Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarining roli qanday?

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarining rolini tahlil qildi.

    Bugun Oʻzbekistonda 5,5 milliondan ortiq oila oʻz tomorqa xoʻjaligiga ega. Ularning ixtiyorida 505 ming gektardan ortiq yer mavjud. 2024-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, dehqon va shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarida 12,8 million boshdan ortiq yirik shoxli qoramol (jami soniga nisbatan 90,8 foiz), 18,7 million bosh qoʻy va echki (77,5 foiz) mavjud.

    Oʻzbekistonda tomorqa xoʻjaliklari MDH davlatlari, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan solishtirganda muhim afzalliklarga ega. Iqlim sharoitining oʻxshashligiga qaramasdan, tomorqa xoʻjaliklarining rivojlanish darajasida tafovutni koʻrish mumkin.

    MDH davlatlararo statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda mustaqil ravishda band boʻlish (shu jumladan tomorqa xoʻjaliklari) tufayli olinadigan daromad ulushi 2022-yilda Qozogʻistondagidan 4,2 barobar, Qirgʻizistondagidan 2,4 barobar va Tojikistondagidan 1,7 barobar koʻp boʻlgan.

    Tahlillar 2023-yilda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari umumiy hajmining 63,1 foizi dehqon va tomorqa xoʻjaliklarining hissasiga toʻgʻri kelganini koʻrsatdi. Shundan dehqonchilik mahsulotlarining ulushi 37,9 foizni, chorvachilik mahsulotlarining ulushi esa 88,4 foizni tashkil etgan.

    Yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tarkibida tomorqa xoʻjaliklari ulushining eng yuqori darajasi Navoiy (72,0 foiz), Xorazm (68,3 foiz), Surxondaryo (67,1 foiz) va Toshkent (66,9 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

    2023-yilda yetishtirilgan dehqonchilik mahsulotlari tahlili sabzavotlarning 59,9 foizi, kartoshkaning 69,9 foizi, poliz ekinlarining 39,8 foizi, meva va rezavorlarning 51,4 foizi, uzumning 52,4 foizi dehqon va tomorqa xoʻjaliklarida yetishtirilganini koʻrsatdi. Chorvachilik mahsulotlari boʻyicha esa yetishtirilgan goʻshtning 84,9 foizi, sutning 92,8 foizi, tuxumning 57,9 foizi va junning 82,1 foizi ushbu xoʻjaliklar hissasiga toʻgʻri keldi.

    Hududlar kesimida dehqon va tomorqa xoʻjaliklarida goʻsht yetishtirish boʻyicha eng yuqori ulush Qashqadaryo viloyati (94,8 foiz), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (94,6 foiz) va Jizzax viloyatida (94,3 foiz) kuzatildi. Mazkur toifadagi xoʻjaliklarda sut ishlab chiiqarish boʻyicha eng yuqori ulush Jizzax (96,4 foiz), Surxondaryo (96,1 foiz) va Qashqadaryo (96,0 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

    Mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda dehqon va tomorqa xoʻjaliklarning oʻrni katta ekani inobatga olingan holda bu yoʻnalishda davlatning qoʻllab-quvvatlashi kuchaytirildi. Ayniqsa, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalari koronavirus pandemiyasi davrida inqirozga qarshi iqtisodiy va ijtimoiy dasturlarga kiritildi.

    “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida bundan keyin ham dehqon xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash belgilangan. Shunga koʻra, dehqonlarga sugʻurta mukofotining 50 foizini subsidiyalash tizimini joriy etish, shuningdek, barcha subsidiyalarni “Agrosubsidiya” yagona platformasi orqali “bir qadam” tamoyili asosida berish rejalashtirilgan. Bunda aholi daromadlari va bandligini taʼminlash dehqon va shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlashdagi eng muhim mezonlar boʻladi.