Unda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov boshchiligidagi bir guruh ulamolar, imom-xatiblar, faxriy domlalar va mahalla faollari ishtirok etdi, deya xabar beradi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.
Tadbir avvalida Qurʼoni karim oyatlari tilovat qilinib, Muftiy yaxshi niyat va duolar bilan jome masjid poydevoriga tamal toshini qoʻydi.
Masjid oʻtgan asrning 90-yillarida 500-600 kishiga moʻljallab qurilgan. Mahallada aholi sonining ortgani bois mahalla faollari va mutasaddilar bilan kelishgan holda masjidni qaytadan qurilmoqda. Buzish ishlarini oʻtgan yilnin avgustida boshlagan boʻlsa, masjid kelgusi yil oxirlarida ishga tushishi koʻzda tutilmoqda.
Masjid milliy meʼmorchilik yoʻnalishida qurilayotgan boʻlib, 6000 namozxonga moʻljallanmoqda. Aholiga qulay boʻlishi uchun zamonaviy qurilish ashyolariyu jihozlardan foydalanishga harakat qilinmoqda.
Kelgusida masjidda keng va yorugʻ xonaqoh, ayollar uchun alohida namozxona, tahoratxona, 35 metrli minora, kutubxona, alohida majlislar zali, sartaroshxona, avtoturargoh, kitob doʻkoni va shu kabi bir qator qulayliklarga ega majmua barpo etiladi.