– Infratuzilma muammolarini 3 mingga yaqin tadbirkor koʻtargan. Masalan, Sirdaryoda “Guliston gold yarn” korxonasi uzoq muddatdan beri elektr tarmogʻiga ulana olmagan. Vaholanki, ishlab chiqarish asbob-uskunalari va oʻz hisobidan transformatorgacha olib kelgan. Unga ozgina yordam berilsa, korxona 600 ta yangi doimiy ish oʻrinlari yaratishga tayyor.

Shuning uchun, birinchidan, kelgusi yil 1-yanvardan boshlab, qiymati 200 milliard soʻmga teng loyihalar boʻyicha elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yoʻl infratuzilmasini yetkazib berish toʻliq davlatning zimmasida boʻladi. Bu imtiyoz, hozirgi kungacha faqatgina 50 million dollardan oshadigan xorijiy investorlar loyihalariga qoʻllanib kelinmoqda.

Ikkinchidan, kelgusi 2 yilda respublika boʻyicha qoʻshimcha 200 ta sanoat zonalari tashkil etiladi. Ularning har biriga kamida 15 ta korxonani joylashtirish moʻljallanib, elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yoʻl infratuzilmasi yetkazib berish toʻliq davlatning zimmasida boʻladi.

Ushbu maqsadlar uchun, kelgusi yilda byudjetdan 2 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi.

Qoʻchqorov, Umurzoqov viloyat hokimlari bilan birga 1-noyabrga qadar sanoat zonalarining joylashuvi va aniq loyiha takliflarini tayyorlasin.

Bu choralar hududiy sanoat ulushi ancha past boʻlgan Surxondaryo, Buxoro, Xorazm, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi ayrim tumanlar uchun juda katta imkoniyat yaratadi.

Uchinchidan, elektr energiyasidagi uzilishlar koʻpchilik tadbirkorlarimizni bezovta qilayotgani ham, ayni haqiqat. Bu masala boʻyicha har bir tuman, shahar va mahalla kesimida alohida dasturlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yil 1-noyabrgacha 4 mingta transformatorni almashtirish, 35 ta podstansiya, 15 ming kilometr tarmoqlarni yangilash ishlari yakuniga yetkaziladi.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun, joriy yilning oʻzida ilk bor 3 trillion soʻm mablagʻ ajratganmiz.

Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish maqsadida tariximizda ilk bor bu sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va xususiy biznes kirib keldi. Natijada shu yil yakuniga qadar toʻliq xususiy investitsiyalar hisobiga umumiy quvvati 1 ming 800 megavatt boʻlgan 8 ta issiqlik va quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

Energetika vazirligi kelgusi yillarda bu kabi loyihalarni keskin koʻpaytirib 2023-yilga qadar elektr energiyasi boʻyicha qoʻshimcha ishlab chiqarish quvvatlarini 4 ming 400 Megavattga oshirishi shart.

Toʻrtinchidan, elektr tarmoqlariga ulanishdagi jarayonlarning murakkabligi, muddatlar uzoqligi va xarajatlar yuqoriligi tadbirkorlarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.

Masalan, isteʼmolchilarning 75 foizi 20 kilovattgacha quvvatli elektr ishlatadigan kichik sexlar, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari hisoblanadi. Lekin, ularga ham xuddi yirik korxonalar bilan bir xil talablar qoʻyilgan.

Misol uchun, oddiy savdo doʻkonini elektr tarmogʻiga ulash uchun 4 ta bosqichdan oʻtish, 7 million soʻm xarajat va bunga kamida bir oy vaqt talab etiladi.

Energetika vazirligi tomonidan kelgusi yil boshidan ushbu masalada yangi, qulay tizim joriy etiladi. Bunda elektr tarmogʻiga ulanish toʻliq elektron platformaga oʻtkaziladi va barcha jarayonlar bir bosqichga tushiriladi.

Tadbirkorlarni elektr tarmogʻiga ulash muddati 20 kilovattgacha boʻlgan quvvatlar uchun – 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi.

Agar elektr taʼminoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa, ular tadbirkorlarga kompensatsiya toʻlaydi. Ushbu ishlar Davlat xizmatlari markazlari orqali tashkil etilib, muntazam nazorat qilib boriladi.

Umuman, tadbirkorlarni kerakli hajmda energiya resurslari bilan taʼminlash masʼuliyati va javobgarligi Energetika vazirligi zimmasiga yuklanishini qonun bilan mustahkamlab qoʻyamiz.