarda yakunlangandan soʻng, 15 kun davomida roʻyxatdan oʻtishning ikkinchi bosqichida abituriyentlar test ballaridan kelib chiqib: 5 tagacha oliygoh (yoʻnalish), taʼlim shaklini, tanlov ustuvorligini, ijodiy imtihon oʻtkazilgan yoʻnalishlar uchun qoʻshimcha ravishda tanlangan yoʻnalish boʻyicha 5 tagacha oliygohni tanlashi mumkin. Oʻtkazilgan matbuot anjumanida shuningdek yangi ochilishi koʻzda tutilgan yoʻnalishlar, abituriyentlar va ularning ota – onalari uchun yaratilayotgan sharoitlar, imtiyozlar va ulardan kimlar foydalana olishi haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

    Anjuman ishtirokchilari asosan magistratura va doktoranturaga ayrim yoʻnalishlarda xorijiy til bilish sertifikati B1 darajaga pasaytirilishi Taʼlim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar uchun sertifikat talabi bekor qilinishi haqidagi hamda 3-yil ishlash majburiyati bekor boʻlishi bilan bogʻliq savollarni berishdi. Shuningdek, universitet bilan hamkorlikni kuchaytirish, dolzarb mavzularda matbuot anjumanlarini tez-tez tashkil etish yuzasidan oʻz fikr mulohazalarini bildirishdi.

    Anjuman davomida JDPU rektori Sh.Sharipov, Qabul komissiyasi masʼul kotib S. Nazarqosimov hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi Jizzax viloyati boʻlimi boshligʻi I.Xatamov tomonidan qabul jarayoni hamda Oʻzbekiston prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni boʻyicha axborotlarni taqdim qilish barobarida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar ham qaytarildi.