Qahramonlari qadrdonlari edi

    Fikr 27 Avgust 2023 4467

    Odamzod yoshi oʻtgan sari xotiralar ummoniga gʻarq boʻlib, oʻtgan quvonchli va qaygʻuli kunlarini eslab qolarkan. Keyingi yillarda men ham shunday holatni boshimdan kechiryapman.

    Fargʻonada muqim yashasam-da, 80 yillik umrimning toʻrtdan uch qismini atoqli yozuvchi va shoirlar Said Ahmad, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Oʻtkir Hoshimov, Omon Muxtor, taniqli adabiyotshunos olimlar Izzat Sulton, Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov, Salohiddin Mamajonov, Umarali Normatov bilan uchrashib, suhbatlashib, mazmunli oʻtkazish baxtiga erishdim. Bu xotiralar menga cheksiz zavq-shavq beradi. Bunday uchrashuvlar, zavqli onlar haqida oʻylaganimda, koʻz oʻngimda Said Ahmad aka koʻproq gavdalanadi. U kishi Oʻzbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi, davlat mukofoti laureati boʻlsa-da, tabiatan xokisor, hazilkash odam edi. Koʻngliga maʼqul tushgan odamni oʻziga yaqin olardi. Men shunday ajoyib inson bilan koʻp marta uchrashganim, suhbatlashganim, nazariga tushganim, asarlari haqida baholi qudrat fikr bildirganim bilan faxrlanaman. Ana shu faxrim, gʻururim, zavqli onlarim haqida gazetxonlarga soʻzlab berishni istadim.

    * * *

    Bu ajoyib inson bilan ilk bor talabalik paytim – oʻtgan asrning 60-yillarida uchrashganman. Oʻshanda shoir Sayyor Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi masʼul kotibi edi. U havaskor ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash, elga tanitish borasida koʻp xayrli ishlar qildi. Sayyor aka Toshkentdan ijodkorlar taklif qilar, havaskorlarni toʻplab, ular bilan mahorat darslari tashkil etar, ajoyib suhbatlar qurish imkonini yaratib berardi. Viloyatga oʻz ishi yoki biror topshiriq boʻyicha kelgan atoqli adiblar bilan ham viloyat gazetasi tahririyati binosida uchrashuvlar oʻtkazardi.

    Bir gal Said Ahmad keldi. Oʻsha paytda shoir boʻlish orzusida yurgan havaskorlar – Topil Jalolov, Ergashali Ortiqov, Hotam Qoʻshoqov, Malika Mirzayeva, Farida Qoʻshoqova, Abdurahmon Joʻrayev, Ahmadjon Ibrohimov, Nasriddin Oxunjonov va men toʻgaragimiz rahbari Mahmudjon Abdullayev boshchiligida tahririyat binosiga uchib bordik. Bir payt xonaga jingalak sochlari patila-patila, qirra burunli odam kirib keldi. Bir yonida Sayyor aka, bir yonida Yoʻldosh aka. Ularning yuzi-koʻzida tabassum, lekin oʻrtadagi odam jiddiy. Tanishtirganda bildikki, u Said Ahmad ekan!

    Davra qurdik. Said Ahmad oʻrtada, ikki yoniga qizlar oʻtirdi. Koʻpchilik sheʼr, kimdir kichik hikoyasini oʻqidi. Said Ahmad aka har birimizga tegishli maslahatlar berdi. Bir payt gazeta suratkashi Mamajon aka kirib keldi-da, esdalik uchun suratga olmoqchi boʻldi. Apparatini sozlab, Said Ahmad akaning yonidagi qizlarga yaqinroq oʻtirishni soʻrab, qoʻli bilan ishora qildi. Yozuvchi darhol chap tomonidagi Faridaxonga qarab, “menga suykalibroq oʻtirar ekansiz!” dedi. Boʻldi kulgi, boʻldi kulgi! Ikkinchi kadrga olishida endi Malikaxonga “Menga ishqalibroq oʻtiring!” deb hammani kuldirdi.

