Qalb koʻzim asragan haqiqat – Vatan!

    Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulovning “Qizil va yashil” asari taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzolari, taniqli yozuvchilar, adabiyotshunoslar – Erkin Aʼzam, Abdusaid Koʻchimov, Qulmon Ochil, Abduqayum Yoʻldoshev, Nurboy Jabborovlar soʻzga chiqib, muallifning ijodiy faoliyati hamda u tilga olgan mavzularning milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimizga uygʻun oʻzgacha rhiyati borligini alohida taʼkidlashdi.

    Yozuvchi Mamatqul Hazratqulovning hikoya va qissalarida ziddiyat koʻpincha zohiriy emas, botiniy boʻladi. Qahramonlar asosan bir-biri bilan emas, balki oʻz-oʻzi bilan kurashadi. Bu maʼnaviy-maʼrifiy kurashlar zamiridagi nozik hissiyotlar har qanday kishi qalbini larzaga soladi: “O, sehrli kuy! Necha asrlardan buyon qancha-qancha odamlarning yuragini zirqiratasan? Ne-ne toshbagʻirlarni mumday eritmading! O, buyuk xalq! Ona xalqim! Sening betimsol dahongga taʼzim! Ming bor tasanno! Shu kuylaring, shu sehrkor moʻjizalaring boʻlmaganda, farzandlaring ham shu qadar muloyim, odamoxun, bagʻri keng boʻlarmidi! Ming bor qulluq senga, ona xalqim!” deydi yozuvchi “Choʻli Iroq” nomli hikoyasida.

    Yangi kitobda yozuvchi Mamatqul Hazratqulovning turli yillarda yozilgan asarlaridan saralab olindi. Ularda yoshlarning joʻshqin muhabbati, visol lazzati-yu, inson hayotida duch keladigan sinovlar, ularni yengib oʻtish yoʻllari haqida hikoya qilinadi.

    – Xayolimdan oʻtkan, qalb koʻzim bilan koʻrib turgan voqealarni kitobxonlar bilan boʻlishgim keldi, – dedi muallif Mamatqul Hazratqulov. – Albatta, asarda keltirilgan voqelarni oʻz hayotimdan bir tomchidir, deyish mumkin. Ular batafsil yoziladigan boʻlsa, necha jildlik kitob boʻladi. Hozircha shular bilan kifoyalanaylik.

    Kitob avvalida adibning bolalik yillari, katta hayotga, jurnalistika va adabiyot olamiga kirib kelishidagi qiyinchiliklari toʻgʻrisida uning oʻzi bitgan soʻzboshi berilgan. Unda “Choʻli iroq”, “Yomgʻir hidi”, “Sogʻinch”, “Qizil va yashil” kabi hikoyalar va “Intizor”, “Eshiklar ochiq”, “Bir tilim qovun”, “Mehr koʻp koʻrguzdim...” qissalari oʻrin olgan.

    Ushbu kitob “Gʻafur Gʻulom” nashriyotida chop etilgan boʻlib, unga Habib Abdunazar muharrirlik qilgan. Eshitganmisiz, insonning koʻngli qarimaydi, degan gap bor. Darhaqiqat, odam bolasi oʻzini doimo yoshday his qiladi. 75 yoshni qarshilagan muallif ham asar orqali bosib oʻtgan umr yoʻllariga nazar soladi. Undagi mashaqqatlar, rohat-farogʻatlar, oʻrinli-oʻrinsiz bahs-munozaralar, sogʻligu gʻam-tashvishlarni tahlil qiladi.

    Taqdimotda bahs-munorazalar qizgʻin kechdi. Turfa takliflar, iliq fikrlar bildirildi. Umrning oltin faslida taqdim etilgan ushbu asarga boʻlgan eʼtibor va eʼtiroflar yozuvchi koʻnglini togʻdek koʻtardi. U oʻz minnatdorligining izhori anjumanda ishtirok etgan barcha ijodkorlar va adabiyot ixlosmandlariga yangi kitobidan ulashdi.

    Muxtasar TOJIMAMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri