Qalbimiz oftobi hech qachon soʻnmasin!

    Fikr 18 Aprel 2022 2331

    Rejissyor Sarvar Karimovning “Yashin” xususiy telekanali muxbiri bilan “Korrupsiya, oʻzbek kinosining rivojlanmasligi va taʼlim tizimidagi absurd qarashlar haqida” mavzusidagi suhbatiga munosabat bildirishni lozim topdim.

    Dunyoda shunday jannatmakon yurt borki, u yurtda olib borilayotgan har bir harakatning zamirida inson manfaatlarini himoya qilish yotadi. Ha, ana shu muqaddas zamin sezganingizdek, mening, Sizning vataningiz Oʻzbekiston! Bu shukuhli hamda Alloh nazar qilgan yurtda har bir insonning bilim olib, yetuk va komil inson boʻlishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Boshqacha aytganda, inson huquqlari qomusimiz bilan kafolatlab qoʻyilganligi amalga oshirilayotgan ibratli va xayrli ishlarda ham oʻz aksini topmoqda. Olib borilayotgan islohotlar zamirida bitta tamoyil “Inson qadri uchun” gʻoyasi ustuvorlik kasb etmoqda. Ushbu tamoyilning hayotiy haqiqatga aylanayotgani bugun yangi Oʻzbekistonda yashayotgan xalqimizning ertangi kunga boʻlgan ishonchi, hayotdan rozi boʻlib yashashlari uchun qilinayotgan harakatda ham oʻz ifodasini topayotgani hech kimga sir emas. Albatta, Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan islohotlar samarasi ulkan natijalar kasb etayotgani ham hammaga maʼlum boʻlgan haqiqat. Ammo...

    Yurtimizdagi oʻzgarishlarni teran aqli orqali anglay olmaydigan, tor fikrli insonlar bor ekan, biz hamisha ham oʻylagan maqsadimizga erisha olamizmi, biron masala xususida fikr bildirishdan oldin aynan shu masala yuzasidan xolislik tamoyili asosida soʻz aytishga maʼnan haqqim bormi degan savol yuragimizni oʻrtashi yoki oʻzimizni qiynab boʻlsada, ushbu savollarga javob topishimiz kerak emasmi degan mulohazaga bormaymiz?!

    Nega?!

    Biz hammasini bilamizmi yoki barcha amalga oshirilayotgan amaliy ishlardan boxabarmizmi?! Ming afsuski, yoʻq!

    Keyingi paytda ayrim soha vakillari oʻzlari bilmasada, sayoz fikrlar aytib, maʼnaviyat-qalb quyoshimizni xiralashtirishga urinmoqda. Yaqinda “Yashin” xususiy telekanali orqali rejissyor Sarvar Karimovning telekanal muxbiri bilan “Korrupsiya, oʻzbek kinosining rivojlanmasligi va taʼlim tizimidagi absurd qarashlar haqida” mavzusidagi suhbatini koʻrib, toʻgʻrisi maʼnaviyat emas, maʼnaviyatsizlikni targʻib qilayotgan inson qiyofasini koʻrdim. Tabiiyki, ushbu suhbatni koʻrish asnosida tugʻilgan ayrim mulohazalarni maʼnaviyatchi va ijodkor inson sifatida siz bilan boʻlishgim keldi.

    Hurmatli Sarvar Karimov!