    Katta yozuvchining qizlarga nisbatan bu qiligʻi menga negadir maʼqul boʻlmadi. “Shunday katta yozuvchi qizlarga shilqimlik qilib tursa-ya”, deb ajablandim. Keyin Said Ahmad akani yaxshi bilganim sari fikrim oʻzgarib bordi. Bu ustoz yozuvchining odatdagi hazili, begʻubor “shoʻxligi” ekan.

    Said Ahmad bilan bizni rostmana yaqinlashtirgan ikkinchi uchrashuv institutda ishlab yurgan yillarimda roʻy berdi. Yozuvchi 50 yoshga kirgan yili tengdosh doʻsti Mirmuhsin bilan Fargʻonaga keldi. Institutda uchrashuv tashkil qildik. Tadbirda yozuvchi ijodi haqida maʼruza qilish uchun menga soʻz berildi. Minbarga yaqinlashayotganimdayoq Said Ahmad aka meni koʻrib, “Voh, buni qara-ya, butun Oʻzbekistonda bitta men goʻzalman deb yursam, senam borakansan-ku!” dedi. Zalda gur-r kulgu koʻtarildi. Ayniqsa, Said Ahmadning taʼbiri bilan aytganda, Fargʻonada turib qahqaha ursa, Toshkentni zirillatadigan kulgi chempioni Yoʻldosh Sulaymonning ovozi hammanikini bosib ketdi.

    Men ham boʻsh kelmay, “Ha, endi, sizdek dimogʻdor akamizning ortidan bizdek puchuq ukalaringiz ham chopib kelyapmiz. Fargʻonada Anvar Obidjon degan yana bitta ukangiz bor. Vaqti kelganda tanishtirib qoʻyaman”, dedim. Keyin aytganimdan ham ziyoda boʻldi. Anvarjon Toshkentga koʻchib borgandan soʻng Said Ahmad aka bilan mendan ham qadrdonroq boʻlib ketdi. Xullas, uchrashuv juda yuqori saviyada oʻtdi. Kuzatayotib, institutning bosh binosi oldida esdalik uchun suratga tushdik. Unda Said Ahmad ikkovimiz bir-birimizga qarab, kulishib turgan qiyofada tushibmiz. Uning yonida Mirmuhsin, chap tarafimda kafedramiz mudiri, ustozim Akramjon Ibrohimov, dotsent Xatibaxon Hakimova va atrofimizda oʻnlab talabalar.

    Oradan oʻn yil oʻtib, yozuvchimiz 60 yillik yubileyi munosabati bilan yana Fargʻonaga keldi. Dastlab Toshloq, Yozyovon, Markaziy Fargʻonaning yangi oʻzlashtirilayotgan yerlarida boʻlib, tanish-bilishlari, qadrdonlarini ziyorat qilib, muxlislari bilan uchrashdi. Ketishi oldidan yana institutda tadbir tashkil etdik. Odatdagidek rasmiy tabrik nutqlaridan keyin yana menga soʻz berildi.

    Said Ahmad aka bor joyda hazil-mutoyiba, kulgi, askiya boʻlmasligi mumkin emas. Shuni bilganim uchun avvaldan men ham “oʻqlanib” kelgandim. Oʻylaganimdek, chiqishim bilanoq akam “Oʻh-oʻ, bormisan, ukam? Mendanam chiroying ochilib ketibdi-ku!” dedi. Mashvarat kulgi bilan boshlangani uchun men ham oʻsha ruhda davom ettirdim va qoʻlimdagi suratimizni koʻrsatib, dedim: “Aka! Mana bu suratni eslaysizmi? Rosa oʻn yil oldin tushgandik. Buni koʻrib, bolalarim “Mana bu amaki kim? Sizga oʻxshar ekanlar. Qachon biznikiga keladilar?” deb soʻrashyapti. Men ularga “Bu amaking bizga beparvoroq, menga oʻxshagan ukalari, sen kabi jiyanlari serob”, dedim.

    Xullas, picha askiyalashgandan keyin yozuvchi ijodi haqida bilganlarimni gapirdim. Bu tadbir ham juda fayzli oʻtdi.

    Said Ahmad aka oʻz istak-xohishi bilan Fargʻonaga koʻp kelardi. Chunki umr yoʻldoshi Saida Zunnunova andijonlik edi. Bundan tashqari, bu yerda uning Fargʻona afandisi deb nom olgan qadrdon doʻsti Adham Hamdam, xushchaqchaq ukasi Yoʻldosh Sulaymon bor edi. Uchovlari bir boʻlsa, tamom, ichakuzdi latifayu askiya avjiga chiqardi.

    Koʻp kelishiga yana bir asosiy sabab, oʻsha paytda yozuvchi “Ufq” trilogiyasi ustida astoydil ishlayotgandi. Uchta romanda boʻlib oʻtgan voqealar va ularning asosiy ishtirokchilari Fargʻona va fargʻonaliklar –Toshloq, Yozyovon, Markaziy Fargʻona hududida yashaydigan odamlar. Yozuvchi oʻzining tirik qahramonlari bilan tez-tez uchrashib, hikoyalarini tinglar, xarakterini oʻrganardi. Shulardan biri Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Yozyovon choʻllarini oʻzlashtirib, yangi jamoa xoʻjaligi tashkil etgan va umrining oxirigacha raislik qilgan Xolmatjon aka Maroziqov edi.

    Ne baxtki, men ham bu odamni koʻrishib, suhbatlashganman. Biz, talabalar sentyabr oyining birinchi oʻn kunligidayoq paxta terimiga safarbar etilardik. Uch yil Xolmatjon Maroziqov rais boʻlgan jamoa xoʻjaligida yangi yil arafasigacha paxta terdik. Rais hasharchilardan tez-tez xabar olib turar, yaxshi sharoit yaratib berishga urinardi. Nima kerak boʻlsa, aytganimizdan ziyoda qilib berardi. Hatto oʻqituvchilarga xizmat qiladigan alohida oshpaz ajratib bergandi. Shu paytgacha domlalar talabalarning umumqozonidan tanovul qilardi. Oʻrta boʻyli, kitel va babaq choʻntakli shim, kirzavoy etik kiyib yurardi. Oʻziga ishongan, qatʼiyatli, odamshavanda inson edi. Bu xususiyatlari romanda aniq aks etgan.

    Ayni chogʻda yozuvchi “Qirq besh kun” romanidagi qochoq Tursunboy yashirinib yotgan toʻqayzorni, “Hijron kunlarida”gi qamishzorga oʻt yoqish voqealari tasvirlangan joylarni aynan Xolmatjon aka bilan birgalikda koʻrgan, kuzatgan. Shuning uchun ham bu lavhalar nihoyatda ishonarli va taʼsirchan chiqqan. Romanda bu kishi oʻz nomi bilan beriladi. Xolmatjon aka olamdan oʻtguncha Said Ahmad bilan bordi-keldi qilib turdi.

    U vafoti oldidan oʻgʻillari, jiyanlari va qarindosh-urugʻlariga yozuvchini har doim yoʻqlab turishni vasiyat qilgan ekan. Vasiyat bajarilishi shart boʻlgan amallardan. Shuning uchun Xolmatjon akaning bolalari, yaqinlari ulugʻ yozuvchidan mudom xabar olib turgan. Shulardan biri hamkasbim, Fargʻona davlat universiteti dotsenti Ismoiljon Hojialiyev boʻlib, menga yozuvchini yoʻqlab borganida roʻy bergan quyidagi voqeani aytib bergandi:

    “Bir gal borsam, qizi Nodira opa “Dadam betoblar, hech kimni qoʻymayapmiz”, deb roʻyxushlik bermadi. Men olib kelgan meva-chevalarni uzatib, “Toshloqdan kelishgan ekan dersiz”, deb noiloj qaytishga majbur boʻldim. Ozgina yurganimdan keyin opaning “Hoy, uka, toʻxtang!” degan ovozini eshitdim. U ortimdan yetib kelib, “Yuring, adam soʻrayapti”, deb yoʻldan qaytardi. Kirsam, chindan ham domla ancha mazasi yoʻq, yotgan ekan. Qaddini zoʻrgʻa koʻtarib, men bilan koʻrishdi. Yoniga oʻtirib, hol-ahvol soʻradim. Nodira opa choy olib keldi. Men piyolaga choy quyib, endi qaytarish uchun choynakning qopqogʻini ochmoqchi boʻluvdim, “Toʻxta-toʻxta! Piyoladagi choyni menga ber”, dedi domla. Hayron boʻlib uzatdim. “Ana endi oʻn marta boʻlsa ham qaytarib ichaver. Siz fargʻonaliklar choyni qaytarmay icholmaysizlar. Biz toshkentliklar esa qaytarmay ham ichaveramiz. Togʻang rahmatli ham shunaqa edi”, dedi. Ishonasizmi, meni koʻrib, togʻamni va boshqa tanishlarini eslab, birdan tetiklashib qolganday boʻldi. Ancha gaplashib oʻtirgach, men chiqib ketdim.”

    Shuningdek, Rayimberdi ota Toʻxtaboyev, ismi oʻzgartirib berilgan Ikromjon, Jannat xola, ularning arzanda oʻgʻli Tursunali, pahlavon yigit Azizxon, jismonan ojiz boʻlsa-da, or-nomusi kuchli boʻlgan Akbarali, tengsiz xasis Inoyat oqsoqol, uning qargʻishidan qoʻrqib, jinoyatchi sifatida jazolay olmay armonda qolgan militsioner... Bularning barchasi yozuvchining qadrdonlari edi. Shuning uchun ham ular asarda haqqoniy tasvirlangan.

    Men buni adibning “Qirq besh kun” romanini uydagilarga oʻqib berganimda yanada yaxshiroq bilib olganman. Ota-onam ham, amakilarim ham, boringki, qishlogʻimizning barcha aholisi kanal qurilishida faol ishtirok etishgan. Chunki kanal men tugʻilgan Buloqboshi qishlogʻining oʻrtasidan kesib oʻtgan. Ular romanda tasvirlangan voqealarni “Iya, buni qara-ya, xuddi shunisi bizda boʻlgan-da! Oʻsha Inoyat oqsoqolni biz ham koʻrganmiz. Ikki yoniga xurjun osilgan eshak minib kelardi”, deb oʻtirardi. Bu Said Ahmad uslubining xalqona ekanidan darak beradi.

    1996-yili Said Ahmadning suyukli rafiqasi Saida Zunnunova tavalludining 70 yilligi mamlakatimiz boʻylab keng nishonlandi. Odatdagidek opaning yubiley tantanalari ham vodiydan boshlandi. May oylari boʻlsa kerak, Said Ahmad va qizi Nodiraxon boshchiligida bir guruh adiblar Fargʻonaga kelishdi. Tantanali yigʻilishni oʻtkazish uchun katta majlislar zaliga yigʻildik. Ikki yuz kishilik zalga odam sigʻmay qoldi. Viloyat hokimligi, universitet rahbariyati tabriklaridan keyin menga soʻz berildi. Men avval isteʼdodli adiba Saida Zunnunovaning ijodi, asarlarining oʻziga xosligi, ularda koʻtarilgan muammolarning davr uchun dolzarbligi haqida gapirdim-da, Said Ahmad akaga qarab, soʻzimni bunday davom ettirdim:

    “Said Ahmad aka! Quyidagi gaplarim bilan mabodo koʻnglingizga ozor yetkazib qoʻysam, men nodon ukangizni maʼzur tutgaysiz. Opamiz 50 yoshga kirib-kirmay olamdan oʻtdi. Bu koʻrgulik sizga qattiq taʼsir qildi. Avvalo, siz bilan Saida opamning bir-biringizga boʻlgan mehr-muhabbatingiz, vafo-sadoqatingiz hali biror joyda yozilmagan doston, aytilmagan qoʻshiq, yoshlar uchun buyuk ibrat maktabi ekanini hayqirib aytgim keladi. Mana, 20 yildirki, suyukli mahbubangiz ruhini shod etib, tanho yashab kelayotirsiz. Erkak kishiga oson emas. Saida opamning oʻzi vafodorlikning tirik maʼbudasi edi. Unga bagʻishlangan xotira-essengizdan bilishimcha, Saida opa boshiga ne-ne ogʻir kunlar tushsa ham sevgi uyining ostonasini pokiza saqlab, sizni kutgan. Shoira opamiz sheʼrlaridan birida bejiz bunday yozmagan edi:

    Xiyonat, gʻiybatni bilmadim sira,

    Nodonlik yoʻliga qoʻymadim oyoq.

    Ishqim boʻlsin dedim nurdek pokiza,

    Balki shuning uchun sochimdagi oq.

    Ha, Saida opa ishqini nurdek pokiza asrab oʻtdi. Siz ham vafo-sadoqatda u kishidan qolishmaysiz. Agar men haykaltarosh boʻlganimda, vafodor erkak timsolini hech ikkilanmasdan sizning qiyofangizda yaratgan va uning poyiga mana bu satrlarni yozib qoʻygan boʻlardim”, dedim-da, sheʼrimni oʻqib berdim:

    Bir yigit umrini yashadim sensiz,

    Goho sharbat ichib, goh zaqqum yutib.

    Sochlarim oqardi, qaddim bukildi,

    Ishqimni nur kabi pokiza tutib...

    Xiyonat neligin bilmagay xilqat,

    Koʻzimda nur borki, seni kutaman.

    Hayotim yoʻlini yoritgan chiroq

    Oʻzingsan, bir umr intiq oʻtaman!

    Ovozim titragancha oʻqib boʻlib, Said Ahmad akaga qaradim-u, boʻgʻzimga nimadir tiqilgandek boʻldi. Adibning koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan edi!

    Soʻzimni tugatib, joyimga qaytayotganimda u oʻrnidan turdi va menga qarab, “Yoʻldoshali! Shu sheʼringni menga bergin”, dedi. Men bajonu dil mashinkada yozilgan nusxani ustozga uzatdim. Bilmadim, bu sheʼr uning arxivida saqlanganmi-yoʻqmi, lekin men Said Ahmad aka 85 yoshga kirishi munosabati bilan xat shaklida hazil-mutoyiba aralash yozilgan tabriknomamda hamda “Men sizdan saboq oldim” kitobimda “Nazaringizga tushganimdan baxtiyorman” sarlavhasi ostida eʼlon qildim.

    Mening “XX asr 80-90-yillari oʻzbek nasrida badiiy nutq poetikasi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyamning tadqiqot obyektlaridan biri Said Ahmadning “Jimjitlik” romani edi. Bu roman 80-yillarda boshlangan boʻlsa ham zamon oʻzgarishi tufayli oʻn yil mobaynida qayta-qayta ishlandi. Chunki unda koʻtarilgan mavzu va muammo oʻta dolzarb va nozik edi. Bundan tashqari, romanda oʻsha davrning mashhur shaxslari asosiy qahramon qilib olingan edi.

    Said Ahmad ushbu romanida tom maʼnodagi psixolog-adib sifatida namoyon boʻlgan. Yozuvchi qahramonlarining ruhiy dunyosini ishonarli ochish uchun koʻproq tashqi unsurlarga – narsa va predmetlar ishtirokiga alohida eʼtibor beradi. Personaj atrofidagi tabiat, narsa va buyumlar, interyerlar koʻrinishi, joylashuvi, tasviri orqali qahramonning ichki dunyosiga chuqurroq kirib boraveradi...