    Siz suhbat jarayonida adabiyotimiz rivojlanmagan, bironta tuzuk yozuvchimiz yoʻq deysiz.Siz adabiyotni ichida yurmay turib, bugungi adabiy jarayonda boʻlayotgan oʻzgarishlar xususida maʼlumotga ega boʻlmay, bu tor xulosani qaysi vijdon bilan aytdingiz?! Axir, Siz adabiyot koʻchasiga kirmagan inson dunyo Alisher Navoiy, Z.Boburni oʻqiyotganini, A.Qodiriy romanlari, Choʻlpon sheʼrlari bilan jahon afkor ommasi tanishligini, ularni bilishini qayerdan ham bilardingiz?! Qolaversa, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning sheʼrlari kitob holida Turkiyada turk tilida chop etilib, taqdimoti oʻtkazilganini, sevimli yozuvchimiz Togʻay Murodning asarlarini tarjima qilish uchun 10 ta davlat navbat kutib turganini ham bilasizmi? Yana ham chuqurroq yondoshadigan boʻlsak, bugungi oʻzbek nasrida shoh asarlari bilan nom qozongan Nazar Eshonqul, Ulugʻbek Hamdam, Toʻlqin Hayit, Erkin Aʼzam asarlarini dunyo oʻqiyotganini hamda adabiy jarayonga oʻzgacha ishtiyoq bilan kirib kelayotgan, oʻz uslubini, oʻz yoʻlini topishga intilayotgan umidli ijodkor yoshlarimiz borligini ham bilasizmi?! Oʻzingiz bilmagan soha haqida tor xulosa berishga Sizni nima majbur qildi?!

    Sarvar Karimov janoblari!

    Muhtaram Yurtboshimiz yoshlarimiz, ertamiz egalarining komil inson hamda yetuk mutaxassis boʻlib yetishishlari uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlarni yaratib berayotganidan xabaringiz boʻlsada, bugun uchinchi Renessansni Yoshlar bilan quramiz deb turganlarida, Siz OTMlarida Yoshlar bilan asosiy faoliyatni olib boradigan prorektorlarni ham haqorat qilgansiz(“agar men shunday vazifada ishlasam, oʻzimni ip bilan osardim” deysiz). Unutmang, mana shu Sizning nazdingizda “nima ish qilayotganini bilmaydigan prorektorlar”ga Prezident qarori bilan birinchi prorektor maqomi berilgan. Ular yoshlar maʼnaviyati masalasiga asosiy javobgar sanaladi.

    Keyin yana bir gap, yodingizdan chiqmasinki, har qanaqa shaxs bu lavozimda xizmat qilmaydi. Umrini ilmga, yoshlar tarbiyasiga bagʻishlagan fidoiy, tugʻma maʼnaviyatchilar faoliyat olib boradi. Aytayotgan soʻzlaringizdan taʼlim tizimidan chiqib ketganingiz bois, nafratning hidi keladi. Siz ularning bir kun davomida bajaradigan ish tartibi bilan tanishib koʻrganmisiz?! Ularning faoliyatini masshtabi qanchalik kengligini tasavvur ham qila olmasangiz kerak. Soʻzingizning boshlanma qismida inson kamolotida muhim rol oʻynaydigan fanlar milliy istiqlol gʻoyasi, maʼnaviyat asoslari, odobnoma kabi fanlarni safsata deysiz. Siz shu fanlarni oʻqimaganingizda bugun shu joygacha yetib kelarmidingiz?! Yoki hamma oʻrinda ham maʼnaviyati tor, jamiyat mafkurasini anglamaydigan insonlarni fikri muhim deb oʻylaysizmi?! Ne-ne zamonlar boʻldiki, Siz uchun “safsata” boʻlib tuyulgan fanlarni oʻqigan yurtning asl farzandlari Vatan uchun jon olib, jon berishgan. Ha,aytgancha, Siz javobini qidirib, keyinchalik, zoʻrgʻa topgan maʼnaviyatning nima ekanligi haqida “Dunyoning ishlari” asarida oʻzbek onalarining betimsol siymosini gavdalantirgan, sevimli yozuvchimiz Oʻtkir Hoshimov javobni allaqachon yozib qoʻyganlar: “Odamzod, nima uchun kaftdek hovlisiga gul ekadi? Undan koʻra sholgʻom eksa, qozoniga tushadi-ku?! Nima uchun osmonda charaqlab yotgan yulduzlarni koʻrib, koʻngli zavqqa toʻladi?! Axir, yulduzlar uning hamyonidagi tillalar emas-ku?! Odamzod, nima uchun kitob oʻqiyotib, suyukli qahramoni oʻlib qolsa yigʻlaydi? Axir, uni yozuvchi ”ichidan toʻqib chiqargani“ni biladi-ku?! Odamzod, nima uchun oʻzga yurtlarga borib behisob mol-dunyo orttirsa-yu, bolaligi kechgan kulbasi yodiga tushib, tuni bilan yigʻlab chiqadi? U axir koshona qasrda yashaydi-ku?! Odam, nima uchun bolasining boshida alla aytadi? Yoki, goʻdak alla eshitmasa uxlamaydimi? Odamzod, nima uchun nabirasini yetaklab, necha zamon avval oʻtib ketgan bobosining qabrini ziyorat qiladi?! Axir, marhum ularni koʻrmaydi-ku?! Gap shundaki, odamzodni hayvonotdan ajratib turadigan chegara bor. Bu chegaraning nomi ”MAʼNAVIYAT“ deb ataladi”.

    Ushbu yozuvchimizning asarlari ham yaqinda tojik tiliga tarjima qilinib, kitobxonlar eʼtiboriga havola qilindi. Bu yangilikdan ham xabaringiz boʻlmasa kerak. Aytgancha, yana bir gap, siz maʼnaviyatimizning asl sarchashma namunalarini yaratib ketgan ulugʻ bobolarimiz, allomalarimiz ham borligini bilasizmi?! Aminman, asarlari xususida maʼlumotga ega boʻlmasangiz ham hech boʻlmasa mutafakkirlarimiz nomini sanab bera olasizmi?! Axir dunyo ahlini hayratga solgan Renessans hodisasi Sharqda yuz berganku!

    Hurmatli Sarvar Karimov janoblari!

    Siz suhbat chogʻida “talabaga yosh bolaga qaraganday qarashni toʻxtatish kerak, ota-onalar majlisini qilish kulguli” degan soʻzlarni aytasiz. Endi doʻppini olib oʻylab koʻring, bugun dunyo shiddat bilan rivojlanayotgan damlarda biz ertamiz egalarining taqdiriga befarq boʻla olamizmi?! Axir, dunyoda eng yomon illat- befarqlik balosiku! Taʼlim tizimida faoliyat koʻrsatib kelayotgan ziyoli sifatida tarbiya uchun nafaqat ota-ona barchamiz masʼulligimizni unutmasligimiz kerak deb oʻylayman.

    Hayotda shunday damlar boʻladiki, yoshlar oliygohga oʻqishga kiradi. Kunlar, oylar yillar oʻtadi.Baʼzi ota-onalarimiz farzandi taqdiriga befarq, qayerda yashayapti? Kimlar bilan doʻst?! Darsdan keyin nima bilan shugʻullanadi? Bu savollarni oʻzlariga berishmaydi, toʻgʻrirogʻi qiziqishmaydi. Shunaqa paytda ota-ona tarbiya qilsin kerak boʻlsa deb ustoz befarq qarab turishi toʻgʻri boʻladimi? Oʻshanda ustoz ayniqsa, fidoiy ustoz boʻlsa, qilayotgan mehnatidan rozi boʻladimi?! Yoʻq, aslo!!! YANA BIR BOR AYTAMAN, TARBIYA UCHUN BARCHAMIZ MASʼULMIZ!!! Ota-onalar majlislarini oʻtkazilishi toʻgʻri holat deb qabul qilish kerak. Siz taʼlim tizimi korrupsiyaga botib ketgan soha degan fikrni ham bildirgansiz. Shuni bilingki, besh qoʻl barobar emas, buni bilish uchun uzoqqa borish shart emas, qoʻlingizga qarasangizgina yetarli janob! Ayrim insonlarni deb, butun tizimni yomonotliq qilishga, qolaversa, kechagi kunga tosh otishga ham maʼnan haqqingiz yoʻq. Hech boʻlmaganda, Chirchiq, Nukus davlat pedagogika institutlari, Urganch davlat universitetining soha prorektorlari bilan yarim soatgina suhbat qurishingizni tavsiya etaman.

    Siz ochiq bildirmasangizda, mustaqillikka erishilgandan keyingi 2016-yilgacha boʻlgan davrdan norizoligingizni ifoda etib qoʻygansiz. Va 2016-yildan keyingi hayotimiz yaxshi edi deysiz.

    Sarvar Karimov janoblari!

    Kechagi kunning har bir oni, har bir soniyasi tarix. Tarixga tosh otishga esa hech kimning haqqi yoʻq. Qolaversa, tarixini, oʻtmishini bilmagan xalqning kelajagi boʻlmaydi degan soʻzni ham oʻqib qoʻysangiz nihoyatda foydali boʻlar edi. Siz uyalmay netmay biz qullik ramzini gerbiga olib chiqqan xalqmiz deysiz. Ertak qahramonini oldiga qoʻyganmiz deysiz. Shuni unutmang, biz mustaqillikka chetiga gul qoplab qoʻyilgan yoʻldan osongina yurib borganimiz yoki qoʻlga kiritganimiz yoʻq. Millatimiz asl farzandlarining buning uchun qoni toʻkilgan. Mustaqil davlatning davlat ramzlari boʻlishini, uning qanday qabul qilinganini aql bilan oʻylab koʻrib, anglarsiz degan umiddaman. Kezi kelganda aytishni istardim, Siz “kinoga tarbiya instrumenti sifatida qaramaslik kerak, kino toʻgʻrisidagi farmoyishda mana shu joylari notoʻgʻri ketgan” deysiz. Sanʼat, adabiyot, teatr, kino inson tarbiyasida muhim rol oʻynaydi. Kino ham sanʼat. Albatta, uning ham tarbiyalovchi xususiyati bor. Yuqorida bejizga Oʻtkir Hoshimovning soʻzlarini keltirmadim. Inson maʼnaviyatini yuqori nuqtaga koʻtarishda kino sanʼatining ham oʻrni juda katta. Agar men sizning oʻrningizda boʻlsam, berilgan savollarga javobni ming oʻylab, tor javoblarni aytishdan oldin toʻxta meni oʻzim Vatanga nima berdim deb oʻylab koʻrardim. Kino sohasining rivojiga qanchalik hissa qoʻshdim degan savol yuragimni tirnardi. Afsuski, Siz soʻzingizda jillaqursa Shuhrat Abbosov nomini ham tilga olmaysiz. Goʻyoki, sizning nazaringizda hech narsa va hech kim yoʻq!

    Sarvar Karimov! Siz aslida gʻururlanishingiz kerak edi, qon qoniga milliy urf-odatlari, qadriyatlariga hurmat ruhi singigan buyuk millatning vakili ekanligingiz uchun. Siz boshqa tomondan ketishni afzal bilasiz. Sizning qalb quyoshingiz xiralashgan boʻlsa, boshqalarning ham qalb quyoshi xiralashishiga sababchi boʻlmang!

    Davlatimiz rahbari “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir” deganlarida ming bora haq edi. Rostdan ham bugun qaysi masala, ijtimoiy maʼnaviy muhitmi, yoshlar masalasimi yoki boshqa sohami barcha barchasida maʼnaviyatning oʻrni beqiyos ekanligini eʼtirof etmogʻimiz kerak. Maʼnaviyat-qalbimiz quyoshi. U boʻlmasa, inson qalbini qanday anglaymiz? Koʻngilning ehtiyoji boʻlgan maʼnaviyat bor ekan, biz hamisha koʻzlagan maqsadimizga erishib kelamiz. Boshqacha aytganda, inson qalbiga boradigan yagona yoʻl maʼnaviyat orqali barchasini anglaymiz. Baski, shunday ekan, qalbimiz oftobi hech qachon soʻnmasin!

    M.BOTIROV

    FarPI birinchi prorektori