    Shu jihat meni xotirjam qiladiki, dissertatsiyamda adib asariga oid ilmiy qarashlarimni oʻziga oʻqib berib, munosabatini soʻraganimda, “Mana shu joyini juda topibsan-da, barakalla! Tagʻin maqtaganim uchun burning koʻtarilib ketmasin”, degandi. Oʻzi Said Ahmad aka bilan qadrdon aka-uka boʻlishimizga burundoshligimiz sabab boʻlgan. Akamiz “Oʻzbekistonda uchta goʻzal bor. Birinchisi– men, ikkinchisi – sen, uchinchisi – Anvar Obidjon. Hech qaysi xalq adabiyotida bunaqa uchta goʻzal inson yoʻq. Rus adabiyotida bitta Gogol bor, shuning uchun yakkaligidan koʻngli oʻksib, suratga boshini egib tushgan. Senlar boshingni (burningni emas!) baland koʻtarib yurlaring. Mendek akang bor!” deb ragʻbatlantirardi.

    Said Ahmad 60 yoshga kirishi munosabati bilan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi unvoni berildi. 1984-yilda Fargʻonaga kelganida, biz yana bir tadbir oʻtkazib, yozuvchini kafedramizning faxriy professorligiga qabul qildik. “Ana, aka, sizni oʻzimizniki qilib oldik”, deb maqtandim. Keyin Toshkentga borganimda koʻrishib qolsak, “Aka, oyligingiz toʻplanib qoldi. Qachon borib olib kelasiz?” derdim. “Toʻlanmaydigan oylikni senga berdim, ukam. Oʻsha oylik hisobidan har kelishingda Choʻngʻara devzirasidan obkesang boʻldi”, deb hazillashardi.

    Aytib qoʻyishim kerakki, Said Ahmad Doʻrmondagi uyida qanchadan-qancha shogirdlariyu, oshna-ogʻaynilarini oʻzi damlagan palov bilan mehmon qilgan. Fargʻonaga borsa, Choʻngʻara devzirasidan, Andijonga kelsa, Oʻzganning qoraqiltirigʻidan moʻl-koʻl olib, oʻzi koʻtarib kelardi. Huzurini esa boshqalar koʻrardi. Ularning yayraganini koʻrib, akamiz huzurlanardi.

    Shaxsiy kutubxonamda Said Ahmadning hamma kitoblari bor. Ularning aksariyatiga yozuvchi oʻz qoʻli bilan kula-kula dastxat yozib bergan. Ulardan ikkitasi men uchun, ayniqsa, qadrli. Mana, shulardan birinchisi: “Yoʻldoshali! Siz bilan burundosh boʻlganimdan baxtiyorman!” Imzo. 8.05.1980 (“Ufq” romaniga yozilgan). “Toshlarda qotgan hayrat” kitobiga yozilgan dastxat esa ustozimning menga bergan yuksak bahosi va buyurtmasi deb bilaman: “Yoʻldoshali ukam! Katta-katta, qalin-qalin kitoblaringizni koʻrib, quvonib yuray. Siz adabiyotimizning bir fidoyi, jonkuyar qalamkashisiz. Iloyo, xudo sizga katta omad bersin. Omin!” Imzo. 18.X1.2006.

    Vafotidan atigi bir necha oy oldin bildirilgan bu tilak zimmamga katta masʼuliyat yuklaydi. U har doim tirikdek, meni kuzatib, “Nima qilyapsan? Yozyapsanmi?” deb soʻrayotgandek tuyilaveradi. Men hayot ekanman, mehribon ustozimning xotirasi qalbimdan hech qachon oʻchmaydi, asarlari singari mangu yashaydi.

    Yoʻldosh SOLIJONOV,

    filologiya fanlari doktori, professor,

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.